locale OZ

«6 ta golni ham o‘zimiz urdik» – Vadim Abramov

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
«6 ta golni ham o‘zimiz urdik» – Vadim Abramov
Photo: Dinamo PFK

Superliga 17-turi doirasidagi “Mash’al” – “Dinamo” (2:4) uchrashuvidan so‘ng avval jamoamiz ustozi Vadim Abramov matbuot anjumanida qatnashib, jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Uchrashuv starti va kambek haqida
- O‘yin minus 2 ta gol bilan boshlandi, raqibga bunday ustunlikni berib, shunday issiq ob-havoda o‘zimizni qiynab, muammo yaratib, keyin esa vaziyatdan chiqib ketishni faqat biz uddalay olsak kerak. Har o‘yinda qandaydir kutilmagan narsa biz bilan sodir bo‘lmoqda. Oldingi o‘yinimizda 2:0 hisobida oldinda borayotib, g‘alabani qo‘ldan chiqarib yuborgandik. Bugun esa aksincha, g‘alabani ilib ketdik. Qiyin vaziyatdan chiqib ketganimiz yaxshi, lekin bunday o‘ynamaslik kerak, tahlil qilib, o‘yindan xulosa chiqaramiz.

O‘yin bunday boshlanishini umuman kutmagandik. Umuman olganda, 6 ta golni ham o‘zimiz urdik, desam bo‘ladi. Yaxshiyamki, 1-bo‘limdayoq vaziyatni tenglashtirib, 2-bo‘lim oxirigacha qiynalib bo‘lsa-da, natijani o‘z foydamizga hal qildik.

O‘yin oldi chig‘alyozdi mashg‘ulotlardayoq yigitlarda qandaydir xotirjamlikni ko‘rgandim va raqibni munosib baholamayotgandek bo‘lyapsizlar degandim.

Raqibning ikkinchi goli haqida
- Bugun darvozabonimizda o‘ziga bo‘lgan ishonch ko‘rinmagandek bo‘ldi. Balki keyingi turlarda ishonchli darvozabonni sinab ko‘ramiz, xatolarimizni tahlil qilamiz.

Behruzbek Obloqulov haqida
- Yosh o‘yinchimizning kuchli jihatlarini bilamiz. U mashg‘ulotlarda yaxshi ishladi va maydonga tushishga munosib ekanini ko‘rsatdi. Behruzbekni yil boshida jamoaga taklif qilganimizdayoq uning potensialini yaxshi bilardik. Undan umidimiz katta, faqat shu yo‘sinda davom etishi kerak.

Obloqulov “Mash’al” tarbiyalanuvchisi ekanini bilarmidim? Bilmasdim, endi eshitdim.

Abdurahmonov va Obloqulovning Anvarjon Hojimirzayevga raqobat uyg‘otgani haqida
- Hozirgi tarkibimizda nafaqat Hojimirzayevga, boshqa barcha o‘yinchilarga ham raqobat mavjud. Bu, bir tomondan, meni xursand qiladi, sababi anchadan beri hozirgidek raqobat yo‘q edi.

Plyotnyovdan keyin Hoshimov va Abdusalomov ham gol urgani haqida
- Yangi o‘yinchilarning jamoaga tezroq moslashuvi muhim edi. Bu transferlardan so‘ng zahira o‘rindig‘imiz ham kuchaydi. Ulardan to‘g‘ri foydalanib, jamoani shakllantirishda davom etamiz. Lekin boshqa o‘yinni bugungidek boshlamaymiz degan umiddaman.

Penaltichilarni kim tanlayotgani haqida
- 11 metrlik jarima zarbasini kim tepishini men aytmaganman. O‘zim zarbani Ulug‘bek Hoshimov tepishini istagandim, lekin ular meni o‘sha paytda eshitishmayotgandi. Odatda kim o‘ziga ishonsa, o‘sha zarbani amalga oshiradi. Masalan, men aytgan o‘yinchi o‘ziga ishonmasa, bu jamoa zarariga ishlashi mumkin. Yodingizda bo‘lsa, Namangandagi 1-turda penaltini Hojimirzayevga berish kerakligini men aytgandim, lekin uning zarbasi noaniq chiqdi. O‘shandan beri bunday javobgarlikni bo‘ynimga olmaslikka qaror qildim.

“Paxtakor” va OKMKga qarshi o‘yinlar haqida
- Eng avvalo “Paxtakor”ga qarshi o‘yinni o‘ylashimiz kerak, keyingi turda ular bilan o‘ynaymiz. Ular kecha o‘ynashdi va bizdan bir kun ko‘p dam olishdi. Biz esa bugungi issiqda so‘nggi daqiqalargacha katta kuch yo‘qotdik, tezroq tiklanib olishimiz va “Paxtakor”ga qarshi tayyorgarlik ko‘rishimiz talab etiladi.

Bahrom Bobonov
Bahrom Bobonov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting