Islom Ahmedov: «O‘z falsafamizdan chekinmasdan o‘yin ko‘rsatishga harakat qildik»
"Andijon" — "Paxtakor" (0:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar ustozi Islom Ahmedov matbuot anjumanida savollarga javob berdi.
— O‘yin og‘ir kechishini bilardik. "Paxtakor" grand jamoa, tarkibida kuchli futbolchilar borligini yaxshi bilamiz. Kuchli murabbiyga ega. Shu sababli og‘ir o‘tishini sezgandik va shunga mos ravishda tayyorgarlik ko‘rdik. O‘z falsafamizdan chekinmasdan imkon qadar to‘pni nazorat qilish, hujumkor o‘yin ko‘rsatishga harakat qildik. Baribir "Paxtakor" bunga qarshilik ko‘rsatdi va biz xohlagandek o‘ynay olmadik. Raqib kuchli edi. O‘z maydonimizda muxlislarimizni g‘alaba bilan xursand qilishni istadik. Lekin durang bo‘lib qoldi.
— Bitta uchrashuvda ikkita qizil kartochka — bu intizom masalasida o‘ylantiradigan holat. Buning bo‘yicha qanday izoh berasiz?
— Birinchi vaziyatga kelsak, himoyachimiz pas orqali vaziyatdan chiqib ketmoqchi edi. Buni o‘zimiz futbolchilarimizga tushuntiramiz. Ha, xato bo‘ldi. Oxirgi folni qo‘lladi. Bu yerda tajovuzkorlik yo‘q edi. Bu vaziyatda o‘zini to‘xtata olmasligi ham mumkin, chunki u oxirgi himoyachi. Darvozaga to‘p kirib ketishidan xavotir olib, o‘z-o‘zidan raqibni ushlab qolish holati bo‘ladi. Ikkinchi vaziyatni oqlamasdim. To‘g‘ri aytyapsiz, ko‘rib chiqib, tegishli choralar ko‘ramiz.
— Ko‘pchilik yana Hamidullo Karimovdan gol kutgandi. Bu futbolchi belgilangan vaqtda tushmagandek tuyuldi. U haqida fikr bildirsangiz.
— Avvalgi o‘yinlarda Karimov o‘yin oxirlarida maydonga tushayotgan edi. Bugun esa biroz erta maydonga tushirdim. Ko‘proq vaqt bermoqchi bo‘ldik. Lekin majburiy o‘zgarishlar ham bo‘ldi, jarohati sababli futbolchimiz o‘yinni oxirigacha davom ettira olmadi. Xohlasangiz ham-xohlamasangiz ham, Hamidullo Karimovga qarshi milliy jamoa o‘yinchisi o‘ynadi. O‘z imkoniyatini ko‘rsatishi qiyin bo‘ladi.
— Maydon markazini kuchaytirish maqsadida Shohmalik Komilovni maydonga tushirsangiz bo‘lmasmidi?
— Bo‘lardi. Ammo Shohmalik jamoamizga yaqinda qo‘shildi. O‘yin falsafamizni tushuntirib boryapmiz. Vaqti kelib, uni ham maydonga tushiramiz.
— Qanot himoyachisi Mahmud MahamadjonoV o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatayotgandi. Almashinishiga nima sabab bo‘ldi?
— Majburiy o‘zgarish bo‘ldi. Uning o‘zi jarohati sababli zahiraga olishimizni so‘radi. Natijada almashtirishga majbur bo‘ldik.