Najmiddin Normurodov: «O‘ylaymanki, «Bunyodkor» bilan mavsumni yaxshi yakunladik»
Toshkentning “Bunyodkor” klubi Superliga-2025ni 49 ochko bilan 5-o‘rinda yakunladi. Mavsum yakuniga yetganidan so‘ng jamoa himoyachisi Najmiddin Normurodov Sports24.uz muxbiri bilan suhbatlashdi.
- Yakunlangan mavsumda “Bunyodkor”ning ishtirokini qanday baholaysiz?
- O‘ylayman, yakunlangan mavsum “Bunyodkor” uchun yaxshi o‘tdi. 2024 yildagi natijamizdan yuqoriga ko‘tarilgan holda yakunladik. Jamoada ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Yangilanayotgan jamoa uchun 5-o‘rinni egallash yaxshi natija deb hisoblayman. Rahbariyat tomonidan yuqori maqsadlar qo‘yilmagandi. Yuqorida aytganimdek, 2024 yildagi natijani yaxshilash vazifasi bor edi. Biz esa buni uddasidan chiqdik.
- Superligada jamoangiz uchun qaysi o‘yin oson kechdi?
- Superligada saviya ancha yuqorilagan. Shu sabab birorta o‘yinda osonlikcha g‘alaba qozonish imkonsiz. Har bir bahsda kurashish va ochko olish uchun maydonda boringizni berishingizga to‘g‘ri keladi. “Bunyodkor” uchun ham birorta bahs oson kechgani yo‘q. Turdan turga qiyinlashib boraverdi.
- Qaysi jamoa ishtirokidagi o‘yinlar sizda yaxshi taassurot qoldirdi?
- Mavsum davomida menda “Xorazm” jamoasi yaxshi taassurot qoldirdi. Menimcha, ularga omad yetishmasligi pand berdi. Aks holda klub ligada qolish vazifasini muddatidan oldin hal qilishi mumkin edi. O‘yin tomondan bu jamoa ko‘pchilikka yaxshigina boshog‘riq bo‘ldi.
- Keyingi rejalaringiz qanday? “Bunyodkor”da qolasizmi yoki boshqa jamoaga o‘tishingiz mumkinmi?
- “Bunyodkor” bilan shartnomam nihoyasiga yetib bormoqda. Oldimda boshqa jamoalardan takliflar bor. Hammasini o‘rganib, o‘ylab chiqaman. Nasib qilsa, yaqin 10 kun ichida kelajagim borasida bir qarorga kelaman. Balki “Bunyodkor”da qolishim mumkin. Bo‘lmasam, o‘zim uchun ma’qul bo‘lgan klub safiga borib qo‘shilarman. Buni vaqt ko‘rsatadi”, - dedi Normurodov.