\"Buxoro\" rahbariyati Ulug‘bek Baqoyevning iste'fosini qabul qilmadi
Xabaringiz bor, Superliganing 7-turidan o‘rin olgan "Navbahor" – "Buxoro" (3:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev iste'fo so‘ragandi.
"Superligada ketma-ket to‘rtinchi mag‘lubiyatni qabul qilib oldik. Bu men uchun juda ham og‘riqli. Biz muxlislar, futbolchilar va klub uchun harakat qildik, ammo o‘xshamayapti. Rahbariyatdan iste'fo so‘rayman va buni to‘g‘ri tushunishadi deb umid qilaman. Muxlislardan uzr so‘rayman. Hozir jamoaga yangi qon kerak", – degandi Ulug‘bek Baqoyev "Navbahor"dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin.
Sports24.uz ma’lumotiga ko‘ra, "Buxoro" klubi rahbariyati bosh murabbiyning iste'fosini qabul qilmagan va unga ishonishda davom etadi. Ulug‘bek Baqoyev boshchiligidagi murabbiylar shtabi "Buxoro"ni Superliganing 8-turidan o‘rin olgan "Mash’al" bilan bahsga tayyorlamoqda. Ushbu bahs 3 may kuni soat 18:00da Toshkentdagi "Jar" stadionida boshlanadi.