Pol Gallen dahshatli nokautdan keyin professional boksdagi faoliyatini yakunladi
Avstraliyalik sobiq regbi yulduzi va professional bokschi Pol Gallen Nelson Asofa-Solomonaga qarshi jangdagi og‘ir mag‘lubiyatdan so‘ng sportdagi faoliyatini yakunlashga qaror qildi. 45 yoshli sportchi birinchi raundda nokautga uchragach, shifoxonaga olib ketilgan edi. Keyinchalik u o‘z ahvoli haqida ma’lumot berib, boshqa professional jang o‘tkazmasligini tasdiqladi. Bu haqda Nine nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Asofa-Solomona jangning dastlabki raundidayoq tashabbusni qo‘lga olgan. Kuchli o‘ng qo‘l zarbasidan so‘ng Gallen muvozanatini yo‘qotgan, keyinchalik esa raqibining ketma-ket apperkotlari natijasida nokautga uchragan. Vaziyat shu qadar og‘ir bo‘lganki, jangdan keyin sobiq regbichining sog‘lig‘i muxlislar va mutaxassislar orasida xavotir uyg‘otgan. U dastlab kiyinish xonasida yaqinlari bilan suhbatlashgan, so‘ngra tibbiy tekshiruv uchun shifoxonaga olib borilgan.
Gallen Instagram orqali murojaat qilib, hozir uyida ekanini va sog‘lig‘ida jiddiy muammo yo‘qligini ma’lum qildi. U yosh o‘tishi bilan bokschining zarbalarga chidamliligi pasayishini tan oldi. Sportchi raqibining g‘alabasini munosib baholab, unga e’tirozi yo‘qligini ta’kidladi. Shuningdek, so‘nggi yillarda u bilan ishlagan murabbiylar, promouterlar, sparring sheriklari va barcha raqiblariga minnatdorchilik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu safar ringga qaytish rejalashtirilmagan.
Ma’lumot uchun, Pol Gallen professional boksdagi faoliyatini 16 ta g‘alaba, 3 ta mag‘lubiyat va 1 ta durang bilan yakunlamoqda. Avstraliya regbi ligasida mashhurlikka erishgan sportchi keyinchalik boksda ham tanilgan. U faoliyati davomida Mark Xant, Lukas Braun va Sonni Bill Uilyams kabi raqiblarni mag‘lub etgan. Gallenning so‘nggi mag‘lubiyati esa uning uzoq davom etgan sport faoliyatiga yakun yasadi.