Flikning diskvalifikatsiyasi bekor qilinmadi va mutaxassis «Real»ga qarshi oʻyinni oʻtkazib yuboradi
«Barselona» bosh murabbiyi Hans-Diter Flikning diskvalifikatsiyasi bekor qilinmadi va germaniyalik mutaxassis La Liganing 10-turidan oʻrin olgan «Real»ga qarshi oʻyinni oʻtkazib yuboradi. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) intizom qoʻmitasi «Barselona»ning apellyatsiyasini rad etgan. Kataloniyaliklar Flikning 9-turda «Jirona» (2:1) bilan oʻyinda maydondan chetlatilgani boʻyicha shikoyat qilgandi.
Ayni paytda Ispaniya La Ligasi turnir jadvalida «Real» peshqadamlik qilmoqda. «Qirollik klubi» ikkinchi oʻrinda kelayotgan «Barselona»ni ikki ochkoga ortda qoldirgan.
Maʼlumot uchun, «Real» va «Barselona» oʻrtasidagi uchrashuv 26 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:15 da start oladi.