«Neftchi» tahlilchi faoliyatini «Kalyari»da davom ettirishi mumkin
«Neftchi» murabbiylar shtabi a’zosi, tahlilchi (analitik) mutaxassis Fakundo Stik o‘zaro kelishuvga ko‘ra jamoadagi faoliyatini yakunladi.
Bunga argentinalik mutaxassisning Yevropaning top ligasiga yo‘l olishi sabab bo‘ldi. Uning yangi manzili A Seriyaning «Kalyari» bo‘lishi kutilmoqda.
«Fakundo Stik jamoamiz safiga mavsum avvalida kelib qo‘shilgan bo‘lib, yanvar oyidan buyon bosh murabbiy Islombek Ismoilov va murabbiylar shtabiga analitika yo‘nalishida yaqindan yordam berib keldi. Uning zamonaviy futbolga bo‘lgan qarashlari, raqiblarni tahlil qilishdagi tajribasi hamda o‘z ishiga bo‘lgan professional yondashuvi jamoamizning ko‘plab muvaffaqiyatlarida muhim o‘rin tutdi.
Mutaxassis mart oyida jamoamiz bilan birgalikda O‘zbekiston superkubogini qo‘lga kiritib, klubimiz tarixidagi yorqin sahifalardan biriga o‘z hissasini qo‘shdi. Qisqa vaqt ichida u nafaqat malakali mutaxassis, balki jamoamizning hurmatga sazovor insonlaridan biriga aylandi.
Fakundo Stikka klubimiz nomidan fidokorona mehnati, professionalligi va jamoamiz rivoji yo‘lida qo‘shgan hissasi uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz.
Kelgusi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, yangi zafarlar va yorqin natijalar tilab qolamiz!
Rahmat barchasi uchun, Fakundo!» — deyiladi klub xabarida.