locale OZ

Tartib-intizom qo‘mitasi qarorlari. Temur Kapadzega nisbatan jarima intizomiy jazo chorasi qo'llanildi

Joriy yilning 25-may sanasida Liga qoshidagi Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Tartib-intizom qo‘mitasi qarorlari. Temur Kapadzega nisbatan jarima intizomiy jazo chorasi qo'llanildi
photo: Google

Joriy yilning 25-may sanasida Liga qoshidagi Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur sanagacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida O‘zbekiston Superligasi, O‘zbekiston Kubogi, Pro liga, Birinchi liga hamda U19 chempionati uchrashuvlarida ishtirokchilar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar yuzasidan qaror chiqarildi.

Superliga

Nasaf - Navbahor

Superliga 11-turi doirasidagi “Nasaf” – “Navbahor” uchrashuvi komissaridan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra “Navbahor lochinlari” futbol klubi bosh murabbiyi Temur Kapadze Superliga reglamentining 22.10-bandini buzgani, ya’ni ushrashuv qaydnomasiga hakamlik yuzasidan e’tiroz kiritmasdan turib uchrashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiylari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Championat.asia” saytiga hakamlar xatti-harakati bo‘yicha o‘z etirozlarini bildirib intervyu bergani, bu bilan hakam qaroriga shikoyat berish tartibini buzgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 77-moddasiga asosan “Navbahor” futbol klubi murabbiyi Temur Kapadzega nisbatan jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llansin.

O‘zbekiston Kubogi

Olimpik-MobiUZ – Mash’al

O‘zbekiston kubogi 1-turi doirasidagi “Olimpik-Mobiuz” – “Mash’al” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 90+3-daqiqasida “Mash’al” futbol klubi futbolchisi Mahmud Jo‘raboyev to‘psiz vaziyatda raqib jamoa futbolchisining yuziga boshi bilan zarba bergani uchun qizil kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 62-moddasiga asosan “Mash’al” futbol klubi futbolchisi Mahmud Jo‘raboyevga nisbatan 3 ta o‘yinga chetlashtirish(diskvalifikatsiya) hamda jarima intizomiy choralari qo‘llanilsin.

Jayxun – Qizilqum

O‘zbekiston kubogi 1-turi doirasidagi “Jayxun” – “Qizilqum” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 83-daqiqasida “Qizilqum” futbol klubi futbolchisi Akmaljon Muzaffarov to‘psiz vaziyatda raqib jamoa futbolchisining yuziga qo‘li bilan zarba bergani uchun qizil kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 62-moddasiga asosan “Qizilqum” futbol klubi futbolchisi Akmaljon Muzaffarovga nisbatan 2 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) intizomiy jazo chorasi qo‘llanilsin.

So‘g‘diyona – Olimpik-MobiUZ

O‘zbekiston kubogi 3-turi doirasidagi “So‘g‘diyona” – “Olimpik-Mobiuz” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 88-daqiqasida “Olimpik-Mobiuz” futbol klubi rasmiysi Andrey Miklyayev yordamchi hakam sha’niga nomaqbul so’zlar ishlatib, haqorat qilgani uchun qizil kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 63-moddasiga asosan “Olimpik-Mobiuz” futbol klubi rasmiysi Andrey Miklyayevga nisbatan 2 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) hamda jarima intizomiy choralari qo‘llanilsin.

O‘zbekiston kubogi 3-turi doirasidagi “So‘g‘diyona” – “Olimpik-Mobiuz” uchrashuvi komissaridan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra “So‘g‘diyona” mezbonligida o’tgan baxsda stadion internet bilan ta’minlamagani, ushbu holat stadionga tashrif buyurgan Ko‘chma Television Stansiya (KTS) uchrashuvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatib bera olmaganiga sabab bo‘lgan holat aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 77-moddasiga asosan “So‘g‘diyona” futbol klubiga jarima intizomiy jazosi qo‘llansin.

