Superliga. Oktabr oyida siz ko'rishingiz shart bo'lgan 5 uchrashuv
O'zbekiston Superligasi o'zining eng qizg'in pallasi tomon harakat qilmoqda. O'zbekiston kubogi musobaqasida esa final allaqachon yaqinlashgan.
Neftchi — OKMK
19-oktabr kuni O'zbekiston Superligasi 25-turidan o'rin olgan Neftchi va OKMK o'yini bo'lib o'tadi.
Vitaliy Levchenko jamoasi chempionlik uchun kurashga jiddiy kirishgan. Hozirda farg'onaliklarning Nasaf bilan oradagi farqi 2 ochkoni tashkil etmoqda. Shu sababli, Neftchi endi xatoga yo'l qo'yishga haqli emas.
Boshqa tomondan, OKMK ham medallar uchun kurashdan chiqib ketgani yo'q. Shunday ekan, Mirjalol Qosimov boshchiligidagi jamoa ham Farg'onaga g'alaba ilinjida kelishi ehtimoldan xoli emas.
OKMK — Nasaf
26-oktabr kuni O'zbekiston Superligasining 26-turidan o'rin olgan OKMK va Nasaf o'yini bo'lib o'tadi.
Ushbu jamoalar o'rtasidagi dastlabki bahs Qarshida bo'lib o'tgan va o'shanda Ro'ziqul Berdiyev jamoasi 2:1 hisobida g'alaba qozongan edi. Shu bois, bu safar OKMK klubi revansh olish uchun barcha imkoniyatini ishga soladi.
Ayni paytda Nasaf ham ochko yo'qotishga aslo tayyor emas. Neftchi klubi "Ajdarlar"ni izma-iz ta'qib qilib bormoqda. Shunday ekan, Qarshi klubi ham Olmaliqqa faqat g'alaba uchun yo'l olishi aniq.
Navbahor — Nasaf
30-oktabr kuni O'zbekiston Superligasining 27-turi doirasida Navbahor klubi o'z maydonida Nasafni qabul qiladi.
Matematik jihatdan olganda, Navbahor klubi medallar uchun kurashdan hali chiqmagan. Bundan tashqari, birinchi davra o'yinida jamoa Nasafga yutqazgan. Shu sababli, Namangan klubi bu safar imkoniyatlarni ishga solib, g'alaba uchun harakat qiladi.
Buxoro — So'g'diyona
23-oktabr kuni O'zbekiston Superligasining 26-turidan o'rin olgan bahsda Buxoro klubi o'z maydonida So'g'diyonani qabul qiladi.
Bu o'yin natija nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega emasdek tuyulishi mumkin. Ammo O'zbekiston kubogi musobaqasining yarim finalida aynan Buxoro jamoasi So'g'diyona klubini mag'lub etib, finalga yo'l olgan edi. Bu esa jizzaxlik muxlislarning hafsalasini pir qilgan edi.
Bo'lajak o'yinda So'g'diyona oldida yarim finaldagi xatosini to'g'irlash uchun imkoniyat bor. Ivan Boshkovich jamoasi ham bu imkoniyatdan unumli foydalanish uchun harakat qiladi.
Paxtakor — Buxoro
29-oktabr kuni mavsumdagi eng muhim o'yinlardan biri Andijondagi “Bobur arena”da bo'lib o'tadi. Shu kuni muxlislar O'zbekiston kubogi musobaqasining final bahsiga guvoh bo'lishadi.
Paxtakor bir necha yildan beri musobaqa finaliga chiqa olmayotgandi. Nihoyat, jamoa to'rt yil deganda finalga qaytdi. Buxoro esa o'z tarixida ilk bor O'zbekiston kubogining hal qiluvchi bahsiga yo'l oldi.
Ushbu o'yin g'olibligi jamoalarga nafaqat musobaqa kubogini, balki, kelasi yili xalqaro musobaqada ishtirok etish huquqini ham taqdim etadi.