Rossiya klubi o‘zbek futbolchisiga o‘rinbosar topdi
Rossiya Premyer-ligasida harakat qilayotgan Qozonning "Rubin" klubi O‘zbekistonlik markaziy himoyachi Rustam Ashurmatovning o‘rnini egallaydigan futbolchini topdi. Jamoa Gonduras terma jamoasi a’zosi — 27 yoshli Denil Maldonadoni o‘z safiga qo‘shib oldi.
Mahalliy manbalarga ko‘ra, "Rubin" bu transfer uchun Ruminiyaning "Universitatea Kluj" klubiga 800 ming yevro to‘lagan. Transfermarkt portali Maldonadonining bozor qiymatini 1,8 million yevro deb baholagan.
Ushbu xarid jamoa himoya chizig‘ini yangilash bo‘yicha rejaning bir qismi sifatida amalga oshirildi. Maldonado jismoniy tayyorgarligi, havodagi kurashlarda ustunligi va o‘yinni to‘g‘ri anglash qobiliyati bilan "Rubin" murabbiylari tomonidan yuqori baholanmoqda.
Ayni paytda, Rustam Ashurmatovning "Rubin" bilan shartnomasi yakunlanmoqda va u katta ehtimol bilan o‘z faoliyatini O‘zbekistonda — Fargonaning "Neftchi" klubida davom ettiradi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu qaror himoyachi uchun mantiqiy qadam bo‘lib, u yangi jamoasida asosiy o‘yinchiga aylanishi va yoshlarga tajribasini ulashishi mumkin.