«Menimcha, u 15-yurishgacha hammasini bilardi» — Javohir Sindarov
«Menimcha, u 15-yurishgacha hammasini bilardi» — Javohir Sindarov
Javohir Sindarov va Gukesh jahon toji uchun bahsning 3-partiyasida 60 yurishdan keyin durang o‘ynadi. 26-noyabr kuni Jeneva yaqinidagi Kolonida Sindarov oq, Gukesh qora donalarda o‘ynadi.
Uch partiyadan keyin hisob 1,5:1,5. Matbuot anjumanida ikki grossmeyster Berlindagi tayyorgarlik, soatdagi sakkiz soniya va ruxli endshpildagi muqobil davomlarni muhokama qildi.
Berlin yana taxtada, ammo o‘yin 5-yurishdayoq o‘zgardi
Birinchi partiyada Gukesh 5...Nd6 ni o‘ynagan edi. Bu safar u 5...Be7 ni tanladi, Sindarov esa 6.Qe2 bilan javob berdi. Javohir jamoasi 5...Be7 ni oldindan ko‘rib chiqqanini, ammo variantni uncha chuqur o‘rganmaganini aytdi. Qora farzin b8 va b5 orqali c4 ga bordi.
«Menimcha, u 15-yurishgacha hammasini bilardi», — dedi Sindarov.
Javohir dastlab yaxshi pozitsiyaga erishdim deb o‘ylagan, keyin esa tenglikni tan olganini aytdi. Oq donalarda imkoniyat qidirar ekan, debyutdayoq ko‘p vaqt sarfladi.
Masalan, 15...Qc4 ga 16.b3 bilan javob berish uchun qariyb 15 daqiqa o‘yladi. Shu yurishdan so‘ng uning soatida 1 soat 3 daqiqa, Gukeshda esa qariyb 1 soat 58 daqiqa bor edi. Gukesh 16...Qxd4 bilan farzinlarni almashtirdi.
Gukesh pozitsiyani debyutdayoq deyarli teng deb baholaganini aytdi. Qoralarning piyoda tuzilishi noqulayroq ko‘rinsa-da, u bu pozitsiyadagi ayrim rejalarni bilgan va soatda ancha oldinda bo‘lgan. Shuning uchun o‘yin murakkab kechishi mumkinligini bilsa ham, o‘zini erkin his qilgan.
Gukesh 1-partiyadan keyin Berlin yana yuzaga kelishi mumkinligini ikkala tomon ham kutgan deb hisoblaydi. U debyut qanday kechganidan mamnun qoldi va tayyorgarlikda jamoasining hissasini alohida qayd etdi. Undan eski partiyalarni o‘rganadimi yoki ko‘proq kompyuter tahliliga tayanadimi, deb ham so‘raldi. Savolda Spasskiy tilga olindi.
«Spasskiy sekundantlarimdan biri emasligini ochiq ayta olaman», — deya hazillashdi Gukesh.
Gukesh shoh qanotida nimani ko‘rgan edi?
Qoralar 19...h5 va 20...g5 bilan shoh qanotidagi piyodalarini oldinga surdi. 23.Bxc5 dan keyin Gukesh 23...Rhb8 ni tanladi. Anjumanda undan shu pozitsiyada 23...g4 ni ham hisoblaganmi, deb so‘raldi.
Gukesh bu yurishni ko‘rganini, ammo shoh qanotida yo‘llar ochilishidan ikkilanganini aytdi. Partiyadan keyin nazarida ...g4 biroz yaxshiroq urinish bo‘lishi mumkin edi. U baribir pozitsiya muvozanatdan chiqib ketmasdi, deb hisoblaydi.
Nega 29.f4 Gukesh uchun kutilmagan yurish bo‘ldi?
Gukesh debyutdan keyin o‘yin tinchroq kechadigandek tuyulganini esladi. U bir muddat sifat qurboni berish bilan bog‘liq g‘oyalarni ham hisoblagan, lekin ularni ishlata olmagan. Uningcha, o‘yin Sindarov 29.f4 yurganidan keyin ancha qiziqarli tus oldi.
«Shu paytda bu yurishni butunlay ko‘rmay qoldim», — dedi Gukesh 29.f4 haqida.
Sindarovning rejasi ruxni f-vertikaliga olib kelib, qora shoh tomon bosim o‘tkazish edi. Lekin u anjumanda 29.f4 ga shoshilmasdan, h3 kabi tayyorgarlik yurishini ko‘rib chiqishi mumkinligini aytdi. Gukesh ham f4 dan keyin pozitsiyasi noqulay tuyulganini tan oldi. Fil c4 da edi, qora donalar esa shoh qanotidagi tahdidlarni qoplash uchun qulay joylashmagan edi.
Taxtada Gukesh 29...gxf4 dan keyin 30.Rf3 ga 30...Rba8 bilan javob berdi. Keyin u 33...c5 va 34...d4 orqali markazda qarshi o‘yin topdi. 36...d3 dan so‘ng oq donalar o‘tishgan d-piyodani ham to‘xtatishi kerak edi.