Kattaqo‘rg‘on – Surxon

O‘zbekiston kubogi 1-turi doirasidagi “Kattaqo‘rg‘on” – “Surxon” uchrashuvi komissaridan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra “Kattaqo‘rg‘on” futbol klubi uchrashuv komissari uchun belgilangan kompyuter va printer soz holatda emasligi, kompyuter va printer ishlamay qolgani uchrashuv komissarining faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgani va yakunda ushbu holat uchrashuvni kech boshlanishiga sabab bo‘lgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 73-moddasiga asosan Kattaqo‘rg‘onfutbol klubiga jarima intizomiy jazosi qo‘llansin.

O‘zbekiston kubogi 1-turi doirasidagi “Kattaqo‘rg‘on” – “Surxon” uchrashuvi komissaridan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuv tugagandan so‘ng “Surxon” futbol klubi futbolchisi Otabek Boymurodov sportchiga xos bo‘lmagan xatti-harakati, ya’ni, “Surxon” futbol klubi muxlislari bilan tortishib qolib, muxlislarga qarata qo‘l ishoralarini ko‘rsatib, haqoratli so‘zlar ishlatgani va tartibsizlik keltirib chiqargani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 68-moddasiga asosan “Surxon” futbol klubi futbolchisi Otabek Boymurodovga nisbatan jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llansin.

Pro liga

G‘azalkent – TerDU

Proliga 7-turi doirasidagi “G‘azalkent” – “TerDU” uchrashuvi komissaridan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvdan so‘ng Bunyodkor stadionining CIP sektoridagi muxlislar maydonga qarata turli buyumlar, xususan, yelim idishlarni uloqtirgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 79-moddasiga asosan “G‘azalkent” futbol klubiga jarima intizomiy jazosi hamda “G‘azalkent” futbol klubining kelgusi bitta uy uchrashuvida stadionning CIP, 1A, 1B, 1C va 1D sektorlariga tomoshabinlarning kirishiga taqiq qo‘yish intizomiy jazo chorasi qo‘llansin.

Proliga 7-turi doirasidagi “G‘azalkent” – “TerDU” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 90+2-daqiqasida “TerDU” futbol klubi futbolchisi Ulug‘bek O‘rinboyev o‘yin vaqtini sun’iy ravishda cho‘zganligi uchun unga sariq kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 64-moddasiga asosan “TerDU” futbol klubi futbolchisi Ulug‘bek O‘rinboyevga nisbatan jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llansin.

Respublika FA – Lochin

Proliga 7-turi doirasidagi “Respublika FA” – “Lochin” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 90+5-daqiqasida “Lochin” futbol klubi futbolchisi Sardorbek Saidov hakamning qaroriga e’tirozi uchun unga sariq kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 64-moddasiga asosan “Lochin” futbol klubi futbolchisi Sardorbek Saidovga nisbatan jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llansin.

Jayxun – Metallurg

Proliga 7-turi doirasidagi “Jayxun” – “Metallurg” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 18-daqiqasida “Jayxun” futbol klubi futbolchisi Jasurbek Umrzaqov hakamning qaroriga e’tirozi uchun unga sariq kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 64-moddasiga asosan “Jayxun” futbol klubi futbolchisi Jasurbek Umrzaqovga nisbatan jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llansin.

Aral – Yaypan

Proliga 7-turi doirasidagi “Aral” – “Yaypan” uchrashuvi komissaridan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 28-daqiqasida mehmon jamoa futbolchisi A.Abdurashidov avtogol qayd etgani, stadion suxandoni avtogol muallifini stadionda e’lon qilib, bir necha bor takrorlagani, stadion suxandonining mazkur harakatlari raqib jamoa vakillariga nisbatan provokatsion tus kasb etgan bo‘lib, bu o‘z navbatida stadiondagi muhit keskinlashishiga, tartibsizlik yuzaga kelishiga hamda raqib jamoa murabbiylar shtabi va futbolchilarining e’tiroz bildirishiga sabab bo‘lgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 77-moddasiga asosan “Aral” futbol klubiga jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llansin.

