locale OZ

Kamoliddin Tojiyev: O‘tgan o‘yindan oldin maoshlarni to‘lab berishdi

«Paxtakor» klubi ushbu turda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Kamoliddin Tojiyev: O‘tgan o‘yindan oldin maoshlarni to‘lab berishdi
photo: Paxtakor FK
O‘zbekiston Superligasi
21.07.2026, Yak.
Paxtakor Toshkent
2
Xorazm
1

«Paxtakor» klubi ushbu turda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. O‘tgan turda ochko yo‘qotgan «Sherlar» bu safar muxlislarini xursand qila oldi. Garchi «Xorazm»ga qarshi bellashuv qiyin o‘tganiga qaramay, mezbonlar 2:1 hisobidagi irodali g‘alabani qo‘lga kiritishdi.

Bahsdan keyin «Paxtakor»ning ustozi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Bugun o‘yin boshida gol o‘tkazib yuborganimiz baribir ruhiy tarafdan ta’sir qiladi. Keyin o‘zimizga keldik va gol urdik. Yaxshi vaziyatlar yaratdik. Futbolchilar bugun yaxshi harakat qilishdi, oxirigacha kurashishdi, ikkinchi golni ham urdik. Ko‘p imkoniyatlardan foydalana olmadik. Har o‘yin shunday kurashmasak g‘alaba qozona olmaymiz. Bugun barcha futbolchilar oxirigacha kurashib, g‘alabaga erishganimizdan xursandman.

- Ikkinchi o‘yindirki, «Paxtakor»da bosim holati kuzatilyapti. Goldan keyin oldinga o‘tishdan to‘xtab qolyapti, orqaga o‘tib olyapti. Nega bunday bo‘lyapti?

- O‘tgan safar ham 1:0 dan keyin shunaqa bo‘lgandi. Buni ustida yigitlar bilan gaplashib ishlayapmiz. Ruhiy tomonlama ham ish olib boryapmiz. Ularga yotib olinglar demaganmiz. Gol o‘tkazib yuborishdan qo‘rqishyaptimi, bilmayman. Lekin ko‘p uchrashuvlarda shu narsa kuzatilyapti.

- Eshitishimizcha, futbolchilar may oyidan beri maosh olishmayotgan ekan. Agar rost bo‘lsa, bu ham natijalarga ta’sir qilmayaptimi?

- Yo‘q, o‘tgan o‘yindan oldin maoshlarni to‘lab berishdi. Bundan emas. Kimdir jahon chempionatiga bordi, baribir o‘zini charchog‘i bor.

- Oldin transferlar haqida so‘ralganida siz aniq rejalar borligi xususida aytgandingiz. Rejalar qay tarzda bajarildi yoki yana yangi transferlarni ko‘rishimiz mumkinmi?

- Hali ham shuni ustida ishlayapmiz. Yana bir-ikkita futbolchi olish rejamizda bor.

- Jamoaga serbiyalik murabbiy ham qo‘shilibdi. U jamoadagi qaysi kamchiliklarni yopadi, qaysi jihatlarni rivojlantirishga yordam beradi?

- Uni taklif qildik. Kuzatib borgandik. Taktika tomonlama yordam berishga chaqirganmiz.

- Jamoangizning iroqlik futbolchisi jahon chempionatida qatnashdi. Biroq iroqlik muxlislar unga tahdid qilishdi. Uning ruhiy holati qanday?

- Alohida gaplashdik. Hali ham ruhiy holati joyida emas. Buning ustida ishlayapmiz. U ham hali qilgan qo‘pol xatolaridan hayajonda. Hammasi bilan gaplashyapmiz. Xudo xohlasa, keyingi uchrashuvlardan barchasini ruhiy holati joyiga tushib qoladi.

- «Paxtakor» keyingi turni «Bunyodkor»ga qarshi o‘tkazadi. Lekin «Paxtakor» oxirgi ikkita uchrashuvda ushbu raqibini taslim qila olmagan. «Bunyodkor»ning hozirgi holatidan ko‘pchilik xabardor. Shu holat jamoangizga qo‘shimcha ustunlik berishi mumkinmi?

- Yo‘q. Bizga qarshi hamma 200 foiz kuch bilan o‘ynaydi. Har bir uchrashuv biz uchun qiyin kechadi. Bu oldindan bo‘lib kelgan derbi. Baribir biz bilan o‘yinga hamma «nastroy» qiladi. Qiyin ahvoldami-yo‘qmi, o‘zini ko‘rsatishga harakat qilishadi», - deya bosh murabbiyning so‘zlaridan keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting