locale OZ

Sherzod Jo‘rayev: «Kamchiliklar ustida ishlab, uni bartaraf etishga harakat qilamiz»

“Navbahor” ustozi "Bunyodkor"ga qarshi o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Sherzod Jo‘rayev: «Kamchiliklar ustida ishlab, uni bartaraf etishga harakat qilamiz»
Фото: Навбаҳор ПФК

Superliganing 25-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Bunyodkor” (0:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Sherzod Jo‘rayev ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.

“Lochinlar” ustozi odatdagidek, so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.

– Assalomu alaykum! Uchrashuvni barchangiz ko‘rdingiz, to‘g‘risi, bahsning bunday kechishini kutmagandim. Bugungi mag‘lubiyat uchun aybni o‘z zimmamga olaman. Chunki jamoaning tayyorgarligiga men mas’ulman. Aslida shogirdlarim yutqazishni xohlamadilar va oxirigacha o‘yinda burilish yasashga intildilar. Lekin uchrashuvning 1-bo‘limidagi xatolar yakunda mehmonlarga g‘alaba olib keldi.

– Jamoani boshqarishda qiyinchiliklar bo‘layaptimi? Futbolchilar ko‘rsatmalaringizni bajaryaptimi?
– Bu Superligadagi endigina uchinchi o‘yinim. Menda hali tajriba yo‘q. Lekin yigitlar ko‘rsatmalarimni amalga oshirayapti. Lekin bu futbol. Futbolda esa hamma narsa yuz berishi mumkin. O‘yinchilar maydonga tushganidan so‘ng, Namangan ahli va “Navbahor” uchun maydonda barcha imkoniyatlarini ishga solishlari lozim.

– Bugungi bellashuvda ikki xil bo‘lim guvohi bo‘ldik. “Navbahor” jamoasi a’zolari 2-bo‘limda boshqacha o‘yin namoyish etgan holda, uchrashuvda burilish yasashga intilishdi. Lekin hujumlar yakuniga yetmadi. Tanaffusda shogirdlaringizni qanday ruhlantirdingiz? Umuman olganda, bugungi tarkibdagi futbolchilarning harakatlari hamda o‘yindan qoniqdingizmi?
– Ta’kidlagandek, Superligadagi murabbiylik borasida menda tajriba kamroq. Vaqti-soati bilan tajribaga ega bo‘lamiz, albatta. Yigitlarga “Navbahor” muxlislarini doimo xursand qilish kerakligini, chunki ular bundan ko‘prog‘iga loyiq ekanliklarini uqtirdim.
So‘nggi mavsumlarda jamoamizning chempion bo‘lishiga bir qadam qoldi, ikki marta O‘zbekiston kubogi finaliga qadar yetib bordi. Ushbu so‘zlarim bilan ertaga chempionlikni olib beraman, demoqchi emasman. Shunchaki, “Navbahor” muxlislari ijobiy natijalarga loyiq ekanliklarini ta’kidlmoqchiman, xolos.

Tarkib borasida to‘xtaladigan bo‘lsam, mashg‘ulotlarda qaysi futbolchilar yaxshi ishtirok etsa, o‘yinga tayyor bo‘lishsa, o‘sha o‘yinchilarni maydonga tushirdim. Ikkinchi bo‘limda jamoa o‘yinini kuchaytirish uchun Muhammadali G‘iyosov, Shohmalik Komilovni zaxiradan maydonga tushirish rejada avvaldan bor edi.

– Urilmagan penalti o‘yinga qanchalik ta’sir o‘tkazdi?
– Balki, o‘sha 11 metrlik jarima zarbasi urilganida, ikkinchi bo‘limda boshqacha o‘yin tomosha qilgan bo‘lardik, uchrashuv natijasi ham boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Biroq, bu bilan bahona izlamoqchi emasman. Aytganidek, yutsa – jamoa yutadi, yutqazsa – murabbiy. Hozircha tajribam kamroq.

– “Navbahor”ning U-21 yoshlar jamoasidan ham asosiy tarkibga futbolchilar jalb etiladimi?
– Shunday rejalarimiz bor. Albatta, yoshlar jamoamizdagi 3–4 nafar futbolchini asosiy tarkibga jalb etish rejamizda bor. Buni klub rahbariyati bilan kelishgan holda amalga oshiramiz.

– Jamoada shtatli penaltichi bormi yoki qaysi futbolchida ishonch yuqori bo‘lsa, 11 metrlik jarima zarbasini amalga oshiradimi? Chunki, penaltilarni turli futbolchilar amalga oshirmoqda. Oldingi bellashuvda Abbosjon G‘ulomov penalti tepgan bo‘lsa, bugungi bahsda Ruslanbek Jiyanov 11 metrlik zarbani ijro etdi. Bu borada nima deya olasiz?
– Har bir o‘yindan oldin standart vaziyatlar va penaltini qaysi futbolchilar amalga oshirishini aniqlab beraman. Bizda shtatli penaltichilar ko‘p. Ular: Azimjon Ahmedov, Abbosjon G‘ulomov, Ruslanbek Jiyanov va Zabihillo Orinboev. Ulardan qaysi birida ishonch kuchli bo‘lsa, penalti o‘sha futbolchi tomonidan amalga oshiriladi. Bugungi bahsga Azimjon Ahmedov, Abbosjon G‘ulomov hamda Ruslanbek Jiyanovlarni penaltichi sifatida tanlagandim.

– Zabihillo Orinboev avvalgi 2 ta bellashuvda maydonga tushmagandi. Lekin bugungi bahsda asosiy tarkibdan joy oldi va unga ko‘proq imkoniyat berdingiz. Ushbu holatni qanday izohlaysiz?
– Zabihillo Orinboevdagi xohishni ko‘rib, uni asosiy tarkibda maydonga tushirdim. U mashg‘ulotlarda astoydil shug‘ullandi. Bugungi o‘yinni 2 nafar hujumchi bilan boshlashga qaror qildim. Shuning uchun Orinboev boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi. To‘g‘ri, bu bahona bo‘lishi mumkin. Emotsiyaga beriluvchan bo‘lganligim bois, haligacha bugungi uchrashuv holatidan chiqib ketolganim yo‘q. Anchagacha o‘zimga kelolmasam kerak. Yigitlar ko‘rsatmalarni kerak bo‘lsa, ming foizga bajarishlari shart. Bunday tezlik bilan futbol o‘ynab bo‘lmaydi. Millionlar o‘yinida tezroq fikrlash, to‘pni tezroq jamoadoshiga yetkazib berish lozim. Kamchiliklar ustida ishlab, uni bartaraf etishga harakat qilamiz. Barcha murabbiylarda mag‘lubiyatli o‘yinlar bo‘lib turadi. Keyingi bahslarda muxlislarni xursand qilishga intilamiz.

– Bugungi o‘yinda Benjamin Teydi va Julio Sezarlar nima uchun maydonga tushishmadi?
– Teydi mashg‘ulotda oyog‘i sinib qoldi, u endi ikki hafta maydonga tusha olmaydi. Sezar darajasidagi futbolchilar esa o‘zimizda ham bor. Shuning uchun mahalliy, yosh o‘yinchilarga imkoniyat berishga qaror qildim. Ular ham sekin-asta tajriba orttirib borishlari kerak. Namanganda iqtidorli futbolchilar ko‘p. Ularga ham imkoniyat berish zarur.

– “Navbahor”ga bosh murabbiy sifatida tayinlanayotganingizda klub rahbariyati bilan suhbatlashgansiz, albatta. Oldinda jamoaning yana 5 ta uchrashuvi bor. Sizga qandaydir vazifa qo‘yilganmi, shuningdek, kelasi mavsumga ham rejalar bormi?
– Aytganimdek, bu mening Superligadagi uchinchi o‘yinim va hali menda tajriba kam. Hozir nimadir desam, bu bahonaga aylanadi. Bu borada hech narsa deya olmayman. Menddan avvalgi murabbiy Sergey Lushan ham imkoniyati darajasida faoliyat olib bordi, harakat qildi. Yigitlarga tezkorlikni kuchaytirish lozimligini, yo‘qsa, qiyin bo‘lishini ta’kidladim.
Menga joriy mavsumni yakunlab qo‘yish vazifasi qo‘yildi. Namanganlik bo‘lganim, “Navbahor” menga qadrdon bo‘lganligi bois, tavakkal qilgan holda jamoani qabul qildim. Bunday holatda chetda tura olmasdim. Buyog‘i, barchasi Allohdan. Oldindan bashorat qila olmayman.

– Keyingi bahsda “Navbahor” “Qo‘qon-1912” jamoasi mehmoni bo‘ladi. O‘sha bahsda yosh futbolchilarga ham imkoniyat berasizmi?
– Aytganimdek, Namanganda iqtidorli o‘yinchilar ko‘p. Balki, Asadbek Jo‘raboyev va Navro‘zbek Iminjonovlar Qo‘qondagi bahsda asosiy tarkibdan o‘rin olishar. Buni klub rahbariyati bilan maslahatlashgan holda hal etamiz.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting