Ali Ashur: Andijondan juda katta taassurotlar bilan qaytyapman. Odamlari, shahar, mamlakat, taomlari, hammasi menga juda manzur boʻldi
“Andijon” - “Al-Xaldiya (0:0) uchrashuvidan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida dastlab mehmonlar bosh murabbiyi Ali Ashur qatnashdi.
- Oʻyindan oldingi rejamiz boʻyicha yaxshi natija qayd etishimiz kerak edi. Bugun ikki ochko yoʻqotdik, deb ayta olaman. Oʻyin durang bilan tugadi va ikkala klub bir ochkodan qoʻlga kiritdi. Menimcha, bu natija adolatli boʻldi. Boshidan oʻyinni yaxshi tashkil qilishga harakat qildik. Toʻpni nazorat qildik. Maydon markazida ham nazoratni qoʻlga olishimiz kerak edi. Lekin doim ham biz oʻylagan reja ish bermaydi. Maydon markazida biroz nazoratni yoʻqotdik. Birinchi boʻlimda “Andijon”ning 23-raqamli futbolchisi bizga katta xavf tugʻdirdi. Qanotlardan tezkorlik bilan jarima maydonchamizga yorib kirishga harakat qildi. Bu esa bizga katta muammolar tugʻdirdi. Tanaffusda futbolchilarimga qanotlarda extiyotkor boʻlib oʻynashlarini uqtirdim. Chunki oʻsha qanot xavf tugʻdirayotgandi. Shuning uchun ikkinchi taymdagi oʻzgarish orqali qanotni yopishga harakat qildik. Umuman olganda, bizda ham, raqibda ham imkoniyatlar boʻldi. 0:0 hisobidagi durangdan ikkala jamoa ochko oldi.
- Jamoangiz birinchi boʻlimni 30-daqiqasigacha tashabbusni qoʻlga oldi. Undan keyin ancha susayish paydo boʻldi. Bu nima bilan bogʻliq?
- Dastlabki daqiqalarda eʼtiborimizni raqib jarima maydoniga qaratgandik. Futbolchilar gol urishni juda istashdi. Bu yarim himoyadagi kichkina xatolar. Ular qanotlardan xavfli hujumlar uyushtirishga tushganida bundan futbolchilarimiz biroz esankirab qolishdi. Xato qilmaslik, yarim himoyadan raqibni oʻtkazib yubormaslik haqida koʻproq oʻylab qolishdi. Birinchi boʻlimni oxirgi 15 daqiqasi aynan mana shunday holatda oʻtdi. Tanaffusdan keyin shu jihatni koʻproq yopishga harakat qildik.
- Oʻyindan oldingi matbuot anjumanida “Andijon”ni yaxshi oʻrganganingiz haqida aytib oʻtgandingiz. Uchrashuvda “Andijon” ancha tajovuzkor oʻyin koʻrsatdi. Raqib siz kutgandek koʻrindimi?
- Oʻyindan oldin aytganimdek, yana qaytarishim mumkinki, jamoada yaxshi murabbiy va yaxshi futbolchilar bor. Ha, uchrashuvdan avval ularni shunday oʻyin koʻrsatishlarini kutgandik. Bunday maydon, bunday muhit va muxlislar qarshisida yaxshi oʻyin koʻrsatishga harakat qilishadi. Sababi, ishqibozlaridan pozitiv energiya olishadi. Bizga qiyin boʻlishini bilgandik. 23-raqamli oʻyinchisi va jamoa sardori - 18-raqamli futbolchisi juda yaxshi oʻyin koʻrsatishdi. Murabbiyni ularni almashtirib yuborgani menga biroz syurpriz boʻldi. Lekin ularni oʻrniga maydonga tushganlar ham yaxshi harakat qilishdi. Oʻynchilarim soʻnggi daqiqalarda raqibga imkoniyat bermaslik haqida oʻylashdi.
- 5-noyabr kuni endi “Al-Xaldiya” “Andijon”ni qabul qiladi. Javob uchrashuvida qandaydir oʻzgarish boʻlishi mumkinmi? Umuman, nima kutyapsiz?
- Ungacha 29-oktyabr kuni Qatarda “Al-Ahli”ga qarshi oʻyinimiz bor. Bor eʼtiborimiz oʻsha uchrashuvga qaratiladi. 5-noyabr kungi boʻladigan oʻyinga kelsak, albatta, bu safargisidan farqli oʻyin boʻladi. Bor eʼtiborimizni esa undan oldinga bahsga qaratib turamiz.
- “Andijon” muxlislari va “Bobur arena” stadioni sizga qanchalik yoqdi?
- Albatta, muxlislar menga juda yoqdi. Umuman, ishqibozlarni yoqtiraman. Maydon holati va stadion ajoyib. Andijondan juda katta taassurotlar bilan qaytyapman. Odamlari, shahar, mamlakat, taomlari, hammasi menga juda manzur boʻldi. Xudo xohlasa, jamoa Bahraynga borganda biz ham xuddi shunday kutib olishga harakat qilamiz.