locale OZ
locale OZ
Mehmon
Mehmon Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro'yxatdan o'ting
Menyu

Asror Aliqulov: “Har tomonlama “Navbahor”ga yutqazdik”

Futbol 29 iyn 2025 da 07:20
Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Asror Aliqulov: “Har tomonlama “Navbahor”ga yutqazdik”
Photo: Mashal PFk

Oʻzbekiston Superligasining 14-turi doirasidan oʻrin olgan “Navbahor” – “Mash’al” (6:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida muborakliklar bosh murabbiyi Asror Aliqulov ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob berdi.
Mehmonlar ustozi odatdagidek, oʻz soʻzini uchrashuv borasidagi fikrlari bilan boshladi.
- Oʻyin boshidan konsentratsiyani yoʻqotdik va oʻz darvozamizdan toʻp oʻtkazib yubordik. Magʻlubiyat uchun muxlislardan uzr soʻraymiz. Mezbonlar gol urgandan soʻng, vaziyatni oʻnglashga harakat qildik, ammo yana oʻz darvozamizdan toʻplar oʻtkazib yubordik. Tarkib tanlashda ham xatoga yoʻl qoʻydik.
- Himoyada juda koʻp xatolar boʻldi. Bunga sabab nima?
- “Navbahor”da tezkor Odilov va Jiyanov bor. Ularning tezkorligi haqida futbolchilarga aytgandim, ammo biz koʻp toʻp yoʻqotdik. “Navbahor”ning eng kuchli qurolini ishga solishiga ruxsat berdik. Ular qarshi hujumga chiqib ketishdi.
- Yozgi “transferlar” oynasida “Mash’al” kuchayadimi?
- Bu haqda koʻp soʻrashadi va men har doim kuchayishimiz shart, deb javob beraman. Ayrim vaziyatlarda futbolchilarimizga qobiliyat yetishmaydi. Superligada temp juda baland, bunday bosim va temp ostida oʻynay oladigan futbolchilar kerak. Ikkinchi davrada shu saviyaga mos futbolchilarni olishimiz kerak.
- “Mash’al”ning bugun oʻyini chiqmadi. 1995-yili “Navbahor” muborakliklarni 8:0 hisobida magʻlub etgan edi. Bu “Navbahor”ning navbatdagi yirik hisobdagi gʻalabasi. Bunday yirik magʻlubiyatning sababi nimada deb oʻylaysiz? Oʻtgan uchrashuvda jamoangiz “Neftchi”ni magʻlub etgan edi. 0:6 hisobidagi magʻlubiyatning sababi nimada?
- Charchoq yoki issiq havo degan gaplar quruq bahona, xolos. Oʻyinga yaxshiroq tayyorgarlik koʻrish masalasi. Biz raqib tezkor ekanligini bilardik. Qaysidir vaziyatga eʼtiborliroq boʻlishimiz kerak edi, qolgan vaziyatlarda esa mahorat yetishmadi. “Navbahor”ning mahoratini ham hisobga olish kerak.
Bira-bir vaziyatlarda mezbonlar yutib chiqib ketishdi. Ikkala qanot futbolchilari va Gʻulomov juda yaxshi oʻynashdi. Biz tayyor emas edik. Har tomonlama “Navbahor”ga yutqazdik.
- Koʻp murabbiylar jamoasi magʻlub boʻlganida, ob-havo yoki boshqa sabablarni aytishadi. Sizning fikringizcha, qaysi jamoalar chempionlikka asosiy daʼvogar va qaysi klublar Superligani tark etishi mumkin?
- Favoritlar – “Nasaf”, “Paxtakor”, “Neftchi” va “Navbahor”. OKMKni ham esdan chiqarmaslik kerak. Musobaqa jadvalining quyi qismidagi jamoalar haqida gapiradigan boʻlsam, bu ikkinchi davrada kim qanday kuchaya olishiga bogʻliq.
- Oʻzbekiston kubogi haqida qanday fikrdasiz?
- Kubokni kuchli jamoalar tark etdi. “Neftchi”ga qarshi kechgan oʻyindan soʻng ham aytgandim. Har bir uchrashuv ham oʻxshamaydigan boʻladi. Qayerdadir “Neftchi” sust harakat qildi. Masalan, bugun ham tayyorgarlik koʻrgandik, ammo umuman boshqacha oʻyin boʻldi. Oddiy holatlarda toʻpni yoʻqotish va xatolar. Qaysi jamoalar gʻalaba qozonishi haqida oldindan fikr bildirish qiyin.
- “Mash’al” jamoasining Superligadagi maqsadlari qanday?
- Biz Superligaga qaytdik. Maqsadimiz oʻz oʻrnimizni saqlab qolish.
- “Mash’al” klubining yaxshi akademiyasi bor. Mazkur akademiyaning yosh futbolchilarini tarkibda koʻramizmi?
- Selektsiya masalasida gapirishim mumkin. Bizning Superligada qatnashishimiz biroz kechroq hal boʻldi. Shu sababli, biz transferlarga kech kirdik. Biz klubsiz qolib ketgan futbolchilar bilan shartnoma tuzdik. Yoshlarimizga ham eʼtibor bor, ammo Superliga darajasida oʻynay oladigan futbolchilar yoʻq. Yaqin kelajakda, “Mash’al” jamoasidan ham yosh va iqtidorli futbolchilar yetishib chiqadi.
- “Navbahor”ni oʻrgangan edik, dedingiz. OKMK ham oʻtgan uchrashuvni hujumkor ruhda boshladi, ammo birinchi boʻlib, oʻz darvozasi tomon gol oʻtkazib yubordi. Bugun “Mash’al” ham hujumga oʻtdi va dastlabki qarshi hujumdayoq oʻz darvozasi tomon toʻp olib chiqdi. “Mash’al”ning bugungi uchrashuvga tayyorlagan rejasi qanday edi?
- Bizda bosim uyushtirish maqsadi yoʻq edi. Birinchi vaziyat bizda boʻldi. Bira-bir imkoniyatga ega boʻlgan edik, ammo gol ura olmadik. Oʻsha vaziyat uchrashuvdagi burilish nuqtasi boʻlishi mumkin edi. Oʻz darvozamizdan toʻp oʻtkazib yubordik va oʻsha vaziyatda sustkashlikka yoʻl qoʻydik. Ikkinchi golga ham tayyorgarlik koʻrgan edik. Jiyanov koʻproq himoyachilar ortidan ochilishini bilardik. Birinchi boʻlimdan soʻng, oʻyin natijasi hal boʻlgan edi. Futbolchilarning saviyasi va ruhiy jihati bunga sabab boʻldi.
- “Mash’al”ga berilayotgan eʼtibor qanday va klub ichidagi muhit haqida gapirib oʻtsangiz?
- Koʻpchilik shu masalaga qiziqmoqda. Bizda homiy boʻyicha hech qanday muammo yoʻq. Oyliklar oʻz vaqtida toʻlanmoqda. Ichki muhit ham yomon emas. Koʻp rotatsiya qilayapmiz. Bugungi magʻlubiyatni unutishimiz va keyingi uchrashuvga tayyorlanishimiz kerak.

Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting