«Neftchi» vakillari Kuala-Lumpurga yetib bordi
«Neftchi» klubi vakillari Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) tomonidan tashkil etiladigan AFC Champions League Elite 2026/27 musobaqasi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etish uchun Malayziyaning Kuala-Lumpur shahriga yetib bordi.
Klub nomidan ushbu tadbirlarda ijrochi direktor Zohidjon G‘ofurov, matbuot kotibi Saidafzal Abdullayev hamda klub xalqaro bo‘limi vakili Nurillo Subhonov ishtirok etadi.
17-avgust kuni musobaqada ishtirok etuvchi klublar vakillari uchun maxsus Club Workshop — klublar seminari o‘tkaziladi.
Seminar davomida ishtirokchi klublarga OFK musobaqalarini o‘tkazish tartibi va talablari bo‘yicha batafsil ma’lumot beriladi. Jumladan:
— musobaqa haqida umumiy ma’lumotlar;
— uchrashuvlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi;
— hakamlik;
— xavfsizlik masalalari;
— tijoriy tadbirlar;
— translyatsiya jarayonlari;
— stadion tablosida namoyish etiladigan ma’lumotlar;
— media tadbirlar;
— VAR va futbol texnologiyalari;
— tibbiyot va anti-doping masalalari;
— AFCAS — OFK musobaqalarini boshqarish platformasidan foydalanish tartibi.
Shuningdek, seminarda AFC Champions League Elite 2026/27 liga bosqichi qur’asi qanday tamoyillar asosida o‘tkazilishi ham tushuntiriladi.
18-avgust kuni esa AFC Champions League Elite 2026/27 liga bosqichiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
«Neftchi»ning Osiyoning eng nufuzli klublar musobaqasidagi raqiblari aynan shu qur’a natijasida aniqlanadi.