locale OZ
locale OZ
Mehmon
Mehmon Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro'yxatdan o'ting
Menyu

"Andijon" klubi sobiq bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev: "Xomyakovning ketishiga asosiy sabab "Lochin"dan uchralgan mag‘lubiyat"

Futbol 05 may 2025 da 08:36
Farhod Fayziyev
Farhod Fayziyev
Ekspert
"Andijon" klubi sobiq bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev: "Xomyakovning ketishiga asosiy sabab "Lochin"dan uchralgan mag‘lubiyat"
FОТО: FC Andijon

O‘zbekiston kubogining amaldagi sohibi "Andijon" klubi bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov iste'foga chiqarildi.

Sports24.uz sayti bu iste'fo borasida "Andijon" klubining sobiq bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev bilan suhbatlashdi.

- Ulug‘bek aka, Aleksandr Xomyakovning iste'fosiga nima sabab bo‘ldi deb o‘ylaysiz?

- Aslida "Andijon" uchun mavsum yaxshi boshlangan edi. Superligadagi dastlabki 5 ta uchrashuvda 2 ta g‘alaba va 3 ta durang bilan 9 ochko to‘plandi. Keyin Kubokda "Surxon"dan mag‘lubiyat, Superligada yana ikkita mag‘lubiyat kuzatildi. Boshqa klublarga qarasangiz, ularda ham mag‘lubiyatlar bo‘ldi.

Masalan, chempionlikka da'vogar deb aytilgan "Paxtakor" ham mavsumni mag‘lubiyatlar bilan boshladi. Kubok doirasida Qashqadaryo davlat universitetiga qarashli, yarim professional "Lochin" klubidan uchralgan sensatsion mag‘lubiyat, menimcha, iste'foga asosiy sabab bo‘ldi. Aynan shu mag‘lubiyat rahbariyatni ham, muxlislarni ham junbushga keltirgani bor gap.

- Xomyakovning o‘zi bilan gaplashmadingizmi?

- To‘g‘risi, kechagi iste'fodan so‘ng Aleksandr Andreevich bilan gaplashdim. "Lochin"dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin Xomyakovning o‘zi rahbariyatdan iste'fo so‘ragan ekan. Bunday alamli mag‘lubiyatni ko‘tara olmasligi va muxlislar oldida uyalganini bildirgan. Biroq rahbariyat unga OKMK va "Neftchi" bilan o‘yinlarda yana imkoniyat berishga qaror qilgandi.

OKMK bilan uchrashuvning birinchi taymida 3:1 hisobida oldinda borib, raqib 10 kishi bo‘lib qolganiga qaramay, yakunda 3:4 hisobidagi qashqatchiq mag‘lubiyatdan so‘ng klub rahbarlarining sabr kosasi to‘ldi va Xomyakovni o‘yin tugashi bilan ishdan bo‘shatishgan ekan. Iste'foda muxlislar salmog‘i ham muhim rol o‘ynagani tabiiy.

- Murabbiy salbiy natijalarga nimani sabab qilib ko‘rsatdi?

- Asosiy sabablardan biri sifatida jamoaga Osiyo Chempionlar Ligasi 2 musobaqasida yordam beradi deb olib kelingan yangi futbolchilar u kutgan darajadagi o‘yinni ko‘rsata olmaganini aytdi. Masalan, Mashukov, Djurichkovich, Shaykulov, Ismonaliyev, Abdumannopov, Rahimov va Zoteev bosh murabbiy kutganchalik o‘ynay olishmagan ekan.

Shaxsiy fikrimcha, jamoaga legionerlar zaxirada o‘tirish uchun olib kelinmasligi kerak, agar legioner zaxirada qolib ketyaptimi? Demak bu transferda nimadir xato bo‘lgan.

- "Andijon"ga qanday murabbiy olib kelinishi kerak deb hisoblaysiz?

- Hozircha jamoani vaqtincha Xomyakovning yordamchisi bo‘lgan Artyom Petrosyan boshqarib turar ekan. Bu to‘g‘ri qaror. Sababi yangi murabbiyni darhol olib kelish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Menga qolsa, so‘nggi zamonaviy tendensiyalar va texnologiyalarni tushunadigan xorijiy murabbiy olib kelish kerak. Butun murabbiylar shtabini yangilash lozim. Lekin shoshish kerak emas.

Masalan, nomzod murabbiyni Andijonga taklif qilish kerak. U kelsin, jamoaning o‘yinlarini ko‘rsin, infratuzilma bilan tanishsin va shundan keyin shartnoma tuzilsin. "Nasaf" yoki OKMK kabi barqaror tizim yaratilishi lozim.

Har yili jamoa tarkibi butunlay o‘zgara berishi kerak emas. Yangi murabbiyga taxminan 3 yil imkoniyat berish zarur. Shundan so‘ng 2027 yillarga "Andijon" klubidan katta natijalar talab qilsa bo‘ladi. Sababi ayni paytda klubda barqaror homiy bor, stadion bor, klub bazasi ham deyarli bitib qolgan, ashaddiy muxlislar bor.

Demak, yangi keladigan murabbiy oldiga 2027 yilda sizdan kattaroq natija talab qilamiz, deb shart qo‘yishsa ham bo‘laveradi.

Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting