Lamin Yamal Fransiyaga qarshi penalti ishlagan vaziyatda qo‘l bilan o‘ynadimi?
Lamin Yamal Fransiyaga qarshi penalti ishlagan vaziyatda qo‘l bilan o‘ynadimi?
Lamin Yamal JCH-2026 yarim finalida Fransiyaga qarshi bahsda Ispaniya terma jamoasi uchun penalti ishladi.
Dallasda bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvda Mikel Oyarzabal 11 metrlik jarima zarbasini aniq amalga oshirib, Luis de la Fuente shogirdlarini hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq bosh hakam Ivan Bartonning qarori atrofida bahsli holat yuzaga keldi.
Lyuka Din Yamalga aniq tegib ketgandek ko‘ringan bo‘lsa-da, Fransiya tomoni bundan avval ispaniyalik vinger qo‘l bilan o‘ynaganini da’vo qildi.
ITV Sport qoidalar bo‘yicha tahlilchisi Kristina Unkel bu fikrga qo‘shilmadi. U salvadorlik hakamning maydondagi qarorini to‘g‘ri deb topdi. Unkel Dinning harakatini ushbu turnirda avvalroq qayd etilgan Harri Keynning Meksikaga qarshi va Luka Modrichning Angliyaga qarshi vaziyatlariga qiyosladi.
— Bu holatni tahlil qilish to‘g‘ri. Aloqa Yamalning yeng qismiga to‘g‘ri kelgan, bu esa qo‘lning bir qismi hisoblanmaydi.
Shu sababli bu vaziyat qo‘l bilan o‘ynash sifatida qayta ko‘rib chiqilmasligi kerak edi. Penalti o‘z kuchida qolishi lozim. Harri Keyn bilan bo‘lgan vaziyatdagi kabi, ular to‘p uchun kurashga kirishishgan, ammo raqibga tegmaslik imkoniyatiga ham ega bo‘lishgan, — dedi Unkel.
Gari Nevil esa Dinning himoyadagi harakatini tanqid qildi va u Yamalning qayerdaligini sezishi kerak bo‘lganini aytdi.
— Ha, — dedi Nevill ITV Sport efirida Dinning Yamalning joylashuviga ko‘proq e’tibor berishi kerakmidi, degan savolga javoban. — Ayniqsa, tashqi tomonda shunday iqtidorli futbolchi turganida, uning qayerdaligini bilish shart. Din avvaliga tanasini yopib oldi, u Yamal qayerda ekanini sezishi kerak edi. Modrich va Keyn bilan ham shunday vaziyat bo‘lgandi. Ammo Din atrofida nima bo‘layotganiga ko‘proq e’tiborli bo‘lishi lozim edi. U Yamalning u yerda turganini umuman sezmagan, bundan bexabar bo‘lgan.