Dida: «Ronaldinyo shoumen, biz esa tarixiy voqeaga guvoh bo‘lyapmiz»
«Milan» va Braziliya milliy jamoasining sobiq darvozaboni Nelson Dida Ronaldinyoning futbolga qaytishini bevosita kuzatish uchun «Ravenna» klubining o‘yiniga tashrif buyurdi. Uning fikricha, braziliyalik afsonaviy futbolchi hamon maydonda tomoshabinlarni hayratga solishga qodir.
46 yoshli Ronaldinyo 2015 yil sentabridan buyon rasmiy uchrashuvlarda maydonga tushmagan. U 2018 yilda faoliyatini yakunlaganini rasman e’lon qilgan edi.
Ko‘rgazmali va xayriya uchrashuvlaridan so‘ng Ronaldinyo yana futbolga qaytishga ko‘ndirildi. U bugun Italiya C Seriyasi doirasida «Ravenna» va «Forli» o‘rtasidagi mahalliy derbi uchrashuvini asosiy tarkibda boshladi. Klub braziliyalik futbolchi bilan qisqa muddatli shartnoma imzolagan, biroq uning jamoa safida yana nechta o‘yinda ishtirok etishi hozircha noma’lum.
Dida Ronaldinyoning qaytishidan xursand
«11 yil davomida futbol o‘ynamaganidan keyin bu yerga shuncha odam kelganini ko‘rish aql bovar qilmaydigan holat. Men bunday imkoniyatga ega bo‘lganidan juda xursandman. Bu tarix, biz hozir tarixiy voqeaga guvoh bo‘lyapmiz», — dedi Dida Sky Sport Italia nashriga.
«Bu noodatiy holat va uning uchun ajoyib tajriba bo‘ladi. Men ham shunday imkoniyatga ega bo‘lishni istardim! U maydonda ham, undan tashqarida ham doimo ajoyib inson bo‘lgan. Shu sababli bunga munosib», — deya qo‘shimcha qildi sobiq darvozabon.
Dida Ronaldinyo bilan «Milan» safida ham, Braziliya milliy jamoasida ham birga o‘ynagan. Shu bois u sobiq jamoadoshining futbolchilik fazilatlarini yaxshi biladi.
«Ronaldinyo haqiqiy shoumen edi. U maydonda aql bovar qilmas ishlarni amalga oshirardi. Hatto «San-Siro»da menga qarshi ham gol urgandi. U futbolni zavq bilan o‘ynardi. Bugun ham unda o‘sha ishtiyoqni ko‘rish mumkin. Afsuski, yillar hamma uchun o‘tadi, ammo uning mahoratidan ayrim jihatlarni hozir ham ko‘rish mumkin», — dedi Dida.
«U «Gremio»da faoliyatini boshlagan paytida biz hali yosh edik. Shunda ham uning to‘pni nazorat qilishi va kutilmagan harakatlari ko‘zga tashlanardi. Menimcha, bu fazilatlar u o‘ynagan barcha jamoalarda saqlanib qoldi. U uchun oson bo‘lgan ayrim ishlarni boshqalar bajarishi deyarli imkonsiz.
Mashg‘ulotlar tugaganidan keyin ham u doimo qolib, men bilan jarima zarbalarini tepishni mashq qilardi», — deya esladi braziliyalik sobiq darvozabon.