Shukron Yo‘ldoshev: «Sog‘diyona»ga qarshi g‘alaba uchun maydonga tushamiz»
O‘zbekiston Superligasining 17-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Sog‘diyona” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv arafasida “lochinlar”ning 23 yoshli mahoratli darvozaboni Shukron Yo‘ldoshev bo‘layotgan o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Ertaga bizni juda muhim o‘yin kutib turibdi. "Sog‘diyona" jamoasi yozgi transferlar "oynasi"da tarkibni sezilarli darajada kuchaytirdi. Tarkibga yaxshi futbolchilar jalb etildi. Lekin biz muxlislarimizni xursand qilishga intilamiz.
Ikkinchi davra bahslariga tayyorgarlik doirasidagi yig‘inda jismoniy tayyorgarlikka katta urg‘u berdik, qolaversa, ertangi o‘yinga ham munosib tayyorgarlik ko‘rganmiz. Ichki muhitda muammolar yo‘q. Shu sababli ham safimizga yangi qo‘shilganlar jamoaga tezda moslashib keta olishdi. Hozirda barchamiz bitta maqsad yo‘lida birlashganmiz va ertangi bahsda faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz”, - deya Yo‘ldoshevning so‘zlaridan keltiradi klub matbuot xizmati.