Superligada noyabr oyida o‘tkaziladigan eng muhim 5 uchrashuv
O‘zbekiston Superligasi yakuniy pallada. Noyabr oyida muxlislarni bir qator qiziqarli va hal qiluvchi o‘yinlar kutib turibdi. Bu borada O‘zPFL matbuot xizmati tomosha qilish kerak bo‘lgan uchrashuvlar haqida ma’lumot taqdim etdi.
Paxtakor – Bunyodkor.
3 noyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 27-turi doirasida muxlislar Toshkent derbisiga guvoh bo‘ladi. Shu kuni "Paxtakor" klubi "Jar" stadionida "Bunyodkor" bilan kuch sinashadi.
Toshkent derbisi doim katta qiziqishlarga sabab bo‘lib kelgani hammamizga ma’lum. Hatto, "Paxtakor" qatorasiga 5 marta O‘zbekiston Superligasi g‘olibi chiqqan 2019–2023 yillarda ham "Bunyodkor"ga qarshi bahslarda jiddiy qarshilikka uchragan.
Shuningdek, ayni vaqtda har ikki jamoa Superliganing bronza medallari uchun kurashmoqda. Shunday ekan, ushbu bahs ikki tomonlama ahamiyatli.
Buxoro – Neftchi.
7 noyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 28-turi doirasida "Buxoro" klubi o‘z maydonida "Neftchi"ni qabul qiladi.
"Neftchi" klubi ayni paytda Superliga g‘olibligi uchun asosiy da’vogarlaridan biri bo‘lib turibdi. So‘nggi turlarda ochko yo‘qotish jamoaga qimmatga tushishi aniq.
"Buxoro" klubi esa O‘zbekiston kubogi finalida mag‘lubiyatga uchradi. Shu sabab jamoa muxlislari oldidagi aybini o‘z maydonida peshqadamlardan birini mag‘lub etish orqali yuvishi mumkin.
Shuningdek, buxoroliklar Superliga jadvalida so‘nggi o‘rinlardan birini egallab turibdi. Shu bois, Aleksandr Xomyakov boshchiligidagi jamoa ham osonlikcha taslim bo‘lmasligi aniq.
Nasaf – Mash’al.
8 noyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 28-turi doirasida muxlislar Qashqadaryo derbisiga guvoh bo‘ladi. "Nasaf" klubi Qarshida "Mash’al" bilan kuch sinashadi.
Qashqadaryo derbisi doimo vohalik futbol muxlislarining diqqat markazida bo‘lib kelgani barchamizga ma’lum. Uning ustiga, har ikki jamoaga ayni paytda g‘alaba suv va havodek zarur.
Chempionlik uchun kurashayotgan "Nasaf" so‘nggi turlarda faqat grand klublar bilan to‘qnash kelmoqda. Shunday sharoitda jadvalning quyi qismida borayotgan "Mash’al"ni mag‘lub etish jamoaga juda muhim 3 ochkoni keltiradi.
Muborakliklar esa Superligada jon saqlab qolish uchun jang qilmoqda. Jamoa ligada jon saqlab qolmoqchi bo‘lsa, bundan buyog‘iga ochko yo‘qotishga haqi yo‘q.
Paxtakor – Nasaf.
20 noyabr kuni O‘zbekiston Superligasi 29-turning markaziy o‘yini bo‘lib o‘tadi. O‘sha kuni "Paxtakor" "Jar" stadionida "Nasaf"ni qabul qiladi.
Ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar har doim printsipial ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. So‘nggi 6 ta o‘yinining 4 tasi durang bilan yakunlangan. Shuningdek, bitta o‘yin "Nasaf"ning, yana bitta bahs "Paxtakor"ning g‘alabasi bilan tugagan.
Shuningdek, ayni vaqtda "Paxtakor" bronza medal uchun, "Nasaf" esa chempionlik uchun kurashmoqda. Shunday ekan, ushbu o‘yinda qo‘lga kiritiladigan 3 ochko har ikki jamoaga suv va havodek zarur.
Neftchi – Qizilqum.
22 noyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 29-turi doirasida "Neftchi" jamoasi o‘z maydonida "Qizilqum" klubini qabul qiladi.
Bu chempionlik uchun kurashayotgan Farg‘ona klubining 2025 yilgi mavsumda o‘z maydonida o‘tkazadigan so‘nggi o‘yini bo‘ladi.
So‘nggi turda farg‘onaliklarni ligani tark etmaslik uchun tish-tirnog‘i bilan kurashayotgan "Xorazm" jamoasi maydonida jiddiy o‘yin kutmoqda. Shu bois, Vitaliy Levchenko shogirdlaridan "Qizilqum"ga qarshi o‘yinda faqat g‘alaba kutiladi.