locale OZ

Bahrom Haydarov: «Uzoq kutilgan g‘alabaga erishdik»

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Bahrom Haydarov: «Uzoq kutilgan g‘alabaga erishdik»
Photo: Qo‘qon-1912 PFK

Superliga 18-turidan o‘rin olgan "Sho‘rtan" - "Qo‘qon-1912" (1:2) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O‘yin haqida fikringiz?

- Uchrashuvni yaxshi boshladik, futbolchilarimiz ko‘rsatmalarni bajardilar. Birinchi gol urilgandan so‘ng jamoamizda biroz bo‘shashish sezildi. Bosim kamayib qoldi va taym o‘rtalariga kelib, "Sho‘rtan" ustunlikni qo‘lga ola boshladi. Raqibda ham vaziyatlar bo‘ldi. Qarshi hujumda ikkinchi golni urganimizdan so‘ng yana bo‘shashib qoldik. Hisob 2:0 bo‘lgach, futbolchilar bundan keyin hisobni saqlab qolish haqida o‘ylay boshlashdi. Natijada gol o‘tkazib yubordik. Agar vaziyatlar bo‘yicha olib qarasak, "Sho‘rtan" hisobni tenglashtirib qolmasdan, hattoki g‘alaba qozonishi ham mumkin edi. Uzoq kutilgan g‘alabaga erishdik. Bu g‘alaba bilan barcha muxlislarimizni tabriklayman.

- "Sho‘rtan" jamoasini o‘yindan oldin tahlil qilganda ko‘proq nima e'tiboringizni tortdi?

- G‘uzorliklar to‘p bilan yaxshi muomala qiladi, futbolchilari to‘pni yaxshi ushlaydi. Avvalgi murabbiyda ham shunday edi, hozir ham shunday. Qolaversa tarkibda Timur Mamasiddiqov bor, u juda tezkor va yaxshi futbolchi.

- "Sho‘rtan"dan borib qo‘shilgan Jasur Xolturaev jamoangiz o‘yinini kuchaytira oldimi?

- Jasur juda mehnatkash futbolchi. Himoyachilarni tinch qo‘ymaydigan hujumchi. Unda ko‘p vaziyatlar bo‘lyapti. Jasur hozircha uchtа gol urdi va o‘ylaymanki, uning gollari ko‘p bo‘ladi.

- Matbuot anjumanlarida "Hozir gapirsak bahonaga o‘xshab qoladi" degan gapni ko‘p ishlatyapsiz.

- Futbolchi paytimda, murabbiylik faoliyatimda ketma-ket yuta olmaslik seriyasi bo‘lmagan. 7-8ta turdan beri faqat yutqazdik. Xatolarning ko‘pi bir xil. Xatolarni aytamiz, o‘yinga kelganda yana takrorlanadi. Shuning uchun ham har bir gapimiz bahonaga o‘xshab qolyapti dedim. Ko‘p gapirmasdan ishlashga harakat qilyapmiz.

- Shu o‘yinlar oralig‘ida rahbariyat tomonidan sizga nisbatan "Bu sen uchun oxirgi imkoniyat" degan gap bo‘ldimi?

- Yo‘q. Rahbariyat ishonishda davom etyapti va biz ham shunga yarasha qattiq mehnat qilyapmiz. Kubokni qo‘shib hisoblaganda 10ta uchrashuvda yuta olmadik, lekin rahbariyat hech bir o‘yindan oldin bu oxirgi imkoniyat demadi. Nasib qilsa hali o‘zimizni ko‘rsatib, jamoani yuqoriga ko‘tarishga harakat qilamiz. Biz maqsad sari harakat qilyapmiz. Ishqibozlarni to‘g‘ri tushunamiz. Klubimiz rahbariyatiga esa rahmat aytaman.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting