Ulug‘bek Baqoyev: «Jismoniy holat sababli g‘alabani boy beryapmiz»
Superliga 9-turi doirasida bo‘lib o‘tgan "Navbahor" — "So‘g‘diyona" (1:1) uchrashuvidan so‘ng jizzaxliklar bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— Biz bugungi kunda O‘zbekistonning eng yaxshi jamoalaridan biriga qarshi o‘ynadik. Raqib jiddiy, oldiga katta maqsadlar qo‘ygan. Jamoamiz hozir ma’lum bir “psixologik chuqurlik”ka tushib qolgani hisobga olinsa, o‘yin borasida yaxshi taassurotlar qoldi. Birinchi taymda ham, ikkinchi taymda ham tartib-intizom bilan harakat qildik. Ba’zi narsalar muvaffaqiyatli bo‘ldi, ba’zilari esa unchalik emas, ammo ikkinchi bo‘limda gol urishga muvaffaq bo‘ldik. Hisobda oldinda borib, o‘yinni g‘alabaga yetkaza olmaslik alam qiladi. Shunday bo‘lsa-da, yigitlarga intizom uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman.”
— Bu birinchi marta kuzatilayotgan holat emas. "Qo‘qon-1912" bilan bahsda, Samarqandda va o‘tgan o‘yinda ham jamoa, hattoki ba’zida ikki to‘p farqi bilan oldinga chiqib olib, lekin yakunda kerakli hisobni ushlab qola olmayapti. Bu nimaga bog‘liq?
— Asosiy sabab jismoniy holat. Jamoa mavsumoldi yig‘inlarda nimalar bilan shug‘ullanganidan xabardor emasman. Bugungi o‘yinni Qo‘qondagi bahs bilan solishtirsak, bular ham texnik, ham jismoniy jihatdan ikki xil jamoa. O‘ylaymanki, himoyadagi xatolarimiz ko‘proq ruhiyat bilan bog‘liq: qandaydir qo‘rquv paydo bo‘ladi. Biz o‘yinchilarga hakam qancha vaqt qo‘shib berishidan qat’i nazar, oxirigacha o‘ynash va hech qachon konsentratsiyani yo‘qotmaslik kerakligini doim uqtiramiz. Bugungi natija psixologik holatimiz tufayli yuz berdi.
— 2:0 hisobida oldinda borayotgan holatda mag‘lub bo‘lish kuchli psixologik zarba ekanligini aytgandingiz. Bu bosib berk ko‘chadan chiqishning yo‘li bormi? Axir bu holat abadiy davom eta olmaydi-ku...
— Chiqish yo‘li bitta — yigitlar o‘zlariga ishonchni his qilishlari kerak. Buning uchun esa shunchaki g‘alaba qozonish lozim. Texnik jihatdan ular yaxshi tayyorlangan, gol urishni bilishadi. Agar biz noto‘g‘ri yo‘nalishda ishlayotganimizda, har o‘yinda vaziyatlar yaratib, gol ura olmayotgan bo‘lardik. Demak, poydevor bor, ammo qayerdadir vaziyatni nazorat qilish yetishmayapti.
— Hujumchilar haqida so‘ramoqchi edim — bu hozir chempionatimizdagi umumiy tendensiya. Faysal Mulichning o‘yinini qanday baholaysiz? U "Paxtakor" va "Qizilqum"ga gol urdi. Bugun gol urish mumkin bo‘lgan vaziyatlarda ofsdda qolib ketgani bilan yodda qoldi. Shuningdek, hozirgi kunda chempionatimizda aynan markaziy hujumchilar juda kam gol urayotganini, gollarning asosiy qismi esa vingerlar va yarim himoyachilar ulushiga to‘g‘ri kelayotganini g‘alati deb o‘ylamaysizmi?
— Birinchidan, gol urish qiyinlashdi. Hozir har bir jamoa va har bir himoya chizig‘i raqibni sinchkovlik bilan o‘rganadi. Hujumchilarning mahoratli va mehnati bilan natijaga erisha oladiganlari bor. Har qanday hujumkor o‘yinchi o‘yinda o‘zidan iz qoldirishi kerak, eng yaxshi iz esa — bu gol yoki jamoaning g‘alabasiga qo‘shilgan hissadir. Ko‘p narsa jismoniy holatga bog‘liq. Agar o‘yinchi jismonan tayyor bo‘lmasa, u hatto top-darajadagi futbolchi bo‘lsa ham, yetarli foyda keltira olmaydi. Umuman, hujumchilarning mahsuldorligiga kelsak, chempionatimiz saviyasi oshdi, o‘yinchilar himoyada yaxshiroq harakat qiladigan bo‘lishdi. Bu tabiiy jarayon. Rivojlanish tufayli gol urish ham ancha qiyin bo‘lib qoldi.
— Hamkasbingiz Jafar Irismetov podkastlarning birida Superliga klublariga hujumchilar uchun alohida murabbiylar yollashni taklif qildi. Irismetovning fikriga qo‘shilasizmi? Axir o‘zingiz ham o‘tmishda ajoyib to‘purarlardan bo‘lgansiz va himoyachilar hozirgidan ancha qo‘polroq o‘ynagan paytlarda ham darvozaga yo‘l topa olgansiz. Murabbiylar shtabida bunday mutaxassis kerakmi?
— Agar reglament va klub byudjeti shtabni kengaytirishga imkon bersa, nega endi yo‘q? Bu yaxshi g‘oya. Bizda hozircha bunga ehtiyoj yo‘q, hujumlarni yakunlash borasida yigitlar bilan o‘zim ko‘p ishlayapman. Lekin umuman olganda, ayniqsa katta futbolda endigina qadam qo‘yayotgan 16–17 yoshli o‘yinchilar uchun jarima maydonchasida o‘yinga ixtisoslashgan mutaxassisning bo‘lishi juda foydali bo‘lardi.
— Nima uchun Jaloliddinov tanaffusda almashtirildi?
— Almashtirish uning o‘yini bilan bog‘liq emas. Unda sariq kartochka bor edi, kamchilikda qolib ketmaslik uchun tavakkal qilishni istamadik.