locale OZ

Nestor Lorenzo: «O'zbekiston juda tartibli va qanday o‘ynashni aniq biladi»

Kolumbiya – O‘zbekiston uchrashuvi oldidan Nestor Lorenzo fikr bildirdi.
Eksklyuziv yangiliklar
Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Nestor Lorenzo: "O'zbekiston juda tartibli va qanday o‘ynashni aniq biladi"
photo: gettyimages

Jahon chempionati K guruhi 1-turidan o‘rin olgan Kolumbiya – O‘zbekiston uchrashuvi oldidan Kolumbiya terma jamoasi bosh murabbiyi Nestor Lorenzo raqibini mensimaslik yaxshi emasligi haqida ogohlantirdi. Uning ta’kidlashicha, mundialning ilk haftasi hech bir jamoani kuchsiz deb hisoblash mumkin emasligini ko‘rsatdi.

2022 yilgi Jahon chempionatini o‘tkazib yuborgan Janubiy Amerika vakillari bu safar musobaqaga favoritlardan biri sifatida kelmoqda. Biroq Lorenzo mundialdagi ilk ishtirokini o‘tkazayotgan O‘zbekiston terma jamoasini past baholash katta xato bo‘lishini aytdi.

«Jahon chempionati bizga shuni ko‘rsatmoqdaki, bu yerda kichik jamoalar yo‘q va hech kimni mensimaslik kerak emas», — dedi Lorenzo Azteka stadionida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

«O‘zbekiston kuchli jamoalarga qarshi juda yaxshi natijalar qayd etgan. Ularning ajoyib murabbiyi bor, tarkibida esa yuqori saviyadagi to‘rt-besh nafar futbolchi mavjud. Eng muhimi, bu jamoa juda tartibli va qanday o‘ynashni aniq biladi.»

Kolumbiya Meksikaga muvaffaqiyatli saralash bosqichidan so‘ng yuqori kayfiyatda yetib keldi. Jamoa tarkibida «Bavariya» hujumchisi Luis Dias hamda tajribali pleymeyker Xames Rodriges yetakchilik qilmoqda.

Lorenzo so‘nggi yillarda jismoniy holati bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan Kolumbiya sardori Xames Rodriges o‘yin oldidan yaxshi holatda ekanini ta’kidladi.

«Xamesning ahvoli yaxshi. U jismoniy tomondan tobora yaxshilanib bormoqda.

Uning iste’dodi va futbol sifati shundayki, boshqalar kabi ko‘p yugurmasa ham, o‘yinga aniqlik olib kiradi va hal qiluvchi vaziyatlarda muhim qarorlar qabul qiladi», — dedi murabbiy.

Argentinalik mutaxassis Kolumbiya terma jamoasi turnirning eng kuchli jamoalari namoyish etayotgan yuqori tempga moslasha olmasligi haqidagi fikrlarni ham rad etdi.

«Biz bunday darajada o‘ynay olishimizni allaqachon ko‘rsatganmiz», — dedi u yaqinda Xorvatiya va Fransiyaga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarni eslab.

«Yaxshi futbol o‘ynash faqat ko‘p yugurish degani emas. Ba’zida biz intensivlik bilan sifatli futbolni adashtirib yuboramiz»

Azteka stadionida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda 65 mingdan ortiq kolumbiyalik muxlislar jamoani qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda. So‘nggi kunlarda Mexiko ko‘chalarida Kolumbiya muxlislarining sariq liboslari tez-tez ko‘zga tashlanmoqda.

Lorenzo muxlislarga minnatdorchilik bildirib, jamoa sakkiz yillik tanaffusdan so‘ng Jahon chempionatiga qaytgan mamlakat uchun munosib o‘yin namoyish etishga harakat qilishini aytdi.

«Kolumbiya — bu quvonch demakdir.

Biz yaxshi futbol ko‘rsatishni va insonlarga tabassum qilish uchun sabab berishni istaymiz», — deya yakunladi Nestor Lorenzo.

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting