locale OZ

Ser Aleks Fergyuson Maurisio Pochettinoni «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi sifatida ma’qullagan

Maurisio Pochettino «Manchester Yunayted» bosh murabbiyligiga kirishar ekan, klub afsonasi Ser Aleks Fergyuson bilan uchrashib, suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi.
Futbol
Ser Aleks Fergyuson Maurisio Pochettinoni «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi sifatida ma’qullagan
photo: gettyimages

Maurisio Pochettino «Manchester Yunayted» bosh murabbiyligiga kirishar ekan, klub afsonasi Ser Aleks Fergyuson bilan uchrashib, suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Argentinalik mutaxassis shotlandiyalik murabbiyni o‘zi uchun katta namuna deb biladi.

Pochettino juma kuni «Manchester Yunayted»ning yangi bosh murabbiyi sifatida rasman e’lon qilindi. U bir kun avval iste’foga chiqarilgan Maykl Kerrikning o‘rnini egalladi. O‘sha paytda mankunianliklar Angliya Premyer-ligasi turnir jadvalining quyi qismida, xavfli hududda borayotgandi.

Biroq argentinalik mutaxassis hali «Old Trafford»dagi ishiga rasman kirishmagan. Klub bayonotiga ko‘ra, Pochettinoga AQSH milliy jamoasi bilan bog‘liq majburiyatlarini, jumladan, Gaitiga qarshi ikkita uchrashuvni yakunlashga ruxsat berilgan.

AQSH milliy jamoasi ushbu bahslarning birinchisida 6:0 hisobida g‘alaba qozonib, KONKAKAF Millatlar ligasi final bosqichiga chiqish uchun muhim qadam tashladi.

AQSH milliy jamoasi boshqaruvidagi so‘nggi uchrashuvlaridan biri oldidan The Telegraph nashriga intervyu bergan Pochettinodan «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi bo‘lishga rozi bo‘lganidan keyin Ser Aleks Fergyuson bilan gaplashgan-gaplashmagani so‘raldi.

«Hali yo‘q, ammo seshanbadan keyin bunday imkoniyat albatta bo‘ladi. Men ko‘p yillar avval ham aytganman va hozir ham shu fikrdaman: Ser Aleks Fergyuson murabbiy, bosh murabbiy, inson va menejer sifatida men havas qiladigan barcha fazilatlarni o‘zida mujassam etgan. Menimcha, u mening qadriyatlarimni ifodalaydi. Men uni juda hurmat qilaman.

Seshanbadan keyin suhbatlashish imkoniyatimiz bo‘ladi. Albatta, vaqt topishim kerak, chunki ishlar juda tig‘iz bo‘ladi. Ammo imkoniyat tug‘ilsa, u bilan albatta gaplashaman», — dedi 54 yoshli mutaxassis.

Pochettino va Fergyuson o‘rtasidagi yaqin munosabatlar

Pochettino va Ser Aleks Fergyuson 2016-yildan buyon yaqin aloqada bo‘lib keladi. Ularning dastlabki uchrashuvi esa 2012/13-yilgi mavsumda, «Manchester Yunayted» «Sauthempton»ni «Old Trafford»da qabul qilgan paytga to‘g‘ri kelgan.

Garchi o‘sha uchrashuvda Pochettino boshqaruvidagi «Sauthempton» mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, jamoaning o‘yini Fergyusonda katta taassurot qoldirgan.

«Dastlabki 30 daqiqada ajoyib o‘ynadik. Ammo ikkinchi bo‘limda “Sauthempton” bu mavsumda stadionimizga tashrif buyurgan jamoalar orasida eng yaxshi futbol namoyish etdi. G‘alaba qozonishimizda omad ham yordam berdi», — degan edi Fergyuson 2013-yil yanvarida BBC Sport nashriga.

2016-yilda esa Britaniya parlamenti a’zosi, «Tottenhem» vakili Devid Lammiy xayriya tadbirlaridan birida Fergyuson bilan bo‘lgan suhbat haqida so‘zlab bergan.

«Sizlarga bir sirni aytaman. Taxminan olti hafta avval xorijdagi bolalar futbolini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan kechki ovqat tadbirida Aleks Fergyuson bilan yonma-yon o‘tirgan edim.

U menga: “Menimcha, sizlarda Premyer-ligadagi eng yaxshi murabbiy bor”, dedi. Bu gaplarni aynan Aleks Fergyuson aytgan», — deya eslagan edi Lammiy.

Endilikda Pochettino «Manchester Yunayted»dagi yangi faoliyatini boshlash arafasida. Uning Ser Aleks Fergyuson bilan uchrashuvi va tajribali mutaxassisning maslahatlari yangi murabbiy uchun alohida ahamiyat kasb etishi mumkin.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting