Sergey Lushan: «Nihoyat, o‘z darvozamiz daxlsizligini saqlab qoldik»
G‘uzorda bo‘lib o‘tgan «Mash’al» va «Surxon» klublari ishtirokidagi uchrashuvda hisob ochilmadi. Ushbu durangdan so‘ng muborakliklar ustozi Sergey Lushan matbuot anjumanida qatnashdi.
— Nihoyat, darvozamiz daxlsizligini saqlab qoldik. Umuman olganda, o‘yindan, uning mazmunidan, ayniqsa, himoyadagi jamoaviy harakatlarimizdan qoniqdim. Biz futbolchilardan nimani talab qilgan bo‘lsak, ular maydonda shuni bajarishdi. Bizda hali ham jiddiy muammolar bor. Bu muammolar hujumlarni yakunlash bosqichida ko‘zga tashlanmoqda. Himoyadan hujumga o‘tish borasida biroz yaxshilandik, ammo aynan hujumlarning yakuniy bosqichida qiynalyapmiz. Yana bir bor ta’kidlayman, jamoaning o‘yinidan mamnunman. Agar natijadan qoniqmayotgan bo‘lsam ham, hech bo‘lmaganda, nihoyat himoyada o‘z darvozamizni daxlsiz saqlab qolganimizdan xursandman. Bugungi o‘yindan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu edi.
— Murtazoyev maydonga ancha kech tushirildi. Unda biror jarohat bormi yoki bu taktik qarormidi? Nega uni faqat uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida maydonga tushirdingiz?
— Men shunday qarorga keldim. Ergashevning harakatlari meni to‘liq qoniqtiradi. Agar u kuchliroq o‘ynasa, maydonga tushadi, aks holda zaxirada qoladi. Men uchun futbolchining familiyasi muhim emas. Qolaversa, biz yangi jamoa quryapmiz va asosiy e’tiborimizni kelasi yilgi mavsumga qaratganmiz. Biz ishlaymizmi yoki boshqa murabbiylar ishlaydimi, baribir jamoa tarkibi 99 foizga yangilanadi. Rahbariyat oldimizga shunday vazifa qo‘ygan: tarkibni to‘liq yangilash va imkon qadar o‘z tarbiyalanuvchilarimizdan iborat muayyan o‘zakni shakllantirish.
Albatta, faqat o‘z futbolchilarimiz bilan buni uddalay olmaymiz. Moliyalashtirish bo‘lsa, tarkibni kuchaytirishimizga to‘g‘ri keladi. Lekin hozir asosiy e’tiborni o‘yin jarayoniga qaratyapmiz. Bizda shoshilinch vazifa yo‘q. Turnir jadvalidagi o‘rnimiz bizni mutlaqo tashvishga solmayapti. Shuning uchun yoshlarga imkoniyat beryapmiz, ularni sinovdan o‘tkazyapmiz. Kimdir bu imkoniyatdan foydalanyapti, kimdir hozircha uddalay olmayapti. Ammo ertami-kechmi, ularning barchasi bu darajaga yetishadi, deb o‘ylayman. Hozircha esa kuzatishda davom etyapmiz.
— Jamoaning bugungi ahvolga tushib qolishida, birinchi navbatda, iqtisodiy muammolar sabab bo‘lgani aytilmoqda. Ikkinchi tomondan, «Mash’al» o‘z maydonini talab darajasiga keltirmagunicha Superligada uy uchrashuvlarini o‘tkaza olmaydi. Buning uchun esa katta mablag‘ va homiy kerak. Futbolchilar jamoa o‘z maydonida o‘ynay olmayotganini, maydonni ta’mirlash imkoniyati yo‘qligini bilgani ham ularning bu holatga tushib qolishiga sabab bo‘ldimi?
— Keling, avvalo, bir narsani tushunib olaylik: futbol — bu kasb. Agar sizga olti oy davomida maosh to‘lanmasa, birinchidan, maydonga tushib o‘ynash istagi qolmaydi. Ikkinchidan, bu holatning boshqa sabablari ham bor.
Mening nazarimda, yil boshida yaxshi jamoa shakllantirilgan edi. Mavsumni ham yaxshi boshlagandik. Ammo pullar o‘z vaqtida to‘lanmagani sababli asosiy futbolchilardan bir nechtasi ariza yozib, jamoani tark etdi. Hozirgacha ularning FIFA orqali to‘lanishi kerak bo‘lgan mablag‘larini to‘lab kelyapmiz, lekin ular endi maydonga tushib berishmaydi. Natijada jamoa birinchi davraning o‘rtasiga kelib, amalda tarkibsiz qoldi. Mavsum davomida o‘ynashi kerak bo‘lgan asosiy futbolchilarning ko‘pchiligi jamoada yo‘q edi.
Yana bir masala bor: murabbiy aybdormi yoki futbolchilarmi? Menimcha, bu yerda gap futbolchilar haqida ketishi kerak. Men ham futbolchi bo‘lganman, shuning uchun ba’zi holatlarni umuman tushuna olmayman. Agar 11 nafar futbolchi ketma-ket mag‘lub bo‘laversa, bu faqat murabbiyga bog‘liq masala emas. Bu, avvalo, futbolchilarga taalluqli savol. Axir qanday qilib 11 kishi shunday o‘yin ko‘rsatishi mumkin? Ko‘chadan oddiy odamlarni yig‘ib kelib, maydonga tushirsangiz ham, ular hech bo‘lmaganda bir o‘yinda darvozasidan gol o‘tkazmaslikka harakat qiladi. Hatto murabbiysiz ham shunday qilish mumkin. Bu futbolchilarning ruhiy holatiga, ularning o‘ynashni xohlashi yoki xohlamasligiga bog‘liq.
