Ikrom Aliboyev: "Oldindan taxmin bildirmayman"


“Neftchi”ning tajribali futbolchisi Ikrom Aliboyev o‘zining yorqin o‘yinlari bilan muxlislar olqishiga sazovor bo‘lib kelmoqda. Mahoratli yarimhimoyachi “Andijon” bilan o‘yindan so‘ng klub matbuot xizmati uchun intervyu berdi.
- “Neftchi” so‘nggi o‘yinlarda ishonchli harakat qilib, g‘alaba qozondi. Bu nimaga bog‘liq? Muxlislar oldida g‘alabaga chanqoqlik, ularning bosimi sezilyaptimi?
– Birinchi navbatda, murabbiylar ko‘rsatmalarini to‘g‘ri bajarayapmiz, deb o‘ylayman. Shu hisobiga ketma-ket g‘alabalarga erishyapmiz. Muxlislarimiz oldida o‘ynash biz uchun bosim emas, aksincha kuch bag‘ishlaydi. Ular bizning haqiqiy o‘n ikkinchi futbolchimiz. Oldinda bir qator sinovli uchrashuvlar kutib turganini hisobga olib, muxlislarimizdan avvalgidan ham faolroq bo‘lishlarini so‘rab qolamiz.
- Superliga tobora qizg‘in pallaga kirib bormoqda va kutilmagan natijalar ko‘payib boryapti. Jamoamizning keyingi o‘yiniga taxminingiz bormi?
– Men taxmin bildirmayman, lekin shuni aytishim mumkinki, biz har bir o‘yinda g‘alaba uchun maydonga chiqamiz. Navbatdagi raqib – OKMK jamoasi bo‘ladi. Bu jamoa turnir jadvalida bekorga yuqorida emas va ushbu uchrashuv biz uchun juda muhim. Ushbu o‘yinda ham g‘alaba uchun harakat qilamiz. Oldinda esa bizni O‘zbekiston Kubogining 3-tur uchrashuvida “Oqtepa” jamoasiga qarshi bahs kutib turibdi.
– Bu yilgi chempionatda, sizningcha, qaysi jamoalar chempionlik uchun kurash olib boradi?
– Bu yilgi chempionat boshqacha o‘tmoqda, o‘yinlarda qaysi jamoa oldindan g‘alaba qozonishini taxmin qilish juda mushkul. Hozirda chempionlik uchun 4-5 ta jamoa kurash olib bormoqda va men “Neftchi” tarkibida mamlakat chempioni degan nomni qo‘lga kiritishni xohlayman, bunga jamoamizda barcha imkoniyat bor.
– Bo‘lajak uchrashuvlar oldidan “Neftchi” jamoasi muxlislariga tilaklaringiz?
– Muxlislarimizga avvalo sog‘liq-salomatlik tilayman va ularni doimo shunday faol tarzda bizni qo‘llab-quvvatlashda davom etishlarini so‘rayman. Zero, ular bilan biz yanada kuchlimiz va biz bir kuchmiz," — deydi Aliboyev.

Futbol
Bugun da 17:07

Futbol
Bugun da 14:00