Antonio Ryudiger 12 ta o'yinga diskvalifikatsiya qilinishi mumkin
Madridning “Real” klubi markaziy himoyachisi Antonio Ryudiger Ispaniya Kubogi finalida “Barselona” qarshi o'yindagi (3:2) xatti-harakatlari uchun 4 o'yindan 12 o'yingacha chetlatilishi mumkin. Bu haqda Cadena Ser xabar bermoqda.
Manbaga ko'ra, hakam xulosasida germaniyalik futbolchi “texnik maydondan jism uloqtirgani” uchun qizil kartochka bilan jazolangan. Shuningdek, Ryudigerni “murabbiylar shtabining bir nechta a'zolari ushlab turishga to'g'ri kelgani” qayd etilgan.
Eslatib o'tamiz, ushbu voqea Ryudiger zaxiraga olinganidan so'ng sodir bo'lgan. Kilian Mbappe Erik Garsiyaga nisbatan qo'pollik ushlatgach, futbolchi hakamdan norozi bo'lgan. Ushbu harakatlari uchun esa qizil kartochka olgan.
Shundan so'ng, Ryudiger yanada quyushqondan chiqib, hakamga hujum qilishga harakat qilgan. Jamoadoshlari esa uni to'xtatib qolishgan.