40-yurishni bajarishga sakkiz soniya qolganda
33.Kg2 dan keyin Sindarovda 4 daqiqa 14 soniya, Gukeshda 13 daqiqa 12 soniya bor edi. Oq donalarga birinchi vaqt nazoratiga yetish uchun yana yettita yurish kerak bo‘lgan. 39.Bb4 dan keyin Javohirning soatida atigi sakkiz soniya qoldi. Gukesh 39...Bxb5 ni o‘ynadi. Sindarov 40.Rc1 bilan vaqt nazoratidan o‘tdi.
Gukeshning aytishicha, o‘z soatida vaqt yetarli edi. Eng hayajonli lahza raqibi 40-yurishini bir necha soniyada topishi kerak bo‘lganda keldi. Anjumanning so‘ngida Sindarovdan nega partiya paytida quloqlarini ushlagani ham so‘raldi. Javohir vaqt tanqisligida quloqlari qizib ketganini va odatda bunday qilmasligini aytdi. Sindarov vaqt tanqisligida ayrim imkoniyatlarni payqamay qolishi mumkin bo‘lganini aytdi. U himoyasidan mamnun qoldi.
Ruxli endshpilda ikkala tomon ham imkoniyat qidirdi
Vaqt nazoratidan keyin Gukesh 42...f5+ bilan shoh berdi. Sindarov piyodani 43.exf6 bilan yo‘lakay oldi. Gukeshning ruxi g2 va e2 ga kirdi. Javohir 46.Re1 bilan ruxlarni almashtirish imkonini yaratdi. 47...Rxe1 dan keyin u ruxni darhol olmadi. Avval 48.f5+ bilan shoh berdi, 49.Bxe1 bilan ruxni oldi.
Anjumanda Sindarov 49.Bxe1 o‘rniga f-piyodani 49.f7 bilan oldinga surish variantini ham ko‘rsatdi. Bunday holda Gukesh ruxini e8 ga qaytarib, piyodaning farzinga aylanishiga to‘siq qo‘ya olardi. Sindarov bu variantni 48.f5+ dan keyin ko‘rganini aytdi. U pozitsiyani durang deb o‘ylab, bir payt bo‘shashib qolganini o‘z xatosi deb bildi.
Partiyada esa ruxlar almashdi. 49...Kxf6 dan keyin Gukeshning bir piyodasi ortiq edi. Qarama-qarshi rangli fillar qolgan endshpilda u bu ustunlikdan foydalana olmadi. O‘yin 60...Kf3 dan keyin durang bilan tugadi.
Tayyorgarlikdagi ruhiy kurash va uchta durang
Gukeshdan 5...Be7 bilan raqibini birinchi bo‘lib tayyorgarlikdan chiqarish matchdagi ruhiy kurashning bir qismimi, deb so‘raldi. Uning aytishicha, bir raqibga qarshi uzoq matchda har ikki tomon bir-biridan o‘zib ketish yo‘lini izlaydi. Debyut tanlovi shu kurashning bir qismi.
Asosiy masala esa taxtada partiyani yutish. Uchta durangdan keyin birinchi g‘alabani olish bosimi haqida so‘ralganda, Sindarov bu haqda o‘ylamayotganini aytdi. Gukesh esa har bir partiyaning o‘z bosimi borligini, 14 partiyalik match hali yarmiga yetmaganini eslatdi. Ikki tomon ham imkoniyat yaratishga urinyapti. Uning fikricha, hozircha yaqqol g‘alaba imkoniyatlari ko‘p bo‘lmadi.
«Xohlagan paytingda partiya yutish oson emas», — dedi Gukesh.
Taxta qarshisidagi raqobat va partiyadan keyingi suhbat
Matbuot anjumanidan oldingi qisqa suhbatda ikki grossmeysterdan nega partiya tugagandan keyin birga kulib, partiyadagi variantlarni muhokama qilishi haqida so‘raldi. Gukesh katta bosimga qaramay raqobatni shahsiy masala deb bilmasligini, o‘ziga tengdosh va kuchli raqib bilan o‘ynash unga yoqishini aytdi. Javohir ham o‘yin paytida bosim kuchli ekanini tan oldi va jahon toji uchun o‘ynash imkoniyatini qadrlayotishini aytdi.
Dam olish kuni va keyingi partiya
Sindarov 14 partiyalik matchda har kuni yangi g‘oyalarni tekshirish unga qiziq ekanini aytdi. Uningcha, keyingi partiyalar yanada og‘ir va qiziqarli bo‘lishi mumkin. Uyqu haqida ham so‘raldi. Gukesh odatda sakkiz-to‘qqiz soat, Sindarov sakkizdan o‘ngacha uxlashini aytdi.
Gukesh dam olish kunini uyqu va tayyorgarlikka ajratmoqchi. Anjuman paytida uning bundan boshqa aniq rejasi yo‘q edi. Javohir esa Jenevaga kelgan bobosining tug‘ilgan kunini nishonlamoqchi.