Otabek Narzullayev: «Bugun ayniqsa himoyada ko‘p xato qildik»
Superliga 17-turidan o‘rin olgan "Mash'al" - "Dinamo" (2:4) uchrashuvidan so‘ng "Mash'al" bosh murabbiyi Otabek Narzullayev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Dastlab o‘yin haqida fikringiz?
- "Uchrashuvni yaxshi boshladik, 2:0 hisobida oldinga chiqib oldik, keyin esa yuzaga kelgan xatolar o‘zimizga qimmatga tushdi. Bugun ayniqsa himoyada ko‘p xato qildik. Birinchi taymdagi g‘alabani ushlab qolmaganimiz qiyin bo‘ldi. Futbolchilar bilan psixologik tomondan ishlashga to‘g‘ri kelmoqda. Jamoamizda potensial yaxshi, faqat futbolchilar o‘z kuchiga ishonmayapti. Ko‘p emas, ozgina ishonch bo‘lsa, g‘alabalar albatta keladi deb o‘ylayman.
- Bugun asosiy xato nimada bo‘ldi?
- Biz g‘alabaga erta ishonib yubordik va o‘yin qolgan qismini 2:0ni ushlab qolishga harakat qildik. O‘yin boshida urilgan gol — bu hali g‘alaba degani emas. Ko‘proq hujumga o‘tishimiz kerak edi. Himoyaga erta yotganimiz salbiy ta’sir qildi. Avvalgi tur "Paxtakor" bilan ham erta himoyaga o‘tib olgandik. Jarohatdan chiqqan futbolchilarni ham maydonga tushiryapmiz, lekin ularning jismoniy holati to‘liq tayyor emas. Lekin shunga majbur bo‘lyapmiz.
- Bugungi o‘yinda ikkita gol urgan Behruzbek Obloqulov "Mash'al" akademiyasi tarbiyalanuvchisi. O‘z vaqtida qo‘l ostingizda "Mash'al" U-19 jamoasida o‘ynagan.
- Endi bu futbol. Bu o‘rinda bizni xursand qilishi mumkin bo‘lgan yagona jihat — Obloqulovning "Mash'al" akademiyasidan chiqqanligi. Lekin keyinchalik kim qaerda bo‘lishidan qat’i nazar, futbolchi o‘z ishini qiladi, murabbiy o‘z ishini qiladi. Futbolchining ishi maydonga chiqib, jamoasi uchun borini berish. Men natijadan xafaman, lekin Behruz uchun xursandman. Bu bola qancha o‘ssa, yana ham xursand bo‘laman. Biz esa o‘yinni tahlil qilamiz va kamchiliklarni o‘rganamiz. Bugun yutqazdikmi, demak men aybdorman va aybimni o‘z bo‘ynimga olaman.
- Xumoyun Murtazoyev qachon safga qaytadi?
- Nasib qilsa, keyingi o‘yinlarga qaytishi kerak. Xumoyun yo‘qligi biz uchun katta yo‘qotish. Shifokorlar qachon ruxsat berishsa, shundan so‘ng mashg‘ulotga qaytadi. Keyingi turni "So‘g‘diyona"ga qarshi o‘tkazamiz. Nasib qilsa, bu o‘yinga ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, Jizzaxdan yaxshi kayfiyat bilan qaytishga harakat qilamiz", — deya Narzullayevning so‘zlaridan keltiradi “Mash'al” klubi matbuot xizmati.