«Man Siti» emasmiz, buni to'g'ri tushunish kerak» – Vadim Abramov
Superliga 23-turi doirasidagi "Dinamo" - "Sho‘rtan" (2:0) o‘yinidan so‘ng Samarqand jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
- Kutganimdek, kubok yarimfinalidagi omadsizlikdan keyin bugun hissiy jihatdan og‘ir o‘yin bo‘ldi. Bugun jamoada tetiklik yetishmagandek bo‘ldi. Shunga qaramay, yigitlarga g‘alaba uchun rahmat aytish kerak. Tezkor gol urdik, bir qator vaziyatlarni golga aylantira olmadik, faqat yakunda ikkinchi golni kiritdik. "Sho‘rtan"ning qanday o‘ynashini bilardik, uzoq paslar va qarshi hujumlarga intildi. Nima bo‘lishi kerak bo‘lsa, bo‘ldi.
- So‘nggi ikki o‘yindagi alamli mag‘lubiyatdan keyin "Dinamo"dan bugun jiddiy qasd olish kutishgandi, ammo jamoa bor e’tiborini o‘yinga qaratolmagandek ko‘rindi...
- Bu hissiy holat bilan bog‘liq. Kubok yarimfinalidan keyin kayfiyat zo‘r emas. To‘rt kun avvalgi yarimfinaldagi 120 daqiqalik o‘yin, Toshkentdan qaytish, mashg‘ulotlar – tiklanish uchun ko‘p vaqt qolmagandi. Yana 4 kundan keyin Termizga uzoq safar kutib turibdi. Kuchimiz cheksiz emas, zaxiramiz ham uzun emas. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan futbolchilar tushgan bo‘lsa-da, vazifa osonlashib qolmadi. Bu borada muammolar bor, albatta.
- Birinchi bo‘limda gol urishni juda istagan Qodirqulovni tanaffusda almashtirdingiz, Hojimirzayevni ham qulay vaziyatdan foydalana olmagach, tarkibdan oldingiz...
- Aytganimdek, zaxira o‘rindig‘imiz tor. Hoshimov va yana aksariyat o‘yinchilarimiz jarohat olgan, diskvalifikatsiya bo‘lganlar bor. Anvar gol urmagan vaziyatda ayrim muxlislar baqirgani meni hayron qoldirdi, harqalay u jamoamiz yetakchisi, gol urib kelmoqda. Hamma ham bunday vaziyatlarni boshidan o‘tkazadi, shu paytda muxlislarimiz qo‘llab-quvvatlashi kerak. O‘sha muxlislar esa noto‘g‘ri munosabatda bo‘lishdi deb o‘ylayman. Ularni tushunaman – hamma bizning g‘alaba qilishimizni istaydi, lekin biz "Man Siti" emasmiz, buni to‘g‘ri tushunib qabul qilishlari kerak. Shusiz ham bor kuchimizni berib harakat qilayapmiz.
Gap faqat uning avvalgi o‘z nuqtasida ham o‘ynamayotganida emas, u katta hajmdagi ishni bajarmoqda, unga "yuklama" tushmoqda, 4 kun avval 120 daqiqa o‘ynadi, penaltidan gol ura olmagani uchun juda xafa bo‘ldi. Mana shunday ruhiy og‘ir pallada uni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga unga bosim qilishmoqda, u jamoamiz yetakchisi, muhim gollarimizni urmoqda.
Qodirqulov? Sanjarning imkoniyatlarini yaxshi bilaman, u tez orada eng yaxshi sport formasiga kirib, yetakchilik qobiliyatini ko‘rsatishiga ishonaman.
- "Surxon" bilan o‘yingacha jarohatlanganlardan kimdir tarkibga qaytishiga umid qilsak bo‘ladimi?
- Yo‘q. Jarohatlangan futbolchilardan kimdir qayta olsa, kamida oktyabr oyidagi FIFA kunlaridan keyin qaytadi, ungacha tarkibda bo‘lmaydi, - deydi Vadim Karlenovich matbuot anjumanida.