\"Dinamo\" \"Nasaf\"dan tushuntirish so'radi
"Dinamo" PFK Qarshining "Nasaf" jamoasi matbuot xizmati hodimi, klub rasmisi Sarvar Bobonazarovning ijtimoiy tarmoqlar orqali raqib jamoa va butun viloyat sha'niga bildirgan haqoratli fikrlari bo'yicha "Nasaf" PFKdan rasmiy tushuntirish so'raydi.
Xususan, Superliga 15-turi doirasidagi "Dinamo" va "Nasaf" (2:2) o'rtasidagi uchrashuvdan keyin Qarshi klubi matbuot xizmati vakili Sarvar O'ktamzoda (Bobonazarov) "X" (Twitter) ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida (3672 obunachiga ega) Samarqanddagi o'yinda VAR texnikasi Jizzaxdan yetib kelmagani sababli mezbon klub sifatida Samarqand jamoasini haqorat qilgan. Ayniqsa, uning samarqandliklarni tahqirlovchi haqorati turli ijtimoiy tarmoqlar, guruhlarda keskin muhokamaga sabab bo'lmoqda.
"Nasaf" PFK matbuot xizmati vakili, Qarshidagi "Markaziy" stadionining suhandoni sanalmish Sarvar O'ktamzoda (Bobonazarov) tomonidan muxlislar o'rtasida adovatni qo'zg'ovchi, keskinlikka sabab bo'layotgan bildirgan fikrlar bo'yicha "Dinamo" PFK "Nasaf" klubidan rasmiy tushuntirish so'raydi. Klub bu borada qat'iy chora ko'rishni talab qiladi.
Shuningdek, "Nasaf" matbuot xizmati vakili Sarvar O'ktamzoda bo'yicha tegishli idoralarga murojaat qilish bo'yicha ish olib borilayotganini ma'lum qiladi. Bunday hatti-harakatlar klublar o'rtasidagi munosabat sovuqlashishi, muxlislar o'rtasida yomon oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini unutmaslik shart.