Albatta, bularning ortida moliyaviy ahvol turibdi. Men ham futbolchi bo‘lganman. O‘zimiz ham olti oy maosh olmagan paytlar bo‘lgan. Shunday vaziyatda futbol o‘ynashga ishtiyoq qolmaydi. Axir oilangiz, ikki nafar farzandingiz bor. Ularning ehtiyojlari, ro‘zg‘or tashvishlari xayolingizdan ketmaydi. Bunday paytda qanday qilib futbol haqida, mashg‘ulotlar haqida o‘ylash mumkin?
Shuning uchun professional sportda, umuman, har qanday sohada moliyaviy barqarorlik juda muhim. Biz ham tirikchilik qilish, oilamizni boqish uchun pul topamiz. Qolaversa, futbolchining faoliyati qisqa — bor-yo‘g‘i 15 yil atrofida. Agar shu davrda pul topmasa, qachon topadi? Unda yaxshisi, darhol biznes bilan shug‘ullangani ma’qul.
Umuman, bu masalada mayda-chuyda narsalar yo‘q. Moliyaviy barqarorlik, mehnat qobiliyati va mehnatsevarlik — bularning barchasi bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Agar shu zanjirning bitta bo‘g‘ini uzilsa, ishlash juda qiyinlashadi. Fikrimni tushuntira oldim, deb o‘ylayman.
— Mavsum yakuniga yaqinlashmoqda. Avvalgi intervyularingizdan birida «Mash’al» tarkibida yana yosh futbolchilarga imkoniyat berishingizni aytgandingiz. Mavsum oxiriga qadar U-21 tarkibidan G‘ofurov, Shomurodov, Valijonov, 2007 yilda tug‘ilgan futbolchilar va boshqa yoshlarni Superligada ko‘ramizmi?
— Ha, albatta. Nega bunday bo‘layotganini bilmayman, lekin bizning asosiy muammomiz yoshlarni maydonga tushirishni xohlamasligimizda emas. Muammo shundaki, asosiy jamoa o‘yinidan bir kun oldin dubl ham uchrashuv o‘tkazadi. Bizning ixtiyorimizda esa jami 30 nafar futbolchi bor. Shuning uchun kimnidir 15 daqiqaga, boshqasini boshqa vaqtga tushirishga majburmiz.
Bundan tashqari, dubl jamoamiz ham o‘ynayapti. Bir xil futbolchilar bilan ham asosiy jamoada, ham dublda o‘ynay olmaymiz-ku. Shu sababli tarkibni turli pozitsiyalar bo‘yicha o‘zgartirib turishga harakat qilamiz.
Masalan, hozir Bashnyak umuman o‘ynamagan edi. Lekin uni asosiy jamoa qaydnomasiga kiritishga majbur bo‘ldik. Chunki kecha G‘ofurov ham, Shomurodov ham dubl uchun ikki taymdan o‘ynadi. Endi ularni bugun qanday qilib maydonga tushiramiz? Biz robot emasmiz, futbolchilar ham shuncha yuklamani ko‘tara olmaydi.
Bashnyakni dubl jamoasiga qo‘shish ham kulgili bo‘lardi. U legioner sifatida kelgan, uning dublda o‘ynashi ham to‘g‘ri emas. Agar Mo‘ydinov almashtirishni so‘ramaganida, Abdurahimovda imkoniyat bo‘lardi. Hozir shunday variant ham bor edi. Lekin Abdurahimov hech qachon uch himoyachi bilan o‘ynaydigan tizimda aynan shu pozitsiyada harakat qilmagan. Shuning uchun boshqa qaror qabul qildik.
Qisqasi, biz vaziyatdan kelib chiqib ishlayapmiz. Ertaga kim maydonga tushishini oldindan aniq belgilab qo‘yish imkonimiz yo‘q. Hozir kim o‘ynashga tayyor bo‘lsa, o‘shani maydonga tushiramiz.
Afsuski, vaziyat shunday. Bizda tarkibni o‘zgartirish va futbolchilarni tanlash imkoniyati cheklangan. Umid qilamanki, kelajakda moliyaviy imkoniyatlar paydo bo‘ladi, seleksiya ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Shunda, albatta, yoshlarga yanada ko‘proq imkoniyat beramiz.
Siz haqsiz, bizning asosiy tayanchimiz yoshlardan iborat. Har bir o‘yinda dubl jamoasi bahslarini kuzatishga boramiz. Buni shunchaki majburiyat sifatida emas, qiziqish bilan amalga oshiramiz.
Futbolchilarning harakatlarini qayd etib boramiz, ularni qaysi pozitsiyada sinab ko‘rish mumkinligini o‘rganamiz. Yoshlar jamoasi murabbiyidan ham futbolchilarni turli pozitsiyalarda sinab ko‘rishni so‘raymiz.
Ular hammasi biz bilan birga mashg‘ulot o‘tkazishadi. Hozir esa yana biroz guruhlarga ajratdik. Chunki 34 nafar futbolchi bilan bir vaqtda mashg‘ulot o‘tkazish oson emas. Shuning uchun ularni guruhlarga bo‘lib, turli variantlarni sinab ko‘ryapmiz va kuzatyapmiz. Shunga qaramay, barchasi doimiy nazoratimizda», - deya Lushanning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.