«Barselona» rahbariyati Levandovskidan jiddiy norozi boʻldi
Kataloniyaning «Barselona» klubi Robert Levandovskidan norozi boʻlmoqda. Bu haqda Marca nashri xabar berdi.
Polsha milliy jamoasi safida Litvaga qarshi (2:0) oʻtkazilgan JCh-2026 saralash uchrashuvida u avvalgi jarohatini yanada ogʻirlashtirib oldi.
Maʼlum qilinishicha, Levandovski oʻsha paytda son qismida ogʻriq sezgan — bu aynan mavsum boshida jarohat olgan joyi edi. Shunga qaramay, u o'yinni davom ettirishni tanlagan va soniga tibbiy lentalar qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, tajribali forvard taxminan bir oyga safdan chiqadi, bu esa 26 oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan «Barselona» va «Real» oʻrtasidagi bahsni o'tkazib yuborishi mumkin degani.
Klub rahbariyati bu holatdan jiddiy norozi boʻlib, endi futbolchilarning oʻz sogʻligʻiga befarq munosabatini ham tanqid qilmoqda. Ayniqsa, 37 yoshli hujumchi singari tajribali oʻyinchi oʻzini ehtiyot qilishi zarurligi taʼkidlangan.
Maʼlumot uchun, Robert Levandovski joriy mavsum barcha turnirlarda 7 ta oʻyinda maydonga tushib, 4 ta golga mualliflik qildi. Uning Transfermarkt'dagi narxi 10 million yevroga baholanmoqda.