locale OZ

Ilgiz Tantashev: «Kilian, hammasi yaxshi, kel o‘rningdan turgin, qo‘pol kontakt bo‘lmagan»

Tribuna.uz jurnalisti esa Tantashev bilan bog‘lanib, uni suhbatga ko‘ndirdi.
 Ilgiz Tantashev: «Kilian, hammasi yaxshi, kel o‘rningdan turgin, qo‘pol kontakt bo‘lmagan»
photo: gettyimages

Jahon chempionatida O‘zbekiston nomidan borgan va hakamlik qilgan Ilgiz Tantashev ham alohida e’tiborga loyiq. Har xolda u ham tarixga kirdi va yurtimizda Ermatovdan keyin u va uning brigadasi mundialda ishlagan o‘zbek hakamlari sifatida yodda qoladigan bo‘ldi.

Tantashev jahon chempionatidagi ishtirokini 2-turdan boshladi. Dastlab «S» guruhidagi Shotlandiya – Marokash (0:1), «J» guruhdagi Jazoir – Avstriya (3:3) hamda 1\8 finaldagi Paragvay – Fransiya (0:1) o‘yinlarini boshqardi.

Aynan Paragvay – Fransiya o‘yinidan keyin xorij nashrlarida Tantashevga nisbatan tanqidlar yuz berdi. Lekin bizning hakamlarimiz mundialda juda yaxshi ishlashdi va umumiy holatda o‘zlaridan yaxshi taassurot qoldirishdi. Axir FIFA jahon chempionatidagi eng yaxshi top-10 hakamlar ro‘yxatiga Tantashevni ham kiritgani bejiz emas. Bu unga berilgan bahodir.

Ilgiz va uning brigadasi yurtimizga qaytishi bilanoq Superliga o‘yinlarida ishlashga kirishib ketdilar. Avvaliga «Paxtakor» - «Lokomotiv» bahsida, endi esa vodiy derbisi doirasidagi «Neftchi» hamda «Navbahor» uchrashuvini boshqaradi.
Tribuna.uz jurnalisti esa Tantashev bilan bog‘lanib, uni suhbatga ko‘ndirdi.

- Jahon chempionatidagi ishtirok bilan tabriklayman. Qolaversa, siz mundialning eng yaxshi 10 nafar hakamlari ro‘yxatidan ham joy oldingiz. Taassurotlar qanday, nimalarni his qildingiz?

- Umuman olganda, yaxshi turnir o‘tkazdik. Katta tajriba oldik. Eng zo‘r mutaxassislar, hakamlar bilan tanishdik. Uchta o‘yinni boshqardik va menimcha, biz uchun juda yaxshi natija. Jahon chempionatida bilsangiz agar, 50 foiz hakamlar, masalan, kimdir bitta, kimdir ikkita o‘yin boshqardi. Yana kimlardir esa o‘yinlarni boshqarishmadi ham. Shu bois biz uchun yaxshi natija bo‘ldi. Albatta, 4 ta o‘yinni boshqargan hakamlar ham bor. Osiyodan faqat iordaniyalik Adam Maxadmex 4 ta uchrashuvni boshqardi. Omadli o‘yinlarni o‘tkazdi. Men uchun u zo‘r mutaxassis, hurmat qilamiz, birga ishlaymiz. Aloqalarimiz juda zo‘r. Alirizo Fag‘oni bilan ham yaxshi munosabatdamiz. Finalda hakamlik qilgan Slavko Vinchich bilan bitta etajda yashadik. Odamgarchilik sifatida ham juda yaxshi inson ekan. Turnirdan oldin ko‘pchilikni tanimagandik. Keyinchalik musobaqa davomida ko‘plab insonlar bilan jumladan, Marchinyak, Tyurpen kabi top hakamlar bilan tanishdik. Jahon chempionatidan bebaxo tajriba oldik. Buni yosh hakamlarga, keyingi avlodlarga yetkazmoqchiman. Umid qilamanki, bu ularni o‘sishiga va top darajaga chiqishiga yordam beradi. Chunki kuchli hakamlarsiz hech qachon kuchli futbol bo‘lmaydi. Shuning uchun hakamlar bizlarga ham kerak-da. Bunday yuqori darajadagi o‘yinlarni boshqarish orzum edi. Bu juda katta mas’uliyat, faxr. Shunday katta futbol forumida davlatimiz nomidan qatnashish orzu bo‘lgan va bu bilan faxrlanaman.

- Mundialdagi boshqargan o‘yinlaringiz chog‘idagi eng kulminatsion nuqta Fransiya – Paragvay o‘yini bo‘ldi. Unda fransuzlar qiyinchilik bilan yutishdi. Paragvay o‘yinni ko‘pincha provakatsiya bilan o‘tkazdi. O‘yindan keyin sizlarga nisbatan tanqidlar bildirildi. Nega sariq, qizil kartochkalar ko‘rsatmadi, degan gap-so‘zlar ham bo‘ldi. O‘yin qanaqa kechdi?