Birinchi liga

Do‘stlik - Havokand

Birinchi liga 5-turi doirasidagi “Do‘stlik” – “Havokand” uchrashuvi komissaridan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvdan so‘ng “Havokand” futbol klubi futbolchilari va rasmiylari maydonni tark etayotgan hakamlar brigadasiga provakatsion xatti-harakatlarni amalga oshirib, hakamlarni haqorat qilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 63-moddasiga asosan “Havokand” futbol klubiga jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llansin.

Farg‘ona FA – Namangan FA

Birinchi liga 5-turi doirasidagi “Farg’ona FA” – “Namangan FA” uchrashuvi komissaridan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra “Namangan FA” Birinchi liga reglamentining 14.10-bandini buzgani, ya’ni klub uchrashuv qaydnomasiga klub shifokorini kiritishi kerakligi belgilangan bo’lsada, shifokorni uchrashuvga olib kelmagani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 77-moddasiga asosan “Namangan FA” futbol klubiga jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llansin.

Navoiy FA – Nasaf FJ

Birinchi liga 6-turi doirasidagi “Navoiy FA” – “Nasaf FJ” uchrashuvi komissaridan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra “Navoiy FA” Birinchi liga reglamentining 14.10-bandini buzgani, ya’ni klub uchrashuv qaydnomasiga klub shifokorini kiritishi kerakligi belgilangan bo’lsada, shifokorni uchrashuvga olib kelmagani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 77-moddasiga asosan “Navoiy FA” futbol klubiga jarima intizomiy jazosi qo‘llansin.

Guliston – Sirdaryo FA

Birinchi liga 6-turi doirasidagi “Guliston” – “Sirdaryo FA” uchrashuvi komissaridan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra “Guliston” futbol klubi mezbonligida o‘tgan uchrashuvga tez tibbiy yordam mashinasi va hodimlari 30 daqiqa stadionga kech kelishgani sababli uchrashuv 30 daqiqa kech boshlangani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 77-moddasiga asosan “Guliston” futbol klubiga jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llansin.

Lokomotiv FJ – Toshkent FA

Birinchi liga 5-turi doirasidagi “Lokomotiv FK” – “Toshkent FA” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 22-daqiqasida “Toshkent FA” futbol klubi futbolchisi Javohir Olimov to‘p uchun kurashda oyog‘ining tag qismi bilan raqib jamoa futbolchisining oyog‘iga zarba bergani uchun qizil kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 62-moddasiga asosan “Toshkent FA” futbol klubi futbolchisi Javohir Olimovga nisbatan 3 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) intizomiy jazo chorasi qo‘llanilsin.

Sirdaryo FA – Jizzax FA

Birinchi liga 5-turi doirasidagi “Sirdaryo FA” – “Jizzax FA” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 90+3-daqiqasida “Jizzax FA” futbol klubi murabbiyi Olim Kushbakov zaxira hakami sha’niga nomaqbul so’zlar ishlatib haqorat qilgani uchun qizil kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 62-moddasiga asosan “Jizzax FA” futbol klubi murabbiyi Olim Kushbakovga nisbatan 3 ta o‘yinga chetlashtirish(diskvalifikatsiya) intizomiy jazo chorasi qo‘llanilsin.

