locale OZ

«Xorazm» klubi 19-tur o‘yinini o‘z uyida qabul qiladi

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
"Xorazm" klubi 19-tur o‘yinini o‘z uyida qabul qiladi
Photo: UzPFL

"Xorazm" klubi 19-tur o‘yinini o‘z maydonida qabul qiladi. Bu haqda O‘zPFL matbuot xizmati xabar berdi.

15 yillik tanaffusdan so‘ng Superligaga qaytgan "Xorazm" futbol klubi mavsum boshidan beri o‘z uy o‘yinlarini turli shaharlar stadionlarida o‘tkazib kelmoqda. Shu vaqt davomida "Xorazm" sport majmuasini Superliga talablariga mos ravishda qayta ta'mirlash ishlari olib borildi.

O‘tgan vaqt davomida Liga mutaxassislari muntazam ravishda "Xorazm" sport majmuasining tayyorgarligini monitoring qilib bordi. Oxirgi marta ular 31 iyul kuni majmuada bo‘lib, navbatdagi hisobotni tayyorladi. O‘rganishlar xulosasi "Xorazm" klubiga nihoyat Superliga o‘yinlarini o‘z uyida qabul qilish imkoniyati paydo bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Liga Xorazm va Nukus shaharlarida Superliga bellashuvlari sun’iy maydonda o‘tkazilishi masalasida Assotsiatsiya bilan hamkorlikda ish olib bordi. Ekologik holat ushbu hududlarda tabiiy chim o‘stirish va uni kelgusida parvarish qilishda muammolar yuzaga kelishi mumkinligini, shuningdek, bu katta xarajat talab qilishini ko‘rsatdi.

Shundan kelib chiqib, sun’iy qoplama FIFA standartlariga mos kelishi hamda professional futbol uchrashuvlarini o‘tkazish imkoniyatini berishi shartiga ko‘ra "Xorazm" sport majmuasiga sun’iy qoplama yotqizish uchun ruxsat berildi.

"Xorazm" ushbu talabni bajardi. Hozirgacha arenada bir qator sinov o‘yinlari o‘tkazildi va ularda muhim kamchiliklar aniqlanmadi.

Shuningdek, VAR imkoniyatlaridan kelib chiqib, Termizdagi kabi "Xorazm" sport majmuasida alohida VAR texnikasi xarid qilindi va majmuada maxsus VAR xonasi tashkil etildi. 31 iyul kuni Liga va "Sport ijodiy birlashmasi"ning teletranslyatsiyalar uchun mas'ul mutaxassislari ham majmuada bo‘lishib, Superliga o‘yinlarini efirga uzatish uchun zarur ishlar bo‘yicha hisobot tayyorlashdi.

Stadion proyektorlari iyul oyigacha ikki marta sozlanib, yaxshilangan bo‘lsa-da, ular Superliga talablariga javob bermayotgan edi. Shu sababli may yoki iyun oylarida ushbu arenada rasmiy o‘yin o‘tkazishga ruxsat berilmadi.

Natijada iyul oyida qo‘shimcha texnika jalb etish ishlari olib borildi. 31 iyul holatiga ko‘ra, proyektorlarning yorug‘ligi o‘rtacha 1 830 lyuksga yetkazildi. Biroq bu masala to‘liq yopilmagan, hozirda majmuaga qo‘shimcha texnika olib kelinmoqda. Yakunda proyektorlarning o‘rtacha yorug‘ligi 2 000 lyuksdan oshirilishi rejalashtirilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Superliga 19-turidan o‘rin olgan "Xorazm" — "Qizilqum" uchrashuvi orqali Xorazm viloyatiga Superliga qaytishi masalasida kelishuvga erishildi. Ungacha Liga mutaxassislari klub va stadion bilan hamkorlikda majmuani rasmiy bellashuvga tayyorlash ishlarini davom ettiradi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting