«Shahar bayramida g'alaba shart edi» – Abramov
"Dinamo" - "Buxoro" (4:1) uchrashuvidan keyin Samarqand jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
O‘yin va superkamback haqida
- O‘yinni yomon boshlamagandik, ilk daqiqalardayoq yaxshi vaziyatdan foydalana olmadik. Keyin esa raqib kutilmaganda ilk imkoniyatidan gol urib ketdi. Biz raqib autdan to‘pni jarima maydoniga uloqtirib, bo‘ydor o‘yinchilari evaziga vaziyat yaratishini bilardik, buni yigitlarga ham aytgandik, biroq tushunarsiz tarzda gol o‘tkazdik. Goldan so‘ng esa o‘yinni tashkil etishda xatoga yo‘l qo‘ydik. Birinchi bo‘limdagi o‘yinimizdan qoniqmadim. Ikkinchi bo‘limda esa o‘zgarishga erishdik va jamoamdan minnatdorman. To‘pni o‘zimizda saqlab, hujumkor o‘ynadik. Samarqand shahar bayrami kuni stadionga kelgan minglab muxlislarimizni xursand qilishimiz shart edi. Ularga ham tomoshabop o‘yinimiz yoqqan deb o‘ylayman.
"Buxoro"ning zich himoyasi va bo‘ydor o‘yinchilari haqida
- "Buxoro"ning o‘yini kuchli va bo‘ydor o‘yinchilar ustiga qurilgan, standart vaziyatlar ularning asosiy quroli ekanini bilardik. Ikkinchi bo‘limda o‘zgarish qilishga majbur bo‘ldik va hisobni tenglashtirganimizdan keyin jamoamiz raqib himoyasini yorib o‘ta oldi. Ehtimol, unga qadar milliy jamoa bosh murabbiyi o‘yinga kelgani ham futbolchilarga avvaliga ta’sir qilgandir, chunki bunday paytda jamoaviy o‘yin emas, o‘yinchilar o‘zlarini ko‘proq ko‘rsatishga harakat qilishadi. Balki FIFA kunlari sabab uzoq muddat rasmiy o‘yin amaliyotisiz qolganimiz ham ta’sir qilgandir, masalan, Jahongir O‘rozov anchadan beri jamoamizda yo‘q edi, uzoq safarga aynan sayyohdek borib kelgani, unga o‘yin amaliyoti yetishmagani birinchi bo‘limda sezildi. 6 kundan keyin yana o‘yin, umid qilamanki, tezroq tiklanib, tayyor bo‘lamiz.
Firdavs Abdurahmonovning dubl va o‘sishi haqida
- U o‘yini bilan yoshlar jamoasiga chaqirildi va gol urdi. Bugungi o‘yini ham xursand qiladi. Uning imkoniyatini bilaman, turli nuqtalarda sinab ko‘raman. Samarqandlik yosh o‘yinchi sifatida undagi o‘sish quvonarli, u ishlashdan to‘xtamasligi va yuqori saviyali futbolchi darajasiga o‘sishi kerak. Tarkibda samarqandlik yosh futbolchilar sonini ko‘paytirish ustida ishlashda davom etamiz.
Hojimirzayevning goli va nuqtasiga qaytgani haqida
- Tarkibdagi jarohatlar sababli Hojimirzayevni o‘z nuqtasida emas, aniq hujumchi sifatida o‘ynatishga majbur edik. Raqiblar esa buni yaxshi o‘rganib olib, har safar Anvarning o‘zi 3-4 nafar himoyachiga qarshi o‘ynashiga to‘g‘ri kelardi. Bunday vaziyatda uning zimmasiga katta yuk tushardi. Bugun Hoshimov maydonga qaytgach, Hojimirzayev o‘zini yaxshi his qiladigan, o‘zi uchun samarali bo‘lgan nuqtasiga qaytdi va ajoyib gol urdi. Umid qilamanki, bu milliy jamoa bosh murabbiyiga ham yoqdi, har holda bunday golni mashg‘ulotda urish boshqa, o‘yinda, milliy jamoa murabbiyi kuzatayotganda urish boshqa narsa. Bu gol unga milliy jamoa safidan o‘rin olishiga yordam berishiga umid qilaman.
Stanoevichning supergoli va o‘yinni o‘zgartirgani haqida
- Marko – tajribali futbolchi, uni yaxshi bilamiz, imkoniyatlaridan xabardormiz. U zaxiradan tushdi va katta tajribaga ega haqiqiy ustasi mana shunday harakat qilishi kerak. U o‘yini bilan bizga katta yordam berdi, undan minnatdorman. Bugun uning kuni bo‘ldi.
Hoshimov va Mirahmadovning qaytishi haqida
- Ulug‘bek Hoshimov uzoq muddat bizga yordam bera olmadi va mashg‘ulotlar jarayonida uning hali to‘liq kirisha olmayotgani sezilyapti, ya’ni qo‘rquv bor, hali o‘zini ehtiyot qilishga harakat qilmoqda. Shu bois hali uni ilk daqiqalardanoq tushirmadik. Vaziyat shuni taqazo etgach, Anvarni qanotga olib, uni markazga qo‘ydik. Umid qilamanki, Ulug‘bek endi jarohat olib qolmaslik haqida o‘ylamaydi, chunki bunga qadar u tekis joyda ikki bor jarohat olgan, shuning uchun o‘zini ehtiyot qilishga urinayotgan edi. Mirahmadov ham jarohatdan qaytgach, hali o‘zini ehtiyot qilishga harakat qilayotgani mashg‘ulotlarda ko‘rinmoqda. Ya’ni, har ikki hujumchimiz ruhiy jihatdan tayyor emas. Bu o‘tkinchi holat. Bu borada ularga yordam beramiz va maydonga tushiramiz.
Jahongir Abdusalomovning tarkibda yo‘qligi haqida
- Fikringizga qo‘shilaman, 1-bo‘limda Abdusalomovning yo‘qligi bilinib qoldi. Chunki, bunga qadar hujumkor markazdagi o‘yinimiz u orqali qurilardi. Birinchi bo‘limda yigitlar uni izlagandek bo‘lishdi. Markazdagi uchburchak – Ratinho, Pletnev va Abdusalomov kombinatsiyamiz buzilgandek edi. Shu bois ham hujumlarni to‘g‘ri tashkil qila olmadik. "Surxon" bilan o‘yinda gol urgach olgan jarohati sabab uni taxminan 20 kun kutishga majbur bo‘ldik. U tez orada mashg‘ulotlarga qaytishiga umid qilaman, - dedi Vadim Karlenovich o‘yindan keyingi matbuot anjumanida.