Sergey Lushan: \"Natijadan qoniqdim\"
O‘zbekiston Superligasining 16-turidan o‘rin olgan “Dinamo” – “Navbahor” (2:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida jamoamiz bosh murabbiyi Sergey Lushan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.
“Lochinlar” ustozi odatdagidek, o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.
- Uchrashuv biz uchun ancha og‘ir kechdi. Ayniqsa, bellashuvning 1-bo‘limida o‘yinimiz unchalik qovushmadi va o‘z darvozamizdan 4-5 ta to‘p olib chiqishimiz ham mumkin edi. Unda uchrashuvda burilish yasay olmadik. Birinchi bo‘limda yigitlarning o‘yinlari unchalik qovushmaganligiga mazkur uchrashuvga noto‘g‘ri taktika tanlangani ham sabab bo‘ldi, menimcha.
Shuningdek, jamoamizning Belarusdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga 40 foiz futbolchilar so‘nggi kunlarda qo‘shilishdi, uch nafar futbolchi esa yurtda mashg‘ulotlar olib borishdi. Balki, uchrashuvning boshlang‘ich tarkibidan Belarusdagi yig‘inda to‘liq qatnashgan o‘yinchilar joy olishlari kerakmidi? Nima bo‘lgan taqdirda ham, biz o‘yinda burilish yasay oldik.
“Dinamo” bilan 1-turda Namanganda bo‘lib o‘tgan o‘yindan (0:0) keyingi matbuot anjumanida bu raqib jamoa chempionlik uchun kurashadi, degan edim. Amalda ham shunday bo‘lyapti. Juda ham yaxshi jamoa shakllanibdi, murabbiylar shtabiga hurmat! O‘yinchilar tanlovida adashishmagan, jamoa o‘yiniga mos. Shaxsan menga bu “Dinamo” juda yoqdi. Ular bilan Samarqandda durang natija qayd etish yomon emas. Natijadan qoniqdim. Muxlislarga ham o‘yin yoqqan bo‘lsa kerak. Bugun boshimiz uzra yulduzlar charaqladi.
- Shohmalik Komilov zahiradan maydonga tushib, “Navbahor”ning ikki golida ham ishtirok etdi. Birinchi gol Shohmalikning faol harakatlari evaziga urilgan bo‘lsa, keyin u penalti ishladi. Komilov bir paytlar “Dinamo”da o‘ynagan. Balki, mazkur omil ham uni bugungi bahsda ruhlantirgandir?
- Bilmayman, buni Shohmalikning o‘zidan so‘rash kerak (kuladi). To‘g‘ri, Komilov jamoamiz yetakchilaridan biri, zaxira emas, asosiy tarkib futbolchisi. Ammo biz uning imkoniyatidan 2-bo‘limda zaxiradan maydonga tushirib, o‘yinni kuchaytirishda foydalanayapmiz va bunga sabr qilmoqda. Biz tarkibni kuchaytirdik va endi Shohmalik keyingi bahslarda asosiy tarkibda maydonga chiqishi mumkin.
Bugun 2-davraning ilk turi bo‘lganligi bois, maydonga tajribali futbolchilarni tushirgandik. Teydi Belarusdagi yig‘inga ayrim sabablarga ko‘ra bormagan, Sezar va Gabriel esa Minskdagi mashg‘ulotlarga kechroq qo‘shilishgan. Tajriba o‘z so‘zini aytishiga ishongan edim. Ammo ushbu uchrashuv kim o‘yinga tayyor bo‘lsa, o‘sha futbolchilarni maydonga tushirish lozimligini, hech narsadan cho‘chimaylik kerakligini isbotladi. Birinchi bo‘limdagi voqealiklar buni ko‘rsatdi. Bundan kerakli xulosalar chiqaramiz. Belarusdagi yig‘inda yuklamalar ancha og‘ir kechdi.
- Futbolchilarning 40 foizi Belarusdagi yig‘inda to‘liq ishtirok etmadi, dedingiz. Unda ushbu o‘yinchilar nima bilan shug‘ullanishdi?
- Buning o‘ziga xos sabablari bor edi. Teydi vizaga bog‘liq muammolar sababli Minskka bora olmagan bo‘lsa, Sezar bilan esa shartnoma borasida muzokaralar biroz cho‘zilib ketdi. Gabriel esa uyiga 6 oy davomida bormaganligi bois, ruxsat so‘radi. Biz shu bois, unga 3 kun ko‘proq dam berdik. Boltaboyev ham yig‘in yakunlanishiga sanoqli kunlar qolganda Belarusga bordi.
Menga Muhammadali G‘iyosov yoqdi. U mashg‘ulotlarda ham o‘zini ko‘rsatdi. Shuningdek, Mirsaidov va Jianovlar ham yig‘inga kechroq qo‘shilishdi. Shunday bo‘lsa-da, bugungi bellashuvda o‘yinda burilish yasay olishgani uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. Komilov o‘z imkoniyatidan foydalanganida yutishimiz ham mumkin edi. Bu futbol – u yog‘ini o‘zingiz tushunasiz.
- Bugungi o‘yinlardan so‘ng, birdaniga 4 ta jamoada 30 tadan ochko yuzaga keldi. “Navbahor” 7-o‘rinda bo‘lsa-da, 27 ochkoga ega. Bu borada fikringiz qanday?
- Birinchi davraning so‘nggi o‘yinida “Paxtakor” ustidan g‘alaba qozonganimizda, hozir turnir jadvalida 2-o‘rinda borayotgan bo‘lardik. Albatta, jamoalar orasidagi ochkolar unchalik katta emas va 7 ta jamoada sovrinli o‘rinlar uchun kurashish imkoniyati bor. Bunday ajoyib holat esa yaqin o‘rtada bo‘lmagandi. Shuningdek, ta’kidlaganimdek, jamoamizda O‘zbekiston kubogini ham qo‘lga kiritish imkoniyati bor va biz undan foydalanishga intilamiz.