Shahzod Azmiddinov: \"Andijonga oʻtishimning eng katta sababi Maksim Shatskix boʻladi\"
“Andijon” klubining yangi transferlari orasida iqtidorli himoyachi Shahzod Azmiddinov ham bor.
Futbolchi “Burgutlar” oilasining bir boʻlagiga aylangan holda ikkinchi davraga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Jamoa ham uni boshqalar qatori iliq kutib oldi.
Azmiddinov “Andijon”dagi birinchi oʻtkazgan mashgʻulotidan soʻng klub matbuot xizmatiga dastlabki intervyusini berdi.
- “Paxtakor”dan “Andijon”ga koʻchib oʻtdingiz. Hammasi qanday yuz berdi?
- “Andijon” jamoasiga qoʻshilganimdan xursandman. Bu yerga oʻtishimga eng katta sabab bosh murabbiy Maksim Aleksandrovich boʻldi. Men ushbu mutaxassis bilan uch yil birga ishlaganman. Yaxshi bilaman. Oʻzim ham bu jamoaga oʻtishni va Maksim Aleksandrovich qoʻl ostida toʻp surishni ancha xohladim. Albatta, oʻtishim oson boʻlmadi. Oxirida tomonlar kelishuvga erishishdi. Xudo xohlasa, qoʻlimdan kelganicha “Andijon”ga yordam beraman. Jamoa fan-klubini yaxshi bilaman. Bunday muxlislar qarshisida toʻp surish juda yoqimli. Ularning ishonchini oqlashga harakat qilamiz.
- Yangi qarorgohda yangi jamoangiz bilan birinchi mashgʻulotni oʻtkazdingiz. Taassurotlar qanday?
- Jamoa aʼzolarining barchasi ogʻaynilarim. Hammasi bilan tanishmiz. Baribir umumiy bogʻlanishlarimiz bor. Jamoaga kirishib ketishda muammo boʻlgani yoʻq. Mashgʻulot jarayonlari ham oʻsha. Shunday ekan, yana-da moslashishim qiyin kechmaydi. Kuchliroq boʻlib, ishonchni oqlashga harakat qilamiz.
- “Andijon” safida ikkinchi davradan nima kutyapsiz?
- Oldimizga qoʻyilgan maqsadlardan biri Osiyo Chempionlar ligasida munosib ishtirok etish. Birinchi vazifamiz guruhdan chiqish. Chempionatda ham yaxshi oʻrinlardan birini egallamoqchimiz. Bunday futbolchilar bilan kuchli uchlikka kirsa boʻladi. Hammasi ajoyib oʻyinchilar. Oldimizda hali koʻp ishlarimiz bor. “Andijon” muxlislari uchun yaxshi natija koʻrsatishga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
- OChLda ham oʻynagansiz. “Andijon” OChL 2da ilk bor ishtirok etadi va siz ushbu turnirda jamoaning ishtirokini qanday tasavvur qilasiz?
- U yerda baribir daraja boshqa boʻladi. Bitta xatoni kechirishmaydi. Imkoni boricha kam xato qilgan jamoa gʻalaba qozonadi.
- Yana bir bor Maksim Shatskix bilan ishlash imkoniyatiga egasiz. Sizga yoqadigan eng afzal tomonlari nimada?
- Murabbiy taktik jihatdan ham juda yaxshi tayyorlaydi. “Paxtakor”da ham koʻproq taktika ustida ishlardik. Raqibning kuchli va kuchsiz tomonlaridan kelib chiqib, toʻgʻri tarkib tanlay oladi.
- “Andijon” muxlislari sizni jamoaga qoʻshilganingizdan xursand. Ularga qanday gapingiz bor?
- Bizni qoʻllab-quvvatlashda davom etinglar. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi boʻladi. Qoʻldan kelganicha xursand qilishga harakat qilamiz. “Bobur arena”da barcha ishqibozlarni kutib qolamiz.