locale OZ

Aleksandr Homyakov: «Dastlabki 15 daqiqa ichida ikkita gol urib olganimiz jamoamiz foydasiga ishladi»

"Buxoro" bosh murabbiyi o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Aleksandr Homyakov: "Dastlabki 15 daqiqa ichida ikkita gol urib olganimiz jamoamiz foydasiga ishladi"
Фото: Бухоро ПФК

Superliga 26-turidan o‘rin olgan "Buxoro" – "So‘g‘diyona" (2:0) uchrashuvining so‘ngida mezbonlar bosh murabbiyi Aleksandr Homyakov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

— O‘yin haqida fikringiz?
— O‘ziga yarasha qiyin bo‘ldi. Mavsum oxiriga kelib har bir uchrashuv shunday murakkab o‘tmoqda. Hammaga ochko kerak, shuning uchun hech kimga oson bo‘lmayapti. Bizning holatda esa, umuman oson o‘yin yo‘q. Yigitlarga oxirigacha kurashgani uchun rahmat aytaman. Barchasidan to‘liq qoniqdim deb ayta olmayman, lekin o‘yinga bor kuchini berdi va xarakter jihatidan o‘zimizni ko‘rsata oldik. Birinchi taymda juda yaxshi harakat qildik. Tanaffusdan keyin esa doimgidek hisobni saqlab qolish niyatida o‘ynadik. Hatto ustunlikni raqibga topshirgan paytlarimiz ham bo‘ldi. Dastlabki 15 daqiqa ichida ikkita gol urib olganimiz jamoamiz foydasiga ishladi.

— Bugun Izzatillo Po‘latovning ikkita gol urishi mashg‘ulotlarda ishlab chiqilgan taktikaning natijasimi? Chunki o‘ng qanot himoyachisi bo‘la turib ikki bor to‘p kiritdi.
— Bu alohida taktika natijasi emas, balki Izzatilloga imkon bo‘lsa, oldinga o‘tib o‘ynashi mumkinligini aytgan edik. U hujumlarga faol qo‘shildi va ikkita gol urdi hamda o‘ziga berilgan imkoniyatdan yaxshi foydalandi.

— Jamoangiz nega faqat bir taym futbol o‘ynamoqda?
— Berkitadigan narsamiz yo‘q, bizdagi intensivlik faqat bir bo‘limga yetyapti, xolos. Buni o‘yin oxirigacha saqlab qola olmayapmiz. Mutaxassislar ham buni ko‘rib turishibdi. O‘yinlar jadvali juda tig‘iz, qolaversa, zaxira o‘rindig‘imiz ham qisqa. Lekin har bir vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilyapmiz.

— Kubok finalidan oldin "Paxtakor"ni o‘rganish qanday ketmoqda? Bugun "Paxtakor" safarda "Xorazm" bilan o‘ynadi. "Buxoro"dan kimdir raqibni kuzatish maqsadida shu uchrashuvga bordimi?
— Menga ma’lum bo‘lishicha, bugun "Paxtakor" ikkinchi tarkibi bilan Xorazmda o‘ynagan va etakchi o‘yinchilarini olib bormagan. Har holda menda shunday ma’lumot bor.

— "Buxoro" jamoasidan raqibni kuzatish uchun kimdir bordimi?
— Nima uchun?

— Raqibni o‘rganish uchun.
— Biz 21-asrda yashayapmiz. Raqibni o‘rganish uchun stadionga borish shart emas. Bundan tashqari, biz supklub emasmiz, kimnidir yubora oladigan. O‘zimizda muammolar ko‘p va shu yerda qolib, shularni hal qilyapmiz. To‘g‘risi, hech kimni yubormadik.

— Jamoaning asosiy kuchi finalga asrab qo‘yildimi?
— Bu haqda nima deyishim mumkin? Biz o‘yin tanlamaymiz. Men futbolchilarga “bugun kam kuch bilan harakat qilinglar, ertaga yana muhim o‘yin bor” deb ayta olmayman. Futbolda bunaqasi o‘tmaydi. Har bir bahs biz uchun final, har bir o‘yinda bor kuch bilan harakat qilamiz. Men sehrgar emasman va finalda nima bo‘lishini bilmayman.

— Final oldidan muxlislarga nima degan bo‘lardingiz?
— Shuni aytishim mumkin, bizga ishqibozlarimizning qo‘llab-quvvatlashi nihoyatda zarur bo‘ladi. Chunki biz ham o‘z navbatida muxlislar uchun o‘ynaymiz. Bosh sovrin — kubokni Buxoroga olib kelish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting