Superliga so‘nggi turi va pley-off sanalari haqida
Superliga 30-tur uchrashuvlari uchun sana belgilashda Liga quyidagi omillarni hisobga olishi lozim:
- “Andijon” klubining 26-noyabr kuni xalqaro musobaqa doirasida maydonga tushishi;
- 30-turda maksimum 4 ta uchrashuvda VAR texnikasidan foydalanish imkoniyati mavjudligi;
- 8 ta uchrashuv bir vaqtda boshlansa, ularning barchasini teletranslyatsiya qilish imkoniyati cheklanganligi.
Musobaqa o‘zining qizg‘in pallasiga kirib borayotganidan kelib chiqib, barcha uchrashuvlar sanasini hozirdanoq e’lon qilish murakkab. Chunki, so‘nggi turda parallell o‘yinlar natijasiga bog‘liq bo‘lmagan bir yoki bir nechta uchrashuvni ajratib olish Liga uchun yengillik yaratishi mumkin. Biroq 8 ta uchrashuvdan aynan qaysi biri bunday maqomda bo‘lishi hozircha noma’lum.
“Superliga va Pro-liga reglamenti”dan kelib chiqib, Liga uchrashuvgacha eng kamida 20 kun vaqt qolguniga qadar uning joyi hamda sanasiga aniqlik kiritishi shart. Mazkur band klub va jamoalarning yo‘l chiptalari hamda mehmonxonalarga buyurtma berishga ulgurishini hisobga olib kiritilgan. So‘nggi turga e’tibor qaratilsa, ikki bellashuv bu borada nisbatan noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Shundan kelib chiqib, Liga ayrim masalalarga aniqlik kiritishni lozim deb topdi.
Har qanday holatda ham 30-turning asosiy uchrashuvlari 30-noyabr — yakshanba kuni o‘tkaziladi va unda uchrashuvlar 15:00 da boshlanadi. Shundan kelib chiqib, “Neftchi” hamda “Surxon” klublari uzoq safar uchun yo‘l chiptalarini xarid qilishda ushbu sanani inobatga olishlari mumkin:
Superliga, 30-tur
30-noyabr, yakshanba
“Xorazm” — “Neftchi”
“Buxoro” — “Surxon”
Qolgan 6 uchrashuv mehmonlarida raqib maydoniga poyezd yoki samolyotsiz yetib borish imkoniyati nisbatan ko‘proq. Liga ulardan vaziyatni to‘g‘ri baholagan holda 30-tur uchrashuvi rejasini ishlab chiqayotganda mazkur holatni inobatga olishni so‘radi. Har qanday holatda 30-turda yuqoridagi ikki uchrashuv natijasiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan uchrashuvlar bir vaqtda boshlanishi ta’minlanadi.
Yana bir necha kun ichida yuqorida qayd etilgani bo‘yicha parallell o‘yinlarga ta’sir ko‘rsatmaydigan biror uchrashuv ajralib chiqsa, Liga o‘sha uchrashuvni 29-noyabr kuni tashkil etish masalasini ilgari surishi mumkin. Bunda uchrashuv davomida VAR texnikasidan foydalanish va uni teletranslyatsiya qilish imkoniyati ortadi. Bu bilan 8 ta uchrashuvning nisbatan ko‘prog‘ida mazkur masala qamrab olinishi mumkin bo‘ladi.
Superliga so‘nggi turi va pley-off sanalari masalasi
Shuningdek, Superliga mavsumini 12, 13, 14 hamda 15-o‘rinda yakunlaydigan jamoalar pley-off uchrashuvlarida ishtirok etadi. Uning birinchi bosqichi reglamentda belgilanganidek 12 hamda 13-o‘rindan joy olgan klublar maydonida bo‘lib o‘tadi. Quyida pley-off o‘yinlari sanalari keltirilgan:
Pley-off
I bosqich
5-dekabr, juma
“Superliga-12” — “Superliga-15”
“Superliga-13” — “Superliga-14”
Pley-off
II bosqich
10-dekabr, chorshanba
Pley-off
III bosqich
14-dekabr, yakshanba
Klublar Superligani 15-o‘rinda yakunlagan jamoa pley-offning barcha o‘yinlarini safarda o‘tkazishini inobatga olishlari lozim.