Iyul oyida tomosha qilishingiz shart bo'lgan 5 ta o'yin
Iyul oyi O'zbekiston Superligasi muxlislari uchun haqiqiy futbol bayramiga aylanishi kutilmoqda. Turnir jadvalining yuqori qismidagi jamoalar o'zaro to'qnash kelishi, tarixiy derbilar, prinsipial raqobatlar va chempionlik poygasiga bevosita ta'sir ko'rsatadigan uchrashuvlar futbol ishqibozlarini kutmoqda. Biz iyul oyida futbol muxlislari o'tkazib yubormasligi kerak bo'lgan beshta eng qiziqarli uchrashuvga alohida to'xtalib o'tamiz.
Neftchi – Buxoro (12-tur, 16-iyul)
Turning markaziy uchrashuvlaridan biri Farg'onada bo'lib o'tadi. Musobaqa peshqadami Neftchi 28 ochko bilan birinchi o'rinda borayotgan bo'lsa, Buxoro 20 ochko bilan kuchli uchlikdan joy olgan. Demak, bu bahs chempionlik poygasiga bevosita ta'sir qilishi mumkin.
Jamoalar yaqindagina O'zbekiston kubogi doirasida Buxoroda to'qnash kelishgan va o'sha uchrashuv golsiz durang bilan yakunlangan. O'tgan mavsum Farg'onada kechgan bahs esa mezbonlarning minimal – 1:0 hisobidagi g'alabasi bilan tugagandi. O'shanda uchrashuv taqdirini 89-daqiqada Yovan Jokich urgan gol hal qilgan. Bu safar ham muxlislarni keskin va murosasiz kurash kutmoqda.
Xo'sh, Neftchi peshqadamlikni mustahkamlaydimi yoki Buxoro Farg'onadan qimmatli uch ochko bilan qaytadimi?
Paxtakor – Lokomotiv (12-tur, 17-iyul)
Toshkent derbisi doimo o'zgacha muhitda o'tadi. Bu safar ham bundan mustasno emas. Ikkinchi o'rindagi Paxtakor (26 ochko) oltinchi pog'onadagi Lokomotivni qabul qiladi.
Bu jamoalar o'rtasidagi bahslar 2014–2019-yillar oralig'ida chempionlik uchun hal qiluvchi o'yinlarga aylangan edi. Lokomotiv safarda Paxtakorni oxirgi marta 2018-yilda 3:1 hisobida mag'lub etgan va aynan o'sha g'alaba temiryo'lchilarning chempionlik yo'lidagi eng muhim qadamlardan biri bo'lgan.
Jamoalarning Paxtakor stadionidagi so'nggi uchrashuvida esa mezbonlar 3:1 hisobida zafar quchgan. Doniyor Abdumannopov dubl qayd etgan, yana bir golni Dragan Cheran urgan bo'lsa, mehmonlarning yagona javob goliga Sardor Abdunabiyev mualliflik qilgan.
Tarix yana takrorlanadimi yoki Lokomotiv ko'p yillardan buyon kutilayotgan safardagi g'alabasini qo'lga kirita oladimi?
Buxoro – Bunyodkor (13-tur, 21-iyul)
13-turning markaziy bahslaridan biri Buxoroda bo'lib o'tadi. Turnir jadvalida uchinchi o'rinni egallab turgan Buxoro beshinchi pog'onadagi Bunyodkorni qabul qiladi.
Mazkur uchrashuv yuqori pog'onalar uchun kurashda katta ahamiyat kasb etadi.
Statistika esa bu gal mezbonlar foydasiga emas. Buxoro o'z maydonida 2017-yildan buyon Bunyodkorni mag'lub eta olmayapti. O'tgan mavsumdagi uchrashuvda ham qaldirg'ochlar 2:0 hisobida ustun kelgan. O'shanda Bobur Yo'ldoshev va Frane Ikichning gollari mehmonlarga g'alaba keltirgandi.
Xo'sh, Buxoro nihoyat omadsiz seriyasiga yakun yasaydimi yoki Bunyodkor yana noqulay raqib ekanini isbotlaydimi?
Bunyodkor – Paxtakor (14-tur, 26-iyul)
26-iyul kuni qariyb yigirma yillik tarixga ega Toshkent derbisi yana futbol ishqibozlari e'tiborini o'ziga qaratadi. Har ikki jamoa turnir jadvalining yuqori qismida borayotgani uchrashuv ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Qizig'i shundaki, Bunyodkor Superligada o'z maydonida o'tgan so'nggi beshta derbining uchtasida Paxtakorni mag'lub etgan. O'tgan mavsum Bunyodkor stadionida o'tgan bahs esa 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangan. O'shanda Temurxo'ja Abduxoliqov va Igor Sergeyev gol muallifiga aylangandi.
Bu gal derbida kimning qo'li baland keladi? Bunyodkor o'z maydonidagi ustunligini davom ettiradimi yoki Paxtakor prinsipial raqibidan revansh oladimi?
Neftchi – Navbahor (14-tur, 28-iyul)
Iyul oyining eng kutilayotgan uchrashuvi shubhasiz Farg'onada bo'lib o'tadi. Neftchi o'z maydonida azaliy raqibi Navbahorni qabul qiladi. Qolaversa, o'zbek futbolining yosh va istiqbolli murabbiylari Timur Kapadze hamda Islom Ismoilov o'rtasidagi taktik duel ham bahsga alohida joziba bag'ishlaydi.
Jamoalarning Farg'onadagi so'nggi uchrashuvlari doimo keskin o'tgan. O'tgan mavsumgi bahs esa uzoq vaqt muxlislar xotirasida qoladigan kambeklardan biriga aylangan.
O'shanda Neftchi 1:2 hisobida ortda borayotganiga qaramay, Zoran Marushichning ikkita goli evaziga 3:2 hisobida g'alabani ilib ketgan edi.