Toshkentda sambo bo‘yicha yubiley 50-jahon chempionati o‘tkaziladi
Toshkentda sambo bo‘yicha yubiley, 50-jahon chempionati o‘tkaziladi: 90 dan ortiq mamlakat vakillari hamda jahon sporti afsonalari ishtirok etishi kutilmoqda.
2026 yil 6–8 noyabr kunlari O‘zbekiston poytaxti sambo bo‘yicha jahon markaziga aylanadi. Toshkentda yilning eng muhim sport musobaqalaridan biri — sayyoramizning eng kuchli sportchilarini birlashtiradigan yubiley, 50-jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Turnir medallari uchun dunyoning 90 dan ortiq mamlakatidan kelgan sportchilar kurash olib boradilar.
Jahon chempionatining bosh hamkori — «Gazprombank», rasmiy hamkorlari esa «Rosneft» kompaniyasi va VTB banki hisoblanadi.
50-jahon chempionatining faxriy mehmonlari sambo olamining afsonaviy namoyandalari — turli mamlakatlardan bir necha bor jahon chempioni bo‘lgan sportchilar bo‘ladilar. Ular orasida samboning jahondagi elchilari Fyodor Yemelyanenko va Islam Maxachev ham bor.
"Toshkentda bo‘lib o‘tadigan 50-jahon chempionati sportning kuch-qudrati, texnikasi, inklyuzivligi va samboning boy an’analarini eng yuqori xalqaro darajada namoyon etuvchi yorqin sport bayramiga aylanishi kutilmoqda. Yubiley turniriga sport turimizning afsonalari — faoliyatini davom ettirayotgan va sportchilik faoliyatini yakunlagan ko‘p karra jahon chempionlari taklif etilgan. Ular musobaqaning tantanali ochilish marosimi va boshqa muhim tadbirlarda ishtirok etadilar. Ushbu turnirda Fyodor Yemelyanenko va Islam Maxachev kabi samboning 25 nafarga yaqin taniqli vakili ishtirok etib, nafaqat jahon sambo tarixida, balki 50-jahon chempionati tarixida ham o‘z izlarini qoldirishlariga umid qilamiz", — dedi Xalqaro sambo federatsiyasi (FIAS) prezidenti Vasiliy Shestakov.
Musobaqalar Toshkentdagi Olimpiya shaharchasida joylashgan zamonaviy "Jamoaviy sport turlari" arenasida o‘tkaziladi. Jahon chempionati dasturidan erkaklar va ayollar o‘rtasida uchta yo‘nalish — sport sambosi, jangovor sambo hamda ko‘zi ojizlar uchun sambo (SVI1 toifasi — mutlaqo ko‘rmaydigan sportchilar) o‘rin olgan. Uch kun davomida medallar uchun 33 ta jamlanma bahslashiladi.
"Bu yil FIAS tarixida ilk bor jahon chempionati dasturiga ayollar o‘rtasida ko‘zi ojizlar uchun sambo musobaqalari kiritildi. Bu inklyuzivlik va samboni global rivojlantirish tamoyillariga sodiqligimizni ta’kidlovchi muhim voqeadir. Har bir sportchi eng yuqori darajadagi musobaqalarda ishtirok etish imkoniyatiga loyiq ekaniga ishonamiz. Shu bois ko‘zi ojizlar uchun sambo yo‘nalishini rivojlantirishga yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratmoqdamiz. Bu sportchilar o‘zlarining fidoyiligi va iste’dodi bilan bunday imkoniyatlarga munosib ekanliklarini isbotlaganlar", — deya qo‘shimcha qildi Vasiliy Shestakov.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda Xalqaro sambo federatsiyasi Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi (IPC) tomonidan e’tirof etildi va FIASga IPC tomonidan tan olingan xalqaro federatsiya maqomi berildi. Ushbu e’tirof federatsiyaning ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi sportchilar uchun inklyuziv sport turi sifatida samboni rivojlantirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
2026 yilgi yubiley jahon chempionatining umumiy mukofot jamg‘armasi 363 000 AQSH dollarini tashkil etadi.
Oltin medal sohiblari — 4 000 AQSH dollari;
Kumush medal sohiblari — 3 000 AQSH dollari;
Bronza medal sohiblari — har biriga 2 000 AQSH dollari.
Asosiy musobaqalar boshlanishidan bir kun oldin, 5 noyabr kuni soat 18:00 da O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi binosida matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi.
Unda Xalqaro sambo federatsiyasi (FIAS) prezidenti Vasiliy Shestakov, samboning jahondagi elchilari Fyodor Yemelyanenko va Islam Maxachev, Osiyo sambo ittifoqi prezidenti Alamjon Mullayev, O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi prezidenti Alisher Alimov, shuningdek, O‘zbekiston Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etadilar.