locale OZ

“Barselona” muxlislariga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi

Qaror klub rahbariyati va muxlislar guruhlari o‘rtasidagi muzokaralardan keyin qabul qilindi.
Futbol
“Barselona” muxlislariga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi
Foto: Getty Images

Ispaniyaning “Barselona” klubi stadiondagi faol muxlislar sektoriga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiqni bekor qildi. Natijada muxlislar “Aston Villa”ga qarshi Chempionlar ligasi uchrashuvida yana jamoani stadiondan qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘ladi. Qaror klub rahbariyati va muxlislar guruhlari o‘rtasidagi muzokaralardan keyin qabul qilindi. Bu haqda “Barselona” rasmiy sayti xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, klub vakillari 2-noyabr kuni “Gol 1957” deb nomlangan faol muxlislar sektori mas’ullari bilan uchrashgan. Muzokaralar davomida muxlislar vakillari stadionda tartib-intizomga rioya qilish va kelgusida nomaqbul holatlarga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini olgan.

Klub rahbariyati muxlislar tomonidan bildirilgan va’dalarni ijobiy baholab, vaqtinchalik cheklovni olib tashlashga qaror qilgan. Shu bilan birga, kelgusida stadiondagi tartib qat’iy nazorat qilinishi ta’kidlangan. Avvalgi qoidabuzarliklar klubga bir necha bor moliyaviy jarimalar keltirgan va hatto stadionni yopish xavfini yuzaga keltirgan.

Ma’lumot uchun, “Gol 1957” “Barselona”ning eng faol muxlislari jamlanadigan sektor hisoblanadi. Ushbu guruhlar uchrashuv davomida jamoani qo‘shiq va hayqiriqlar bilan qo‘llab-quvvatlaydi. Endilikda ular “Kamp Nou”dagi Chempionlar ligasi bahslarida yana faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting