«Ko‘p shaxmatchilar butun umr o‘ynab ham jahon toji uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Menda esa bu imkoniyat bor» — Javohir Sindarov
22-noyabr kuni Jenevadagi BMT Millatlar saroyida 2026-yilgi jahon chempionligi matchi oldidan rasmiy matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Amaldagi jahon chempioni Gukesh va da’vogar Javohir Sindarov jurnalistlarning savollariga javob berdi.
«Menda esa bu imkoniyat bor»
Javohir Sindarov Nomzodlar turniridagi g‘alabasidan keyingi olti oy qanday o‘tganini esladi. Uning aytishicha, vaqt u o‘ylagandan ancha tez o‘tgan.
«Jahon toji uchun kurashishdan juda xursandman. Ko‘p shaxmatchilar butun umr shaxmat o‘ynab ham bunday imkoniyatga ega bo‘lmaydi. Menda esa bu imkoniyat bor. Bu imkoniyatdan imkon qadar zavq olishga harakat qilaman».
Gukesh: «Unvonni qaytadan qo‘lga kiritish uchun keldim»
AFP jurnalisti Gukeshdan jahon chempionligi unvonini himoya qilish uni qo‘lga kiritishdan qiyinroqmi, deb so‘radi. Uning javobi qisqa va qat’iy bo‘ldi.
«Men bu yerga biror narsani himoya qilish uchun kelganim yo‘q. Men unvonni qaytadan qo‘lga kiritish uchun keldim».
Sindarov g‘alaba imkoniyatini 50:50 deb baholadi
Nomzodlar turniri oldidan o‘z imkoniyatini 15 foiz deb baholagan Javohirdan hozirgi match uchun qanday nisbatni tanlashini so‘rashdi.
«Menimcha, 50:50 deyish to‘g‘ri bo‘ladi. Bu juda qiyin match va 14 partiyada har narsa ro‘y berishi mumkin».
Raqiblar bir-biri haqida nima dedi?
Gukesh Sindarovning barqaror va kuchli o‘yinini yuqori baholadi. Uning fikricha, Javohir hozir o‘zining eng yaxshi formasida va unga qarshi match haqiqiy sinov bo‘ladi.
Sindarov Gukeshning 2024-yildagi natijalarini «fantastik» deb atadi. Bu yil Tata Steyel turnirida unga qarshi o‘ynaganida raqibining naqadar kuchli ekanini his qilganini aytdi. Shuningdek, uning oxirigacha kurasha olishini alohida e’tirof etdi.
Matchga ikki xil tayyorgarlik
Javohir Nomzodlar turniridan keyin ham ko‘p musobaqalarda qatnashganini tajriba orttirish istagi bilan izohladi. U faoliyatida bu darajadagi kuchli turnirlarda hali ko‘p o‘ynamaganini va o‘z qaroridan mamnun ekanini bildirdi.
Gukesh esa jamoasi bilan bu yilgi turnirlar sonini kamaytirishga qaror qilgan. U Sindarovning ko‘proq o‘ynaganidan hayron bo‘lmaganini aytdi.
Sindarovga kimlar yordam beryapti?
Javohir matchga tayyorgarlikda Roman Vidonyak, Muhiddin Madaminov va Nikita Vitiugov yordam berayotganini ma’lum qildi. Jamoasining qolgan a’zolarini matchdan keyin ochishini aytdi.
Gukesh esa Grjegoj Gajevski bilan ishlayotganini tasdiqladi. U ham boshqa yordamchilari haqida keyinroq gapirishini bildirdi.
Sindarov: «2025-yilgacha jiddiy ishlamaganman»
Bolalikda nimalardan voz kechgani haqida so‘ralganida Javohir o‘z iste’dodiga doim ishonganini, ammo 2025-yilgacha shaxmat ustida jiddiy ishlamaganini aytdi.
«Har qanday o‘yinda doim g‘alaba qozonishga intilaman. Shaxmat ustida jiddiy ishlashni boshlaganimdan keyin kuchaydim».
U so‘nggi ikki yilda ko‘p mehnat qilganini aytib, bolalarga sevgan sohasida tinimsiz ishlashni maslahat berdi. Gukesh esa bolaligida maktabga deyarli bormaganini, ammo o‘z hayotidan minnatdor ekanini bildirdi.
Eng muhim maslahat va yaqinlar qo‘llovi
Gukesh so‘nggi oylarda yodida qolgan maslahatni aytdi: «Kimligingni unutma». U bu so‘zlarni match davomida ham eslab yurishini bildirdi.
Sindarov esa qiyin paytlarda do‘stlari va oilasi birinchi bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zishini, yaqinlarining qo‘llovisiz yuqori natijalarga erishish qiyinligini aytdi.
G‘alaba qozonsa, nima qiladi?
Javohir chempion bo‘lsa nima qilishi haqida hozircha hech qanday va’da bermagan.
«Hozir faqat keyingi 20 kunga diqqatimni qaratib, o‘zimning eng yaxshi shaxmatimni ko‘rsatishni xohlayman. Keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz».
Jahon chempionligi matchi 24-noyabr kuni Jeneva yaqinidagi Kolonyi shahrichasida, Martin Bodmer fondida boshlanadi. Match 14 partiyaga mo‘ljallangan.