«Barselona» qachon yangilangan «Kamp Nou» stadioniga qaytishi maʼlum boʻldi
«Barselona» Ispaniya La Ligasining 13-turida «Atletik»ga qarshi uchrashuvni yangilangan «Spotify Camp Nou» stadionida o‘tkazishini e’lon qildi. Bu haqda kataloniyaliklar matbuot xizmati maʼlum qildi. O‘yin shanba kuni, 22 noyabr sanasiga belgilangan.
Shu bilan birga, sig‘imi 99 354 o‘rinli arena hali barcha litsenziyalash bosqichlaridan to‘liq o‘tmaganligi sababli uchrashuvni atigi 45 ming muxlis tomosha qilishi mumkin bo‘ladi.
Katalon klubi oxirgi bor «Spotify Camp Nou»da 2023 yil 28 may kuni «Malorka»ni 3:0 hisobida mag‘lub etgan holda maydonga tushgan edi.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyi oxirida «Barselona» rahbariyati jamoa rasmiy ravishda 2025 yil 10 avgust kuni o‘z uy stadioniga qaytishini ma’lum qilgan. «Camp Nou» 2023 yil yozida rekonstruksiya uchun yopilgan va yangi mavsum boshida arena foydalanish uchun litsenziya olmagani sababli jamoa o‘z uy uchrashuvlarini «Olimpik Lluís Companys» stadionida o‘tkazib kelgan.
Hozirda «Barselona» La Liga turnir jadvalida 12 turdan so‘ng 28 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Kataloniyaliklar peshqadam «Real Madrid»dan uch ochkoga ortda qolmoqda.