- Qarang, biz har qanday uchrashuvdan oldin tayyorgarlik ko‘ramiz. FIFAda shunday mutaxassislar borki, ular o‘yindan avval bizga ko‘rsatmalar berishadi. Misol uchun, bu jamoa mana bunday, unisi esa boshqacha o‘ynaydi, ularni potensiali qanday, nimaga ahamiyat berishadi, xullas, barcha jarayonlar bo‘yicha bizga ma’lumotlar beradilar. Shunga qarab biz ham taktika tanladik-da. O‘yin boshida yo‘q joydan yoki ko‘rmagan vaziyatlar uchun yo shunchaki his qilgan holda sariq kartochka bersangiz bu ham noto‘g‘ri. Agar o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib kartochka bersangiz bu oson. Agar shunchaki hissiyotga asoslanib bersangiz bu tavakkalchilik. Chunki u 5 yoki 10 daqiqadan keyin ikkinchi sariq kartochkani olishi mumkin. Natijada o‘yindan keyin ular hakamni ayblaydi.

Uchrashuv boshidan Paragvay futbolchilari keskin o‘ynashni boshladi. Lekin jiddiy vaziyatlarni ko‘zim bilan ko‘rganim yo‘q. Balki o‘sha joyda profilaktika qilsam men yutaman, deb o‘yladim. Kilian Mbappe bilan gaplashganimda unga tushuntirdim. Bilasizmi, agar Paragvay futbol o‘ynasa hech qachon Fransiyani yuta olmaydi. Ularning o‘yin sifati boshqa, buni hamma biladi. Ular qaysi yo‘l bilan yutishi mumkin? O‘yinni buzib, provakatsiya qilib, futbol o‘ynamasdan yutishi mumkin. Mbappe bitta vaziyatda pas berganidan keyin raqib uni qo‘liga urdi. Kilian yiqildi. Men o‘sha detallarni ko‘rmagandim. Qarasam, Mbappe maydonda yotibdi. Yoniga borib, «Kilian, hammasi yaxshi, kel o‘rningdan turgin, qo‘pol kontakt bo‘lmagan», dedim. Ammo o‘shanda sezdimki, men nimanidir o‘tkazib yubordim. Chunki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmasangiz qaror chiqarish qiyin. Boya aytganimdek, agar sariq bersangizu, oradan ko‘p o‘tmay yana qo‘pollik qilib unga ikkinchi sariqni ko‘rsatsangiz maydondan haydashga majbur bo‘lasiz. Men uchun nimasi yaxshiki, o‘yinni tahlil qilib chiqdim. Kartochkalarsiz va jarohatlarsiz o‘tdi. Bu bir tarafdan yaxshi. Lekin uchrashuvdan keyingi o‘zaro yig‘ilishimizda menga uchta vaziyatni ko‘rsatib berishdi, sariq kartochka ko‘rsatishing kerak edi, deb. Ammo o‘sha vaziyatlarni ko‘rishim juda qiyin edi, bu xuddi deyarli imkonsiz edi. Boshliqlarimiz aytdiki, bunday vaziyatlarda butun hakamlar jamoasi e’tibor qaratishi kerak dedi. Kim nima desa ham o‘yin uchun javobgar shaxs men. O‘zim hammasini bo‘ynimga oldim. Tan olaman, uchta vaziyatda sariq kartochka berilishi kerak bo‘lgan holatlarni o‘tkazib yuborganman. Biroq bu fojea emas. O‘yinni yaxshi tamomladik. Uchrashuvdan so‘ng qandaydir janjallar, jarohatlar, qizil kartochkalar bo‘lmagan. Ha, xatolar bo‘lgan va zo‘r boshqardik, deb bo‘lmaydi. Biroq bu xatolar fojeali emas. Agar xato o‘yinga, natijaga ta’sir qilsa, bu rostdan ham katta xato bo‘ladi. Shunday xatoga yo‘l qo‘yganimizda keyingi kuni uyga qaytishimizga to‘g‘ri kelardi. O‘ylaymanki, yomon bo‘lganida FIFAni xulosasiga ko‘ra ketardik. Ammo xatolar o‘yinga ta’sir qilmagan. Aslida kasbimizda tanqid normal holat. U seni doim xushyor turishga majbur qiladi.

- Fransiya – Paragvay o‘yinidan keyin sizlarga nisbatan tanqidlar bildirilgach, FIFA hakamlarni chetlatibdi, degan gap-so‘zlar ham chiqdi…

- Birinchidan, FIFA hech nima demagan. Aytganimdek, o‘yinga ta’sir qiluvchi xatolar yuz bergani yo‘q. Ha, ishchi holatida xatolar bo‘lgan, sariq kartochkalar ko‘rsatmaganman, buni tan olishim kerak, chunki bu fakt. Fransiyani mediasi o‘z jamoasini himoya qilish uchun va balki ular boshqa natija kutgan, shu bois ular nimalardir yozishgan. Agar bizni milliy jamoamizga nisbatan ham biror hakam noto‘g‘ri qarorlar chiqarsa, mediamiz «hujum» qiladi va bu normal. Chunki hamma o‘z jamoasini himoya qiladi. Xuddi shunaqa fransuzlarda bo‘lgan. Mayli, normal qabul qildim. Ta’kidlaganimdek, hakamlik kasbi doimiy tanqidda yuradi. Necha yildan beri hakamlik qilayotgan bo‘lsam, bunga o‘rganganman. Tanqid bo‘lyaptimi, demak ishlash va o‘sish tomonlarimiz bor.

- Bungacha o‘zbek hakamlaridan faqat Ravshan Ermatov mundiallarda ishlagandi. Undan keyin Ilgiz Tantashev va uning brigadasi jahon chempionatida ishladi va bu orqali tarixga kirdinglar. Endi bundan keyingi rejalaringiz qanday?

- Chempionatdan oldin ham shunday reja qilardimki, keyingi o‘yin mening finalim bo‘ladi. Har doim shunaqa idea bilan yashaganman va hozir ham shunday. Keyingi o‘yin men uchun juda muhim. Navbatdagi musobaqalarga boramanmi-bormaymanmi, reja qilmaganman. Hakamlik hayotida hech qachon bilmaysizki, qanaqa o‘yinda ishlashingizni. Meni keyingi o‘yinim Farg‘onada bo‘ladi. Shuning uchun ayni paytda bor e’tiborim shu o‘yinga qaratilgan. Boshqa narsa meni umuman qiziqtirmaydi.

- Yuqorida aytib o‘tganingizdek, mundialda o‘yinlardan oldin sizlarga jamoalar haqida ham alohida ko‘rsatmalar va tushunchalar berib boriladi. Hakamlarni chalg‘itish uchun ayyor futbolchilar ham bo‘ladi. Ular simulyatsiya yo‘li bilan penalti yoki jarima zarbasi ishlash payida bo‘ladilar. Shunday ayyor o‘yinchilar borasida ham sizlarga alohida ma’lumot berildimi? Aytaylik, siz ishlagan uchrashuvlarda qaysi ayyor o‘yinchilarga duch keldingiz?

- VAR bo‘lgandan keyin shunday o‘yinchilar kamaydi. Agar simulyatsiya qilsa VAR tekshiradi. Yangi qoidalar kiritilgan. Hatto, hakam simulyatsiyasiga uchib sariq kartochka bersa, VAR aralashuvi bilan uni bekor qilish mumkin. Shu bois osonroq bo‘ldi. Futbolchilar ham bu narsani bilgan holda ortiqcha tavakkalchilik qilishmaydi. Men uchun hamma futbolchilar bir xil. Misol uchun, buni kimdir qilishi mumkin. Bunday holatda o‘yin paytida unga hammasini to‘liq va yotig‘i bilan tushuntirib, vaziyatdan chiqish mumkin. Ularni ham tushunishimiz kerak. Futbolchilar g‘alaba uchun hamma narsa qilishadi. Maydonda hech qachon hakam yoki qoidalar uchun emas, g‘alaba uchun o‘ynashadi. Ularni o‘z maqsadlari bor va o‘sha maqsadlarini biz ham hurmat qilishimiz lozim. Ammo qoiadadan chiqsa, hakam sifatida biz to‘g‘rilashimiz kerak.

- Siz mundialdan qaytib kelganingizdan keyin oradan ikki kun o‘tib, Superliga bahsida – «Lokomotiv» va «Paxtakor» o‘yinini boshqardingiz. Holbuki, siz jahon chempionatidek juda katta turnirda ishlab keldingiz. Buni o‘ziga yarasha bosim, ruhiyati katta edi. Shuni hisobga olib, sizga biroz dam berilsa kerak, deb kutgandim. Lekin kelishingiz bilan darhol yana ishga sho‘ng‘idingiz. Bu sizga «nagruzka» bo‘lmadimi?

- Yo‘q, bu «nagruzka» bo‘lmadi. Oxirgi Fransiya – Paragvay o‘yinidan keyin ancha vaqt o‘tdi – 13 kun. Hakamlarga doimiy formada bo‘lishi uchun o‘yinlarni boshqarishimiz kerak. Agar ko‘p vaqtni o‘tkazib yuborsak, o‘yinni boshqarish qiyinroq bo‘ladi. Bunday paytda hakam o‘yinni his qilish qobilyatini yo‘qotadi. OFKda sentyabrdan yangi mavsum boshlanadi. Biz shunga tayyor bo‘lishimiz lozim. Shuning uchun avvaliga mendan o‘yinni boshqara olasanmi-yo‘qmi, deb so‘rashdi. Bo‘ldi, boshqaraman, ruhiy tarafdan ham tayyorman deya rozim bo‘ldim. O‘zimni hozirda juda yaxshi his qilyapman.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting