Asror G‘ofurov: «Buxoro»ga qarshi bahsda omad ham biz tomonimizda bo‘ldi»
Superliga 17-turidan o‘rin olgan “Qizilqum” – “Buxoro” (1:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar yarimhimoyachisi Asror G‘ofurov Sports24.uz muxbiri bilan suhbatlashdi.
“Avvalo Navoiy xalqini ajoyib g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin teng kurashlar ostida kechdi. Oson bo‘lmagan g‘alabani qo‘lga kiritdik. Muvaffaqiyatga erishishni juda xohlagandik. Shu sabab oxirigacha kurashib, yakunda o‘z maqsadimizga erishdik. Aslida Superligada birorta o‘yinda shunchaki g‘alaba qozonib bo‘lmaydi.
“Buxoro”ga qarshi bahsda jamoamiz a’zolari bilan maydonning har bir qarichi uchun oxirgi daqiqalargacha kurashdik. Omad ham biz tomonimizda bo‘ldi, deb ayta olaman. Murabbiylar shtabi bergan barcha ko‘rsatmalarga amal qilib, ularni bajarishga harakat qilyapmiz.
“Qizilqum”ga kelishdan oldin Bangladesh chempionatiga qaytib ketgandim. U yerda chempionat yakunlandi. O‘zbekistonga qaytgach, “Qizilqum”dan yana taklif bo‘ldi. Shundan so‘ng jamoa safiga yana qaytishga qaror qildim.
Superligada imkon qadar yuqoriroq o‘rinlardan birini egallashni maqsad qilganmiz. Buning uchun kurashishda davom etamiz”, – deydi G‘ofurov.