locale OZ

Sergey Lushan: «Derbi o‘z nomi bilan derbi»

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Sergey Lushan: «Derbi o‘z nomi bilan derbi»
Photo: Navbakhor PFK

O‘zbekiston Superligasining 18-turidan o‘rin olgan “Andijon” – “Navbahor” (0:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Sergey Lushan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.

- O‘yin haqidagi fikringiz?

- Qiyin bahsni o‘tkazdik. “Andijon”ga qarshi kechadigan bellashuvlar doimo og‘ir bo‘ladi. Bir yarim yildan beri Namanganda ishlab kelyapman va shu vaqt davomida andijonliklarga qarshi qancha o‘yin o‘tkazgan bo‘lsak, hech biri oson bo‘lmagan. Derbi o‘z nomi bilan derbi. Futbolchilarga rahmat, bugungi ko‘rsatmalarni 90 foizga to‘g‘ri bajardilar. Ketma-ket ikkita durangdan so‘ng, g‘alaba qozonganimiz yaxshi bo‘ldi. O‘ylaymanki, ushbu yutuq jamoamizga oldinga qarab ishlash va rivojlanish uchun turtki beradi. Raqibning ko‘plab hujumlarini to‘xtatib qoldik. Albatta, o‘zimiz ko‘p hujum qilmadik, lekin ijobiy natija qayd eta oldik. Qo‘lga kiritilgan zafar bilan futbolchilarimiz va muxlislarni tabriklayman.

- O‘tgan turdagi “So‘g‘diyona” bilan bo‘lgan uchrashuvda asosiy tarkibda boshlagan futbolchilardan bir nechtasi bugun asosiy tarkibda o‘ynamadi. Bu nima bilan bog‘liq?

- Avvalgi o‘yindan keyin ham aytgandim, biz yozgi yig‘inni ko‘ngildagidek o‘tkaza olmadik. Qariyb 70 foiz futbolchilar yig‘inda ishtirok eta olishmadi. Legionerlar ikkinchi davra boshlanishiga besh kun qolganda, Jiyanov va Mirsaidovlar esa 4 kun qolganda safimizga qo‘shilishdi. Bu esa mashg‘ulotlarda o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Hozirgi paytda hamma mashg‘ulotlarda qatnashyapti va o‘zini ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Qo‘shimcha mashqlar bajarishyapti. O‘yindan-o‘yinga kuchayib boramiz, deb umid qilaman. Boltaboev ham endi-endi jamoaga kirishib ketmoqda. “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘tkaziladigan O‘zbekiston kubogi uchrashuviga qadar hamma yaxshi formada bo‘ladi, deb o‘ylayman.

- O‘yindan qoniqdingizmi?

- Ha, jamoamizning harakatidan qoniqdim. Ta’kidlaganimdek, futbolchilar ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bajardilar. Chiroyli gol ham urdik. Biz hozir jamoa tuzish va shakllantirish ustida ishlayapmiz. Qiyin uchrashuvlar orqali bunga erishamiz.

- Jamoa sardori Azim Ahmedov nima uchun maydonga tushmayapti?

- Bu raqobat bilan bog‘liq. Albatta, Azim Ahmedov kuchli futbolchi, u nafaqat maydonda, balki jamoa ichida ham yetakchi. Lekin himoya chizig‘imizda braziliyaliklar yaxshi ko‘rinmoqda. Ulardan kimdir safdan chiqsa, Azim o‘rnini to‘ldiradi. Bir tomondan zaxira o‘rindig‘imizda shunday o‘yinchi borligi yaxshi, chunki istalgan payt uni maydonga tushirib, foydalana olamiz.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting