Tomas Myuller Messiga hakamlar yordam berganiga shama qildi
Germaniya terma jamoasi va “Bavariya”ning sobiq yarim himoyachisi Tomas Myuller Jahon chempionatlarida hakamlar Lionel Messiga ko‘proq yon bosgan bo‘lishi mumkinligiga shama qildi.
Myuller 2010-yilgi Jahon chempionati chorakfinalida Germaniya va Argentina o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdagi vaziyatni eslab o‘tdi.
— Biz Argentinaga qarshi o‘yinda hisobda oldinda edik. Leo Messi yonimda turgandi. To‘p maydonda sapchib, qo‘limga tegdi. Hakam esa darhol menga sariq kartochka ko‘rsatdi. Chunki Leo yonimda edi.
Go‘yoki Messi hakamga: “Biz allaqachon 2:0 hisobida yutqazyapmiz, iltimos, bizga ozgina yordam bering”, deb aytayotgandek tuyulgandi, — deya Myullerning so‘zlarini keltiradi GOAL nashri.
Aynan o‘sha sariq kartochka sabab Myuller Ispaniyaga qarshi Jahon chempionati yarimfinalini o‘tkazib yuborgan. Yarimfinalda esa Ispaniya Germaniyani 1:0 hisobida mag‘lub etgan.
Avvalroq Argentina futbol assotsiatsiyasi 2026-yilgi Jahon chempionati vaqtida futbolchilarga qarshi yolg‘on ma’lumotlar tarqatgan shaxslarga nisbatan yirik sud jarayonini boshlamoqchi ekani haqida xabarlar tarqalgandi.
Manbaga ko‘ra, tuhmat bo‘yicha sud ishi yolg‘on tanqidiy da’volar, uydirma yoki tasdiqlanmagan tasvirlar hamda asossiz ayblovlarga qaratilishi mumkin.