DAZN klublar o‘rtasidagi 2029-yilgi Jahon chempionati huquqlarini qo‘lga kiritishga yaqin
DAZN striming platformasi 2029-yilda o‘tkaziladigan klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatini butun dunyo bo‘ylab translyatsiya qilish huquqlarini olish yo‘lida muhim kelishuvga erishdi. Kompaniya mazkur musobaqaning global translyatsiya huquqlarini sotib olish bo‘yicha eksklyuziv imkoniyatni qo‘lga kiritgan. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, DAZN 2025-yilda AQSHda o‘tkazilgan, 32 ta jamoa ishtirok etgan klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatining xalqaro translyatsiya huquqlari uchun bir milliard dollar to‘lagan edi. Endilikda platforma FIFA bilan hamkorlikni davom ettirish va navbatdagi musobaqani ham global auditoriyaga namoyish etishni maqsad qilmoqda.
Biroq 2029-yilgi turnir bilan bog‘liq bir qator muhim masalalar hali hal etilmagan. Jumladan, musobaqaning mezbon mamlakati, ishtirokchilar soni va yakuniy formati rasman tasdiqlanmagan. FIFA turnirni 48 ta jamoaga kengaytirish imkoniyatini ham muhokama qilmoqda. DAZNga berilgan eksklyuziv imkoniyatning moliyaviy qiymati va undan qachongacha foydalanish mumkinligi hozircha oshkor qilinmagan.
Ma’lumot uchun, klublar o‘rtasidagi 2025-yilgi Jahon chempionatida “Chelsi” g‘olib chiqqan. London klubi mazkur musobaqadagi ishtiroki va natijalari uchun qariyb 114 million dollar mukofot olgan. FIFA musobaqani xalqaro klub futbolining eng yirik tijoriy loyihalaridan biriga aylantirishni maqsad qilgan. DAZN bilan ehtimoliy yangi kelishuv ushbu rejalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.