Sergey Lushan: “Hisob 6:0, menimcha, ko‘p narsa gapirish shart emas”


O‘zbekiston Superligasining 14-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Mash’al” (6:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida jamoamiz bosh murabbiyi Sergey Lushan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.
“Lochinlar” ustozi odatdagidek, o‘z so‘zini uchrashuv haqidagi fikrlari bilan boshladi.
- O‘yinga qadar juda ko‘p xavotirlangandik. “Mash’al” jamoasining himoyada muammolari borligini bilardik. Ular vertikal futbolni yaxshi o‘ynashi meni o‘ylantirayotgan edi, ammo biz sxemani o‘zgartirdik. Hisob 6:0, menimcha, ko‘p narsa gapirish shart emas. Juda yaxshi g‘alaba bo‘ldi.
- Yozgi transfer “oynasi”da tarkib kuchayadimi?
- Ushbu masalada klub rahbariyati va viloyat hokimi bilan maslahatlashmoqdamiz. Barchasi uchun pul kerak. Albatta, tarkib kuchayishini istayman. Mavsum avvalida bizda aniq bir maqsad yo‘q edi, hozir esa yaxshi natija qayd etishimiz mumkin. Ishtaha taom vaqti keladi, deyishadi-ku. Legioner futbolchini olib kelish, o‘zimizning futbolchilarning joyini band qilish degani. Maqsadimiz oddiy – 70 foiz tarkibimizni mahalliy futbolchilardan yig‘ish va ikki mavsumdan so‘ng, chempion bo‘lish. Chempion bo‘lish uchun esa yigitchalarni o‘ynatish kerak. Legionerlarni olib kelish, mening fikrimcha, noto‘g‘ri.
- Jamoani tark etishi mumkin bo‘lgan futbolchilar ham bormi?
- Bor. Ikkita-uch nafar futbolchilar bor. Ular menga yoqadi, ammo bizning o‘yinimizga mos kelishmayapti. Har bir murabbiyning o‘ziga yarasha uslubi bor. O‘sha futbolchilar esa umuman boshqa uslubda futbol o‘ynab kelishgan. Bir futbolchimizda xorijdan taklif bor. Uni majburlab ushlab o‘tirmaymiz. U futbolchi yaqinda ko‘rikka boradi hamda umid qilamanki, o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata oladi. Yana ikki nafar futbolchimizga ham qiziqish bor, lekin ularni qo‘yib yubora olmaymiz, afsuski. Ularni qo‘yib yuborsak, tarkibimiz ancha kuchsizlanib qoladi. Hujum chizig‘imizda kam o‘yin vaqtiga ega bo‘layotgan futbolchilar bor, ammo tayanch yarim himoya va himoyachilar pozitsiyasida futbolchilar yetishmovchiligi bor.
- Ushbu futbolchilarning nomlarini ayta olasizmi?
- Hozir shunchaki taklif, transfer emas. Shu sababli, bu haqda gapirmagan bo‘lardim. Bizga xatlar kelmoqda. Futbolchilarimiz ketishi aniq bo‘lganida, e’lon qilamiz.
- Himoyachi Toirov haqida fikr bildirib o‘tsangiz?
- U kechagi mashg‘ulotda jarohat oldi. Jo‘raboyev ham xuddi shunday. Ular jarohat olmasa bo‘ldi. Gilerme jarohat olganida, men keyingi uchrashuvda Toirov o‘ynaydi, degan edim.
- Darvozabonlarimiz safida ham kuchayish kuzatiladimi?
- Yo‘q. Darvozabonlarga to‘liq ishonaman. Bizning darvozabonlar murabbiyimiz eng yaxshisi deya olaman. O‘tgan mavsumda darvozabon pozitsiyasida muammolar bor edi, yangi mavsumda esa yo‘q. To‘g‘ri, darvozabonlar xato qilishi mumkin, ammo ular futbol o‘ynamoqda. Futbol o‘ynash muhim, xato qilishdan qo‘rqmaslik kerak.
- O‘zbekiston kubogi musobaqasini ko‘plab kuchli jamoalar tark etdi. "Navbahor" ushbu mavsum kubokni qo‘lga kiritishi mumkinmi?
- Bizda ambitsiyalar bor, ammo bu futbol. Men hech qanday favoritlarni ko‘rmayapman. Kubokni qo‘lga kiritadigan jamoa OChLga yo‘l oladi. Ayrim jamoalar faqatgina kubokka e’tibor qaratadi. Sababi, Superliga orqali medallarni qo‘lga kiritishni qiyin ekanligini bilishadi. 90-yillarda Kubok bahslariga ko‘pgina jamoalar jiddiy e’tibor qaratmas edi. Hozir esa Kubok musobaqasidagi g‘oliblik, xalqaro musobaqada ishtirok etishning yagona yo‘li.
- O‘yin qaydnomasi dan Xoldorxonov va Ubaydullaevlar joy olishmadi. Buning sababi nimada?
- Hujum chizig‘ida raqobat kuchli deb aytib o‘tdim. Taklifi bor futbolchilar ham shular. Agar ularni sota olsak, klub qanchadir mablag‘ ishlab oladi. Biz 6:0 hisobida g‘alaba qozondikmi? Demak, to‘g‘ri qaror qabul qilganmiz.

Futbol
Bugun da 15:36

Futbol
Bugun da 13:31

Futbol
Bugun da 09:57