Ahmedov FK – Bunyodkor FJ

Birinchi liga 6-turi doirasidagi “Ahmedov FK” – “Bunyodkor FJ” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 52-daqiqasida “Bunyodkor FJ” futbol klubi futbolchisi Shahobiddin Po‘latov qo‘li bilan raqib jamoa futbolchisining yuziga urgani uchun qizil kartochka ko‘rsatilgani, zaxira hakamining ko‘rsatmasiga binoan ushbu futbolchi maydonni tark etayotganda “Ahmedov FK” futbol klubi futbolchisi Humoyun Sindarov uni urmoqchi bo‘lgani va ushbu futbolchiga ham qizil kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 62-moddasiga asosan “Bunyodkor FJ” futbol klubi futbolchisi Shahobiddin Po‘latovga nisbatan 2 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) intizomiy jazo chorasi qo‘llanilsin.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 62-moddasiga asosan “Ahmedov FK” futbol klubi futbolchisi Humoyun Sindarovga nisbatan 2 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) intizomiy jazo chorasi qo‘llanilsin.

U-19 chempionati

Olimpik-MobiUZ U19 – Metallurg U19

U19 chempionati 3-turi doirasidagi “Olimpik-Mobiuz U19” – “Metallurg U19” uchrashuvi komissaridan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra “Olimpik-Mobiuz U19” jamoasi uchrashuvni tashkil qilishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan. Jumladan, jamoani 1-turda komissar ogohlantirganiga qaramasdan 3-turga kelib ham musobaqaning 2026-yildagi U19 chempionati markaziy banerini o‘rnatmagani, uchrashuvdan so‘ng uchrashuv video yozuvini Ligaga taqdim etishi kerak bo‘lgan mezbon jamoa, faqatgina uchrashuvning 2-bo‘lim video yozuvini taqdim qilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 77-moddasiga asosan “Olimpik-Mobiuz” futbol klubiga jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llansin.

Aral U19 – Xorazm U19

U19 chempionati 3-turi doirasidagi “Aral U19” – “Xorazm U19” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 49-daqiqasida “Aral U19” futbol klubi futbolchisi Dauletiyar Medetbayev to‘p uchun kurashda to’pga ulgurmay raqib jamoa futbolchisining yuziga qo‘li bilan urgani uchun unga qizil kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 62-moddasiga asosan “Aral” futbol klubi futbolchisi Dauletiyar Medetbayevga nisbatan 2 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) intizomiy jazo chorasi qo‘llanilsin.

U19 chempionati 3-turi doirasidagi “Aral U19” – “Xorazm U19” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 85-daqiqasida “Xorazm U19” futbolchisi Komiljon Umrbekov to‘p yo‘q vaziyatda oyog‘i bilan raqib jamoa futbolchisining oyog‘iga zarba bergani uchun qizil kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 62-moddasiga asosan “Xorazm” futbol klubi futbolchisi Komiljon Umrbekovga nisbatan 4 ta o‘yinga chetlashtirish(diskvalifikatsiya) intizomiy jazo chorasi qo‘llanilsin.

G‘azalkent U19 – Navbahor U19

U19 chempionati 4-turi doirasidagi “G‘azalkent U19” – “Navbahor U19” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 71-daqiqasida “G‘azalkent U19” jamoasi futbolchisi Odilxo‘ja Bahodirov to‘p uchun kurashda havodagi to‘pga oyog‘ini baland ko‘tarib raqib jamoa futbolchisining yuziga oyog‘i bilan zarba bergani uchun qizil kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 62-moddasiga asosan “G‘azalkent” futbol klubi futbolchisi Odilxo‘ja Bahodirovga nisbatan 2 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) intizomiy jazo chorasi qo‘llanilsin.

U19 chempionati 4-turi doirasidagi “G‘azalkent U19” – “Navbahor U19” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 90+2-daqiqasida “G‘azalkent U19” jamoasi futbolchisi Saddam Ahmadov to‘psiz vaziyatda raqib jamoa futbolchisiga kuch ishlatib yiqitib, tana qismiga qo‘li bilan zarba bergani uchun qizil kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 62-moddasiga asosan “G‘azalkent” futbol klubi futbolchisi Saddam Ahmadovga nisbatan 4 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) intizomiy jazo chorasi qo‘llanilsin.

Metallurg U19 – Nasaf U19

U19 chempionati 4-turi doirasidagi “Metallurg U19” – “Nasaf U19” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvdan so‘ng “Metallurg U19” jamoasi murabbiyi Zaxid Abdullayev yordamchi hakam sha’niga nomaqbul so‘zlar ishlatib, haqorat qilgani uchun qizil kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 62-moddasiga asosan “Metallurg” futbol klubi murabbiyi Zaxid Abdullayevga nisbatan 3 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) hamda jarima intizomiy jazo choralari qo‘llanilsin.

Respublika FA U19 – Bunyodkor U19

U19 chempionati 4-turi doirasidagi “Respublika FA U19” – “Bunyodkor U19” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 28-daqiqasida “Bunyodkor U19” jamoasi futbolchisi Ozodbek Abduraxmonov to‘p uchun kurashda havodagi to‘pga oyog‘ini baland ko‘tarib raqib jamoa futbolchisining yuziga oyog‘ining tag qismi bilan zarba bergani uchun qizil kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 62-moddasiga asosan “Bunyodkor” futbol klubi futbolchisi Ozodbek Abduraxmonovga nisbatan 2 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) intizomiy jazo chorasi qo‘llanilsin.

Paxtakor U19 – Kattaqo‘rg‘on U19

U19 chempionati 4-turi doirasidagi “Paxtakor U19” – “Kattaqo‘rg‘on U19” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 82-daqiqasida “Paxtakor U19” jamoasi murabbiyi Otabek Mansurov hakam qaroriga davomiy e’tiroz bildirgani va zaxira hakami bilan tortishgani uchun qizil kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 62-moddasiga asosan “Paxtakor” futbol klubi murabbiyi Otabek Mansurovga nisbatan 2 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) intizomiy jazo chorasi qo‘llanilsin.

Dinamo U19 – Olimpik-MobiUZ U19

U19 chempionati 4-turi doirasidagi “Dinamo U19” – “Olimpik-Mobiuz U19” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 79-daqiqasida “Dinamo U19” jamoasi futbolchisi Muhriddin Abdug‘aniyev zo‘ravon xatti-harakatlar bilan raqib jamoa futbolchisining ko‘krak qafasiga musht bilan zarba bergani uchun qizil kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 62-moddasiga asosan “Dinamo” futbol klubi futbolchisi Muhriddin Abdug‘aniyevga nisbatan 2 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) intizomiy jazo chorasi qo‘llanilsin.

Kattaqo‘rg‘on U19 – Lokomotiv U19

U19 chempionati 5-turi doirasidagi “Kattaqo‘rg‘on U19” – “Lokomotiv U19” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 88-daqiqasida ikki jamoa o‘rtasida tartibsizlik kelib chiqgani, yordamchi hakam futbolchilarni ajratishga urungan bir paytda “Lokomotiv U19” jamoasi futbolchisi Jamshidjon Orziqulov zo‘ravon xatti-harakatlar bilan yordamchi hakamni ko‘kragidan itargani uchun qizil kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 62-moddasiga asosan “Lokomotiv” futbol klubi futbolchisi Jamshidjon Orziqulovga nisbatan 2 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) intizomiy jazo chorasi qo‘llanilsin.

Navbahor U19 – Andijon U19

U19 chempionati 5-turi doirasidagi “Navbahor U19” – “Andijon U19” uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan, unga ko‘ra uchrashuvning 40-daqiqasida “Andijon U19” jamoasi murabbiyi Anvarjon Nazirov hakam qaroriga e’tiroz qilgani uchun sariq kartochka ko‘rsatilgandan so‘ng, yordamchi hakam sha’niga nomaqbul so‘zlar ishlatib haqorat qilgani uchun qizil kartochka ko‘rsatilgani aniqlandi.

Qaror: O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 62-moddasiga asosan “Andijon” futbol klubi murabbiyi Anvarjon Nazirovga nisbatan 3 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) intizomiy jazo chorasi qo‘llanilsin.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting