Otabek Narzullaev: «G'alaba uchun kelgandik, biroz omad yetishmadi»
Superliganing 18-turi doirasidagi "So‘g‘diyona" – "Mash'al" bahsidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Otabek Narzullaev matbuot anjumanida qatnashdi.
- 3 ochko uchun kelgan edik. Biroq ozgina omad yetishmadi. Xatolar evaziga gollar qo‘yib yuboryapmiz. Bilmayman bu nima bilan bog‘liq. Futbolchilarga har tomonlama tushuntiryapmiz, o‘rgatyapmiz. Jamoada yaxshi saviyadagi yigitlar yig‘ilgan. Ko‘p mehnat qilishga to‘g‘ri kelyapti. Faqatgina jamoaga o‘ziga bo‘lgan ishonch yetishmayapti. Shu sababli keyingi o‘yinlarga puxta tayyorgarlik ko‘ramiz. Mag‘lubiyatlar ko‘payib ketdi. Keyingi o‘yinlarda g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.
- Jamoga yangi kelib qo‘shilgan legioner Umar Aminu haqida fikringiz.
- Umar Aminu 2-3 kun oldin keldi. Yaxshi saviyadagi futbolchi. U kecha o‘yinoldi mashg‘ulotlarga qo‘shildi. Uning bugun 15-20 daqiqa maydonga tushirdik, uning jismoniy holati hali yaxshimas. Undan keyingi o‘yinlarda foydalansak bo‘ladi, balki asosiy tarkibda ham sinab ko‘ramiz", – deya Narzullaevning so‘zlaridan keltiradi “Mash'al” matbuot xizmati.